Yoshlar va taʼlim: Beqiyos oʻzgarishlarning amaliy ifodasi

09:41 29 Sentyabr 2020 Jamiyat
510 0

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishga alohida eʼtibor qaratilib, farzandlarimizning jahon andozalari darajasida zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi, jismonan va maʼnan yetuk insonlar boʻlib ulgʻayishi, ularning qobiliyat va isteʼdodini, intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat va fidoyilik tuygʻularini yuksaltirish borasida qator islohotlar amalga oshirilmoqda.

Davlat siyosatining asosiy boʻgʻini boʻlgan yoshlar va ularning taʼlim-tarbiyasiga doir masalalar yana-da dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Chunonchi, yoshlar tarbiyasi va kamolotida taʼlim muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, uzluksiz taʼlim, kasb-hunarni rivojlantirishga eʼtibor yigit-qizlarning jamiyatda muhim oʻrin egallashlari uchun koʻmak beryapti.

Alohida qayd etish lozimki, pandemiya tufayli taʼlim sohasi ham katta sinovlarga duch keldi. Onlayn darslar tashkil etildi, farzandlarimiz taʼlim-tarbiyadan uzilib qolmasligi uchun murakkabliklarga qaramay muhim choralar koʻrildi.

Yaqinda Prezidentimiz tomonidan imzolangan Oʻzbekiston Respublikasining «Taʼlim toʻgʻrisida»gi Qonunining asosiy maqsadi ham har qanday sharoitda taʼlim sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, yoshlarning bilim olish imkoniyatlarini yana-da kengaytirishga xizmat qilish hisoblanadi. Qonunning yangi tahririda taʼlim va tarbiyaga milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarning singdirilganligi prinsiplari qayd etilgan.

Qonunga muvofiq, taʼlim turlari quyidagilardan iborat:

· maktabgacha taʼlim va tarbiya;

· umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim;

· professional taʼlim;

· oliy taʼlim;

· oliy taʼlimdan keyingi taʼlim;

· kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

· maktabdan tashqari taʼlim.

Qonunga koʻra, davlat oliy taʼlim, oʻrta maxsus, professional taʼlim muassasalari va ularning filiallari, shuningdek, davlat ishtirokidagi oliy, oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari Prezident yoki Hukumat qarorlari bilan tashkil etiladi.

Nodavlat taʼlim muassasalarini tashkil etish ularning taʼsischilari tomonidan amalga oshiriladi.

Nodavlat taʼlim tashkilotlariga litsenziya Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan beriladi.

Uzoq yillar davomida toʻplanib qolgan tizim bilan bogʻliq muammolar bosqichma-bosqich hal etilyapti. Birgina oliy taʼlim tizimida oxirgi uch yil davomida amalga oshirilgan ishlar xususida toʻxtalsak. Respublikada 45 ta yangi oliy taʼlim muassasalari, jumladan, 30 ta mahalliy va 15 ta xorijiy oliy taʼlim muassasalarining filiallari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, oliy taʼlim muassasalari soni 125 taga yetkazildi. 22 ta xorijiy davlatlarning 104 ta yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan qoʻshma taʼlim dasturlari joriy etildi. Yoshlarni taʼlim bilan qamrab olish darajasi 25 foizga yetkazildi. Xalqaro ilgʻor tajribalar asosida professional taʼlim tizimini takomillashtirish, boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus, professional taʼlim bosqichlari va ularga muvofiq taʼlim muassasalari turlari, variativ va uzluksiz kasbiy taʼlim dasturlari tizimi kiritildi.

Qonunning yangi tahrirdagi namunasini ishlab chiqish jarayonida xalqaro tajriba oʻrganilib, rivojlangan davlatlarning samarador uslublari milliy taʼlim tizimimizga joriy etilishi inobatga olindi. Soha va tizimda saqlanib qolinayotgan va hal qilinishi zarur boʻlgan muammolar va masalalar ham atroflicha oʻrganildi. Bularning barchasi taʼlim sifatini oshirishga qaratilgandir.

“Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson boʻlib kamolga yetishi bilan bogʻliq. Bizning asosiy vazifamiz — yoshlarning oʻz salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat” degan edi Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida soʻzlagan nutqida. Yoshlarning taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi, yetuk insonlar boʻlib ulgʻayishi yoʻlida zamonaviy, ilgʻor-innovatsion shart-sharoitlarni yaratib berish uchun Oʻzbekiston bor kuch va imkoniyatlarini ishga solmoqda. Shu maqsadda Oʻzbekiston boshqa davlatlarni ham hamkorlikka chorlamoqda. Shu bois davlatimiz rahbari BMTning 75-sessiyasida soʻzlagan nutqida avgust oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida yoshlar huquqlariga bagʻishlangan Samarqand xalqaro forumi oʻtkazilganini eslab, jahon hamjamiyatini Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti konvensiyasi qabul qilish boʻyicha Oʻzbekiston tashabbusini qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qabul qilinishi kutilayotgan Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi jahon miqyosida yoshlar haq-huquqlarini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Oʻz-oʻzidan bu tashabbus mahsuli taʼlim tizimiga ham oʻzining ijobiy taʼsirini oʻtkazmay qolmaydi.

Gulshana XUDOYOROVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?