Yosh ijodkorlar muammolari ochiq muloqotda muhokama qilindi

11:55 05 Fevral 2020 Madaniyat
164 0

Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasida yosh ijodkorlar bilan 2019-yilda amalga oshirilgan hamda joriy yilda rejalashtirilgan vazifalar, yoshlarning takliflarini tinglash yuzasidan ochiq muloqot tashkil etildi. Unda uyushma rahbariyati, “Ijod” jamoat fondi rahbar hamda boʻlim boshliqlari, uyushma muassisligidagi gazeta va jurnallar vakillari hamda yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda asosan yoshlarning fikr-mulohazalari eshitildi. Xususan, adabiy nashrlarning obunachilarini oshirish va xalq orasida ommalashtirish, uyushma sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar faoliyatini takomillashtirish, qolaversa, ijodiy ishlar uchun beriladigan qalam haqi va yosh ijodkorlar uchun qurilayotgan uylar taqsimoti mezonlari toʻgʻrisida savol va takliflar bilan yoshlar murojaati tinglandi.

Davra suhbatida, shuningdek, Zomin seminari, “Birinchi kitobim” loyihasida 22 nafar yosh ijodkorning 19 nomdagi kitoblari nashr etilgani va ularning keng jamoatchilik tomonidan koʻtarinki ruhda qabul qilingani alohida taʼkidlab oʻtildi. Maʼlumotlarga koʻra, yosh ijodkorlar bilan ishlash boʻlimi qoshida faoliyat yuritayotgan, “Onajonim, sheʼriyat” toʻgaragi qatorida “Dilkoʻprik” (tarjima), “Umid” (nasr), “Nigoh” (adabiy tanqid) toʻgaraklariga yuz nafardan ziyod ijodkor yoshlar qamrab olingan, bunda katta tajribaga ega shoir, yozuvchi, tarjimon hamda adabiyotshunoslar bilan ijodiy uchrashuvlar,shoir va adiblarning uy-muzeylariga sayohatlar tashkillashtiriladi hamda adabiy toʻgaraklarda mahorat darslarini olib borayotgan ustoz ijodkorlar moddiy ragʻbatlantiriladi.

— Bugun aytilmagan ancha gaplar aytildi, — deydi Suhrob Ziyodov, yosh ijodkor. — Ilgari bunday ochiq muloqot boʻlmagani uchun birdan oʻtkazilgan bu davra suhbati avvalboshda bizni biroz hadiksiratdi. Ammo keyin tanqidiy fikr va munosabatlar ham xolis qabul qilinganligini koʻrib, koʻp yoshlar oʻz soʻzini ochiq ayta oldi. Oʻylaymizki, koʻtarilgan masalalar kelgusida oʻz yechimini topadi. Bu borada biz yosh ijodkorlar ham albatta kamarbasta xizmat qilamiz.

Ishtirokchilarning har bir fikri ustoz ijodkorlar tomonidan eʼtibor bilan tinglandi hamda faol yoshlar Yozuvchilar uyushmasi Yosh ijodkorlar bilan ishlash boʻlimi tomonidan esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Yulduz OʻRMONOVA,

“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?