Yoshlar huquqlari toʻgʻrisida Toshkent deklaratsiyasi imzolandi

11:27 09 Oktyabr 2019 Jamiyat
222 0

Toshkentda 7-8-oktyabr kunlari Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yoʻlida yoshlar huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi 6-seminari boʻlib oʻtdi.

Seminarning ikkinchi kuni komissiya aʼzolari anjumanning yakunlovchi hujjati loyihasini muhokama qildi. Xalqaro anjuman yalpi majlisida IHT Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi raisi Akmal Saidov taqdim etgan yakuniy hujjat – Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlarda yoshlar huquqlari toʻgʻrisida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.

Toshkent deklaratsiyasida xalqaro darajada va IHTga aʼzo mamlakatlar tomonidan yoshlar huquqlarini toʻla taʼminlash yoʻlida kelgusida amalga oshiriladigan muhim tashabbuslar bayon etilgan.

Mazkur hujjatda aks etgan, Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan inson huquqlari sohasida ilgari surilgan tashabbuslar barcha aʼzo davlatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan eʼtirof etildi.

– Toshkent seminarining mavzusi nafaqat ishtirokchi davlatlar, balki BMT uchun ham juda dolzarb, – deydi xalqaro ekspert, BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi vakili Jorj Xaronis. – Zero, BMT soʻnggi yillarda yoshlar masalasiga alohida eʼtibor qaratmoqda va bu borada keng qamrovli ishlar olib bormoqda. Jumladan, yaqinda tashkilotning yoshlar masalasiga oid strategiyasi qabul qilindi. Biz turli davlatlarda mazkur strategiya ijrosi doirasida yoshlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni kuzatib boryapmiz. Eʼtiborlisi, bugungi kunda Oʻzbekistonda olib borilayotgan yoshlar siyosati BMT tamoyillariga toʻla mos keladi. Biz Oʻzbekiston bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdormiz. Oʻylaymizki, Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlar oʻrtasida aloqalarni rivojlantirish yoʻlidagi bunday saʼy-harakatlar oʻz samarasini beradi.

Anjuman doirasida IHT Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi 6-seminari yakunlariga bagʻishlangan brifing tashkil etildi.

Unda Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi ijrochi direktori Margʻub Salim But, komissiya raisi oʻrinbosarlari doktor Rashid bin Hamid al-Balushiy va Adama Nana Toshkentda boʻlib oʻtgan xalqaro anjuman yakunlari yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillariga axborot berdi.

Jami 150 vakil qatnashgan yillik seminarning yalpi majlisida xalqaro va milliy mutaxassislar maʼruzalari tinglandi. Munozaralarda IHT komissiyasi aʼzolari, tashkilotga aʼzo davlatlar va inson huquqlari boʻyicha institutlar vakillari ishtirok etdi.

Qatnashchilar Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida ilgari surgan BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasini qabul qilish toʻgʻrisidagi tashabbusini qoʻllab-quvvatladi.

Islom taʼlimoti va xalqaro inson huquqlari meʼyorlariga muvofiq, yoshlar huquqlarini teran idrok etishni ragʻbatlantirish uchun tashkilotga aʼzo davlatlar va IHT Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish zarurligi taʼkidlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?