Yoshlar manfaatlarini kafolatlash ​​​​​​​tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanishning muhim shartidir

21:05 07 Oktyabr 2019 Jamiyat
132 0

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Kecha poytaxtimizda “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yoʻlida yoshlar huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzuida xalqaro konferensiya boshlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi hukumati tashabbusi bilan Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi va BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan mazkur 6-seminarda tashkilotga aʼzo va kuzatuvchi maqomidagi 50 dan ziyod davlatlardan ekspertlar hamda ushbu mamlakatlarning inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha milliy institutlari vakillari ishtirok etmoqda. Anjumanda, shuningdek, BMT, YUNODS, YUNESKO, YUNISEF, YUNFPA, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Yevropa Kengashi, SHHT, AYSESKO kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar, qator xorijiy davlatlarning Oʻzbekistondagi elchixonalari vakillari qatnashmoqda.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”

Taʼkidlash kerakki, Islom hamkorlik tashkilotiga 1969-yil 25-sentyabrda Marokash poytaxti Rabotda oʻtkazilgan islom davlatlari rahbarlarining birinchi yigʻilishida asos solingan edi. Bosh qarorgohi Saudiya Arabistonining Jidda shahrida joylashgan. Bugungi kunda 57 ta mamlakat uning aʼzolari hisoblanadi.

IHT makoni dunyodagi eng koʻp yoshlar yashayotgan hudud hisoblanadi. Taxminlarga qaraganda, 2050-yilga borib butun dunyo yoshlarining uchdan bir qismi IHT mamlakatlarida istiqomat qiladi. Bu mazkur hududlarda sanoat, innovatsiya va taraqqiyot borasidagi beqiyos salohiyatu imkoniyatlar mavjudligidan darak beradi.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”

IHTga aʼzo davlatlar bunday ulkan salohiyatdan samarali foydalanishlari uchun yoshlar bilan bogʻliq jiddiy muammolarni hal qilishlari lozim. Shu kabi masalalar, xususan, yoshlar huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirish boʻyicha mavjud xalqaro va mintaqaviy mexanizmlarni tahlil qilish maqsadida IHTning Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi Toshkent shahrida seminar oʻtkazmoqda. Shu bilan birga, tadbir ishtirokchilari oʻzaro muloqotlar asnosida bu borada tajriba ham almashmoqdalar.

Anjumanda IHTga aʼzo mamlakatlar yoshlari oʻz huquqlaridan toʻla foydalanishida duch kelayotgan asosiy muammolarga eʼtibor qaratilmoqda. Qatnashchilar oʻz mamlakatlari yoshlariga doir davlat siyosati va joriy dsturlar tahlili boʻyicha xulosalarini taqdim etyapti.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”

Yillik 6-seminar yakunida aʼzo mamlakatlar uchun tavsiyalar majmuini oʻzida mujassam etgan hujjat qabul qilinadi. Bugunoʻz yakuniga yetadigan anjumanda qabul qilinadigan ushbu hujjat IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi sessiyasiga taqdim etiladi.

***

Tadbir doirasida Toshkent shahrida mazkur xalqaro seminarga tashrif buyurgan IHT Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasining Birlashgan Arab Amirliklari, Gabon, Ozarbayjon, Pokiston, Uganda va Kuvayt davlatlaridan saylangan yangi aʼzolarining qasamyod qabul qilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”

Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashi tomonidan mazkur tashkilotning Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiya aʼzolari uch yil muddatga, bir marta qayta saylanish imkoniyati bilan saylanadilar. Tadbirda yangi aʼzolarga Komissiyaning tuzilishi, tarixi va vazifalari haqida axborot berildi.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”

Soʻz — ishtirokchilarga

Maxa AKIL,

Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibi vakili:

— Tashkilotimiz oldida yoshlar bandligini taʼminlash orqali ular oʻrtasidagi jinoyatchilikni bartaraf etish vazifasi turibdi. Buning uchun ularning taʼlim olishi boʻyicha maxsus ishlab chiqilgan konsepsiya mexanizmlaridan foydalanamiz. Shuningdek, gender tengligi, taʼlim olish, iqtisodiy yuksalish, adolatning taʼminlanishi va tinchlik kabi beshta muhim strategiya boʻyicha hujjat qabul qilingan. Navqiron avlod vakillari oʻz tashabbus va salohiyatlarini roʻyobga chiqarish orqali munosib jamiyat shakllanishiga hamda mamlakatlari barqarorligini taʼminlashga amalda hissalarini qoʻshishlari uchun mazkur sohada hamkorlik qilish biz uchun muhim ahamiyatga ega. Mazkur seminar IHTga aʼzo barcha davlatlarning yoshlar borasidagi huquqiy, maʼmuriy va siyosiy strategiyasini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi, shubhasiz.

Richard KOMENDA,

BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasi vakili:

— Koʻplab yoshlar oʻz huquqlarining toptalishiga va zoʻrovonliklarga duch kelmoqda. Shu bois ham hozir koʻtarilayotgan masala biz uchun juda muhim. Yoshlar muammolari boʻyicha koʻplab omillarga sabab boʻlayotgan global chaqiriqlar bor. Mehnat bozorida ular uchun teng sharoitlar yaratish masalasidagi qonunbuzilish holatlari shulardan biridir. Afsuski, yoshlar muammolarini hal etishda barcha mexanizmlardan foydalanilmayapti. Koʻpincha ular faqat maslahatlashuvlar bilan cheklanishmoqda. Yoshlar qatlamining jamiyatga moslashish jarayonida hamkorlik qilishimiz shart. Baʼzi mamlakatlarda oʻsmir yigit va qizlar ijtimoiy-siyosiy hayotdan va muhim siyosiy qarorlar qabul qilinishida chetda qolib ketmoqda. Ijtimoiy jamiyatda ularning faolligini oshirish dolzarb masalalardan biridir. Mavjud muammolarni hamkorlikdagi saʼy-harakatlar orqali hal etish lozim.

Ashita MITTAL,

BMTning narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakili:

— Biz yoshlarning turli jinoiy guruhlar va radikal harakatlarga qoʻshilib ketish darajasini kamaytirish maqsadida navqiron avlod vakillarining tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlaymiz. Huquq va erkinlikdan har bir inson foydalanishi shart, lekin yoshi nuqtayi nazaridan, u alohida qatlamlar uchun chegaralanishi lozim. Bu esa oʻsib kelayotgan avlodga salbiy taʼsir qilmasligi lozim. Mazkur seminarda koʻtarilayotgan masalalar orasida yoshlar bandligi ham bor. Mamlakatlarda taʼlim olishda har bir yosh uchun teng imkoniyatlar boʻlishi zarur. Qolaversa, bu tamoyil kelib chiqishidan qatʼiy nazar, mehnat bozorida ham amaliyotga tatbiq etilishi lozim. Yoshlar huquqlarini taʼminlashda samaradorlikka erishish uchun hamkorlik qilishimiz zarur. Biz bu borada Oʻzbekiston va qator xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda ishlashga tayyormiz.

Yunus BOʻRONOV

(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?