Yoshlar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

17:36 06 Fevral 2020 Jamiyat
728 0

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuror oʻrinbosari E.Yuldashev va Toshkent shahar prokurori B.Valiyevlar Chilonzor tumani sektor rahbarlari hamrohligida tuman yoshlari bilan uchrashishdi.

Dastlab, tuman hokimligi binosida Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi rahbariyati, 300 dan ortiq faol yoshlar ishtirok etgan samimiy ruhda oʻtgan uchrashuvda yoshlarning taklif va mulohazalari eshitildi, ularning taʼlim, sport, tadbirkorlik, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalardagi muammo va takliflarini hal etish boʻyicha masʼullarga topshiriqlar berildi.

Xususan, taekvando boʻyicha Oʻzbekiston chempioni K.Abdurasulovaning xalqaro musobaqaga borish xarajatlarini qoplashda yordam berish, talaba A.Ilyasovning imtiyozli kredit ajratish haqidagi iltimoslari Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan koʻrib chiqilib, hal etib beriladigan boʻldi.

Uchrashuv soʻngida, koʻzga koʻringan yutuqlarga erishgan oʻn nafar iqtidorli yoshlarga esdalik sovgʻalari topshirildi. Bir guruh yoshlarning Abdulla Qodiriy uy-muzeyiga sayohati tashkil qilindi.

Shuningdek, Chilonzor kovorking markazida Yoshlar ittifoqi kafilligi ostida ikki nafar yoshlar muddatidan avval jazodan ozod etish haqida sayyor sud majlisi boʻlib oʻtdi. UNICEFning “Jinoyat sodir qilgan voyaga yetmagan shaxslarni jinoiy taʼqibdan chiqarish” boʻyicha namunaviy loyihasi doirasida tuman hokimligi huzuridagi Voyaga yetmaganlar idoralararo komissiyasi qoshida tuzilgan ishchi guruh faoliyati bilan tanishildi.

Bundan tashqari, kovorking markazida “yosh startaperlar” bilan uchrashuv oʻtkazilib, ularning startap loyihalari bilan tanishildi, loyihalarni amalga oshirish uchun yoshlarga har tomonlama koʻmak berishga kelishildi.

Davlat xizmatlari markazida yosh tadbirkorlar bilan ochiq muloqot tashkil qilindi hamda tadbirkor boʻlish istagini bildirgan yoshlar bilan “Tadbirkor boʻlish uchun qoʻllanma” oʻquv seminari oʻtkazildi.

Shuningdek, tumandagi 217-sonli maktabda 5 ta tashabbus doirasida tashkil etilgan toʻgaraklar faoliyati bilan tanishilib, maktabga televizor, mini-pech va tikuv mashinasi sovgʻa qilindi.

Tumandagi maktablar oʻquvchilari oʻrtasida voleybol boʻyicha “prokuror kubogi” musobaqasining final bellashuvlari oʻtkazilib, ilk uchta oʻrinni egallagan 90, 188, 280-maktab jamoalariga kubok, medal va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Shundan soʻng, Toshkent avtomobil yoʻllarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti akademik litseyida Milliy gvardiya Chilonzor tumani boʻlimi harbiy xizmatchilarining “Vatanning sodiq farzandlari” nomli maxsus jangovar tayyorlik mashgʻuloti hamda harbiy texnikalar namoyishi tashkil qilindi. Tadbir yakunida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi xizmatlari uchun Milliy Gvardiya Chilonzor tuman boʻlinmasi oddiy askari M.Mamasoliyev va katta serjant N.Tursunqulovlarga faxriy diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Chilonzor tumani yoshlari bilan uchrashuvlar yakunida 188-maktabning uyda tahsil oluvchi 5-sinf oʻquvchisi, avtohalokat natijasida nogiron boʻlib qolgan M.Abdujabborovaning uyiga borilib, unga shaxsiy kompyuter sovgʻa qilindi hamda keyinchalik muntazam xabar olib turilishi belgilandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?