Yoshlar tarbiyasida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tanqid qilindi

10:07 21 Noyabr 2018 Jamiyat
536 0

Illyustrativ foto

Bola tarbiyasi hamma uchun birdek masʼuliyatli vazifa. Ammo bitta tumanda voyaga yetmaganlar va yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar umumiy jinoyatlarning qariyb uchdan birini, yaʼni 38,3 foizini tashkil etsa, bunga kim javob beradi?

Eng yomoni, koʻngilochar maskanlarda tungi vaqtlarda voyaga yetmagan oʻsmirlar boʻlgani aniqlanib, ularning katta qismi maktab oʻquvchilari ekani qayd etilsa-chi?

Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish Respublika komissiyasi hamda xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashining qoʻshma yigʻilishida ayni shu savollar oʻrtaga tashlandi. Respublika komissiyasi va 1-mintaqaviy ishchi guruhi aʼzolari, senator va deputatlar hamda masʼul idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirokida qator dolzarb masalalar muhokama etildi.

Jumladan, viloyatda joriy yilning oʻtgan oʻn oyida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlarni oʻrganish natijalari tahlil qilindi.

Oʻtgan davrda hududda bu yoʻnalishda muayyan saʼy-harakatlar qilingan. Profilaktika ishlari doirasida viloyatning jinoyat koʻp sodir etilgan mahallalari tanlanib, ushbu fuqarolar yigʻinlarini bu yoʻnalishdagi namunaviy mahallaga aylantirishga qaratilgan “yoʻl xaritalari” ishlab chiqilgan va ijro etilmoqda.

“Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati” tizimi doirasida vakolatli davlat idoralari, mahalla, Xotin-qizlar qoʻmitasi hamda yoshlar tashkilotlari tomonidan jinoyatning tub sabablari va ularni keltirib chiqargan omillar oʻrganilib, qayta sodir etilmasligi uchun zarur chora-tadbirlar, aybdorlarga nisbatan qonun ustuvorligi hamda jazo muqarrarligi doirasida qatʼiy choralar koʻrilayotgani taʼkidlandi.

Biroq yutuqlar qatorida viloyatda ayrim yoʻnalishlarda kamchiliklar ham borligi aniqlangan. Xususan, tahlil etilayotgan yoʻnalishda sektorlar faoliyati hamda davlat va jamoat tashkilotlarining oʻzaro hamkorligi toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagani natijasida qasddan odam oʻldirish, bosqinchilik, odam oʻlimi bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisasi kabi ogʻir jinoyatlar soni Fargʻona, Qoʻqon, Quvasoy, Margʻilon shaharlari, Oltiariq, Quva, Buvayda, Bagʻdod, Beshariq, Qoʻshtepa, Toshloq, Soʻx,Rishton, Fargʻona, Furqat tumanlarida oshgan.

Bunday noxush statistikaning sabablari tahlil qilinar ekan, aksariyat hollarda jinoyatlar sodir etilishiga oilaviy munosabatlarning keskinlashuvi, fuqarolar iqtisodiy ahvolining yomonlashuvi, qolaversa, mahalla va jamoatchilikning notinch oilalarga nisbatan loqaydligi sabab boʻlayotgani aytib oʻtildi.

Shuningdek, yigʻilishda taʼlim muassasalari, Yoshlar ittifoqi, voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiyalar va boshqa mutasaddi idoralar faoliyati ham kutilgan natijalarni bermayotgani tanqid ostiga olindi. Yakunda hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish boʻyicha Respublika komissiyasi hamda xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashining qoʻshma qarori qabul qilindi.

Yigʻilishda Respublika komissiyasi Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N. Yoʻldoshev ishtirok etdi.
Elyorjon EHSONOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?