“Yosh yongʻin oʻchiruvchi” va “Oʻzbekiston Respublikasi IX-chempionati” musobaqalarining respublika bosqichiga tayyorgarlik koʻrilmoqda

14:08 10 May 2019 Jamiyat
306 0

Maʼlumki, navqiron davlatimiz, yoshlar mamlakati hisoblanadi. Shu sababli istiqlol yillarida yosh avlodni komil, har tomonlama yetuk inson qilib tarbiyalash ustuvor vazifalardan biriga aylandi. Eng quvonarlisi, bu masala davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.

“Yosh yongʻin oʻchiruvchi” va “Oʻzbekiston Respublikasi IX-chempionati” musobaqalarining respublika bosqichiga tayyorgarlik koʻrilmoqda. Bu haqda FVV YOXBB matbuot xizmati xabar berdi.

Yosh avlodni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazishda sportning oʻrni beqiyos. Shu bois mamlakatimizda yoshlar oʻrtasida sportning ommaviyligini oshirish, ularning sport bilan shugʻullanishi uchun keng imkoniyat va sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Respublikamizda umumtaʼlim, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilayotgan “Yosh yongʻin oʻchiruvchi” va “Oʻzbekiston Respublikasi chempionati” musobaqalari ham shular jumlasidandir.

Ushbu musobaqalarni oʻtkazib kelinishi bilan, oʻquvchilarni yongʻin oʻchiruvchi kasbiga qiziqtirish, ushbu yoʻnalishda targʻibot-tashviqot ishlarini keng koʻlamda olib borilishini taʼminlash, oʻquvchilarni yongʻin xavfsizligi boʻyicha amaliy koʻnikmalari hamda jismoniy tayyorgarligini oshirish, yongʻin xavfsizligi xizmatiga munosib, jismonan sogʻlom va jasur oʻsmirlarni tayyorlashda, yongʻin chogʻida toʻgʻri harakat qila bilish koʻnikmalari va mahoratini mustahkamlashda katta ahamiyatga ega.

Mazkur musobaqaning birinchi bosqichi joriy yilning 1-15 aprel kunlari tuman-shahar miqyosida har bir umumtaʼlim, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilib, ushbu bosqichda oʻquvchilar orasidan umum jismoniy tayyorgarlik, yaʼni turnikda tortilish, 100 hamda 1000 metrga yugurish turlari boʻyicha eng yaxshi natijalarni koʻrsatganlar aniqlandi. Gʻolib va sovrindorlar diplom hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanib, tuman-shahar terma jamoasi shakllantirildi va ikkinchi, yaʼni viloyat bosqichida ishtirok etish uchun yoʻllanma oldilar.

Musobaqaning ikkinchi bosqichi joriy yilning 1-18 may kunlari nazariy shartga koʻra ishtirokchilarning yongʻin xavfsizligi boʻyicha bilim saviyalari test sinovlari asosida hamda amaliy shartlarga koʻra “100 metrga toʻsiqlar osha yugurish”, “Ishgʻol qilish narvonida oʻquv minorasiga koʻtarilish” hamda “Yongʻin oʻchiruvchilar estafetasi” turlari boʻyicha oʻtkazilib kelinmoqda. Albatta ushbu bosqichda ham gʻolib va sovrindorlar medal, diplom va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlanmoqdalar hamda viloyat terma jamoasi shakllantirilib, uchinchi bosqichda, yaʼni respublika bosqichida ishtirok etish uchun yoʻllanma oladilar.

Sport musobaqasining respublika bosqichi joriy yilning 30 may kunidan - 2 iyun kuniga qadar Jizzax shahrida oʻtkaziladi. 31 may kuni musobaqaning tantanali ochilish marosimi oʻtkazilishi rejalashtirilgan boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Xalq taʼlimi vazirliklari hamda Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining rahbariyati, unda viloyat hokimligi, boshqa jamoatchilik vakillari ishtirok etishadi. Ushbu ochilish marosimida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning va Favqulodda vaziyatlar vazirligi kuch va vositalarining koʻrgazmali chiqishlari hamda taniqli xonandalar tomonidan konsert dasturi tashkil etiladi.

Oʻylaymizki, bu kabi musobaqalar yosh yongʻin oʻchiruvchilarimizni yongʻin oʻchirish vositalarini tezkorlik va chaqqonlik bilan qoʻllab, insonlar hayotini qutqarish, mol-mulklarni asrab qolishga, vatan va xalq oldidagi burchlarini bajarishga, jismonan sogʻlom, chaqqon va chidamli qilib tarbiyalashga xizmat qiladi.

Bir vaqtning oʻzida qiziqarli ham foydali va murosasiz kurashlarga boy boʻlgan musobaqalarni guvohi boʻlishga taklif etamiz.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?