Yoshlar parlamentining birinchi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda tashkiliy masala ko'rildi

15:01 30 Iyul 2020 Jamiyat
217 0

Bugun, 30-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamentining videokonfrensaloqa tarzida birinchi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda tashkiliy masalalar koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosini taʼminlash maqsadida Senat huzurida Yoshlar parlamenti tashkil etildi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari, Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi hamda Yoshlar ittifoqi tavsiyasiga asosan Senat Kengashi tomonidan Yoshlar parlamenti aʼzolari tasdiqlandi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev Yoshlar parlamenti aʼzolarini samimiy qutlab, turli yoʻnalishlarda Vatanga sadoqat bilan ishlayotgan, taʼlim olayotgan, tashabbuskor, yuksak maʼnaviyatli, mustaqil fikrlovchi, qatʼiy hayotiy nuqtayi nazarga, keng dunyoqarash va chuqur bilim hamda liderlik salohiyatiga ega oʻgʻil-qizlar ushbu tuzilmadan joy olganini taʼkidladi.

– Yelkangizdagi ulkan masʼuliyatni chuqur his qilib, bildirilgan yuksak ishonchni oqlashingizga, yurtimizdagi millionlab yoshlarning yuqori palatadagi munosib vakili boʻlishingizga ishonamiz, – dedi Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi B.Sayfullayev. – Mamlakatimizda soʻnggi yillarda yoshlar nafaqat ertaning bunyodkori, balki bugunning hal qiluvchi kuchi sifatida oʻzlarini namoyon qilishlari uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Yoshlar parlamentining komissiyalari Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus asosida yoʻnalishlarga ajratilgan. Ishonamizki, Komissiyalar aʼzolari oʻzlari masʼul boʻlgan yoʻnalishda beshta muhim tashabbusning chinakam xalq harakatiga aylanishiga ham munosib hissa qoʻshadilar. Yoshlar parlamenti oʻgʻil-qizlarimizning oʻz fikrlarini baralla aytishi uchun yuksak minbar boʻlishiga ishonch bildiriib, ularning har biri oʻz hududidagi yoshlarga tegishli muammolarini oʻrganib, sabablarini aniqlab, yechimlari yuzasidan takliflar ishlab chiqadi. Bu borada ularga kuch-quvvat tilayman.

Tadbirda kun tartibidagi masala – Yoshlar parlamenti raisi lavozimiga Muhammadyunusova Mohistara Muhammadilxom qizi nomzodi koʻrib chiqildi.

Mohistara Muhammadyunusova 1995-yil Andijon viloyati Marhamat tumanida tavallud topgan. U BMTning yuksak minbarlarida dadil chiqishlar qilgan shijoatli yoshlardan biri, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Toshkent shahridagi Vebster (Webster) universitetida tahsil olgan. Shu bilan birga, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi ingliz tili boʻyicha trener koordinatori, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti metodik taʼminot boʻlimi bosh mutaxassisi, ushbu institutning ilmiy boʻlimi bosh ilmiy xodimi, Respublika “Qizlar ovozi” klubi bosh koordinatori boʻlib faoliyat yuritgan. Shuningdek, Stenford universitetida tashkil etilgan “Xalqaro ayollar salomatligi va inson huquqlari” kursi tinglovchisi ham hisoblanadi.

Muhammadyunusova Mohistara Muhammadilhom qizi Yoshlar parlamenti raisi sifatida bir ovozdan maʼqullandi.

Majlisda Yoshlar parlamenti raisi oʻrinbosari – komissiya raislarini va Yoshlar parlamenti kotibini saylash, Yoshlar parlamenti Reglamenti hamda ish rejasi loyihalarini ishlab chiqish va boshqa tashkiliy masalalar koʻrib chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?