"Yoshlar korrupsiyaga qarshimiz" tanlovining gʻoliblari aniqlandi

14:42 16 Dekabr 2018 Jamiyat
737 0

Foto: “Xalq soʻzi Online”

— Bu illat insonlarni sogʻliqni saqlash, taʼlim va davlat tizimining boshqa sohalaridagi xizmatlardan teng foydalanish imkoniyatlaridan mahrum qiladi, — deya taʼkidladi BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi vakili Ashita Mittal tadbir avvalida. — Yoshlar qonun ustuvorligi va davlatning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi saʼy-harakatlari toʻgʻrisida yaxshiroq oʻrganishi, ziyoli avlod boʻlib yetishishi kerak. Chunki bu sogʻlom demokratiya uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Korrupsiyaga qarshi kurashish mansabdor shaxslarning oʻz faoliyatidagi masʼuliyatini his qilishi va sadoqat bilan xizmat qilishini taʼminlaydi.

Shu maʼnoda, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi “Yoshlar press klubi”da “Biz yoshlar yurtimizga xizmat qilishda vijdonli, insofli va halol boʻlishimiz shart” shiori ostidagi koʻrik tanlovning respublika bosqichi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Yakuniy natijalarga koʻra, “Eng yaxshi plakat” nominatsiyasi boʻyicha Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti talabasi Umid Norchayev hamda Angren transport va xizmat koʻrsatish kasb-hunar kolleji oʻquvchisi Viktoriya Yakimov, “Eng yaxshi surat“ nominatsiyasida Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasi Ziyotbek Otakshiyev va Nukus avtomobil yoʻllari kasb-hunar kolleji oʻquvchisi Turanbek Jalgasbayev hamda “Eng yaxshi bayon” nominatsiyasi boʻyicha Buxoro davlat tibbiyot instituti talabasi Muhriddin Nayimova Margʻilon pedagogika kolleji oʻquvchisi Nilufar Muzaffarovalar gʻolib deb topildi.

—Ushbu tanlovga korrupsion muhit aks etgan suratlarim bilan ishtirok etdim.— deydi Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasi Ziyotbek Otakshiyev. Ijodiy ishimda oʻz xizmat lavozimini suisteʼmol qilgan holda davlat mulkiga xiyonat qilayotgan mansabdor shaxslarning taraqqiyot kushandasiga aylanayotganligi, bu illat mamlakatni ich-ichidan yemirib borishini tasvirladim va gʻolib boʻldim.

Yulduz OʻRMONOVA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?