Yoshlar ittifoqi rahbari BAAning Oʻzbekistondagi elchisi bilan uchrashdi

14:46 11 Mart 2020 Jamiyat
250 0

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Alisher Saʼdullayev Birlashgan Arab Amirliklarining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Said Matar Sulton as-Siri al-Kamzi bilan uchrashuv oʻtkazdi. Unda Oʻzbekiston va Birlashgan Arab Amirliklarining yoshlari masalalarida hamkorlik qilish boʻyicha oʻzaro fikr-mulohazalar almashildi.

Unda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi vakillari tomonidan davlatimiz rahbarining yoshlar siyosatini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan beshta tashabbusi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ushbu tashkilot faoliyati yuzasidan maʼlumot berildi. Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan “Ekspo-2020“ xalqaro koʻrgazmasi uchun tayyorgarlik ishlari eʼtirof etildi.

Elchi ham BAAda yoshlarga oid amalga oshirilayotgan islohotlar toʻgʻrisida soʻz yuritdi. Oʻzbekistondagi olib borilayotgan yoshlar siyosatiga iliq munosabat bildirdi.

Said Matar Sulton as-Siri al-Kamzi Dubay shahrida oʻtkaziladigan “Ekspo-2020“ xalqaro koʻrgazmasi doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida yoshlarning ishtirokiga alohida urgʻu berdi. Xalqaro hamkorlik uchrashuvlariga ham yosh kadrlarni jalb qilish kerakligini qayd etdi.

Bundan tashqari, hamkorlik muloqotida ikki davlat taʼlim tizimini yana-da rivojlantirish maqsadida yoshlar uchun maxsus talabalar almashinuv dasturlarini tashkil etish va oʻzbek yoshlarining Birlashgan Arab Amirliklaridagi Diplomatiya Akademiyasida malakalarini oshirish taklifi ham ilgari surildi.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi vakillarining xalqaro texnologiyalar, yoshlar tadbirkorligi, taʼlim va ekologiya sohalarida ikki davlat yoshlari uchun maxsus inkubatorlar tashkil etish va tajriba almashinuviga qaratilgan ikki mamlakat yoshlari uchrashuvlarini amalga oshirish bilan bogʻliq takliflari BAAning Oʻzbekistondagi vakillari tomonidan maʼqullandi.

Uchrashuv yakunida BAAning Oʻzbekistondagi elchixonasi va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan BAA va Oʻzbekiston yoshlari hamkorligini rivojlantirish masalasida kelgusidagi rejalar tuzib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?