Yoshlar manfaatlarini ta’minlashda samarali muloqot

17:25 12 Iyun 2018 Siyosat
259 0

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida BMT Bosh kotibining Yoshlar ishlari bo‘yicha vakili Jayatma Vikramanayake boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida mehmonlarga mamlakatimizda barcha sohada olib borilayotgan izchil islohotlar, ayniqsa, tizimli ravishda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati haqida so‘zlab berildi. Parlament quyi palatasida tuzilgan Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya hamda uning asosiy faoliyatiga mufassal to‘xtalib o‘tildi. Qayd etilganidek, mazkur komissiya yigit-qizlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishlarini ta’minlash, ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy faolligini yuksaltirish, ilg‘or g‘oya va tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bu boradagi huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli sa’y-harakatlarni ro‘yobga chiqarmoqda. Shuningdek, u yoshlarga oid davlat siyosati sohasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, xorijiy mamlakatlar parlament vakillari bilan samarali muloqot hamda tajriba almashishda ham faol qatnashyapti.

Uchrashuvda Xitoy Xalq Respublikasining Sindao shahrida bo‘lib o‘tgan SHHTning navbatdagi sammitida Prezident Shavkat Mirziyoyev taklifiga ko‘ra, tashkilotga a’zo davlat rahbarlarining Yoshlarga qo‘shma murojaati qabul qilinganiga alohida urg‘u berilib, bu O‘zbekistonning yoshlar masalasiga naqadar jiddiy yondashishini namoyon etgani ta’kidlandi. 

O‘z navbatida, mehmon BMTning 2015 — 2030 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot dasturidagi vazifalar Harakatlar strategiyasida belgilangan maqsadlar bilan hamohang ekanini aytib o‘tdi. Ayni chog‘da nafaqat Toshkent shahri, balki viloyatlarda bo‘lib, yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish niyatida ekanini bildirdi.

BMT Bosh kotibining Yoshlar masalalari bo‘yicha vakili Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti qoshida tashkil qilingan “Yosh qonunshunoslar klubi” taqdimot marosimida ham ishtirok etdi.
Munisxon KARIMOVA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?