Yoshlar Ittifoqi xorijda yashovchi yosh vatandoshlarni O‘zbekistonga chorlamoqda

17:32 09 Aprel 2018 Jamiyat
609 0


Shu yilning 10-16 aprel kunlari O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda “O‘zbekiston yoshlari” Umumjahon assotsiatsiya tomonidan mamlakatimizda ilk bor “Yosh vatandoshlar” festivali o‘tkaziladi. 

Mazkur tadbirda xorijda istiqomat qilayotgan, uzoq muddatga o‘qishga, ishga ketgan, turli xil yo‘nalishlarda muvaffaqiyatga erishgan 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan o‘zbekistonlik yigit-qizlar ishtirok etishi kutilmoqda. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashida festival oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu haqda ma’lumot berildi. 

Qayd etilganidek, festival Toshkent, Samarqand, Buxoro shaharlarida bo‘lib o‘tadi. Unda qatnashish uchun AQSh, Rossiya, Yaponiya, Turkiya, Pokiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va boshqa davlatlardan 70 ga yaqin yoshlar taklif etilgan.

Festival doirasida yoshlar forumi, tadbirkorlik, fan, ta’lim, axborot texnologiyalari, san’at yo‘nalishlari bo‘yicha uchrashuvlar, mahorat darslari, xalq sayillari, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, milliy liboslar ko‘rgazmasi, o‘zbek milliy cholg‘u asboblari namoyishi va konsert kechasi, milliy hunarmandchilik auksioni, milliy raqs va taomlar festivallari tashkil etiladi. Shuningdek, O‘zbekistonning turistik salohiyatini namoyish etuvchi kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Turli sport tadbirlari, jumladan, kurash, uloq (ko‘pkari) musobaqasi o‘tkaziladi. 

Festivalda xorijiy davlat elchixonalari va xalqaro nufuzli tashkilotlarning yurtimizdagi vakolatxonalari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Dilshod KARIMOV.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?