Yosh olimlarimiz superkompyuter imkoniyatlarini oʻrganmoqdalar

14:18 01 Avgust 2019 Jamiyat
120 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekistondan Belarusga yuborilgan ilmiy tadqiqotchilar orasida axborot texnologiyalari boʻyicha mutaxassislar ham bor boʻlib, ular mazkur sohadagi yangi texnologiyalarni oʻzlashtirishni hamda olgan bilimlarini Respublikamizda tatbiq qilishni oʻz oldilariga maqsad qilib qoʻygan.

Belarus Milliy Fanlar akademiyasiga qarashli Birlashgan informatika muammolari institutida malaka oshirish kurslarini oʻtayotgan oʻzbekistonlik yosh tadqiqotchilar mazkur institut tomonidan yaratilgan zamonaviy qurilmalar, xususan, institutda joylashgan zamonaviy superkompyuter, robototexnika, geoaxborot tizimlari, sunʼiy yoʻldosh axborot tizimlari bilan tanishmoqdalar. Institut ishlanmalaridan biri bu — ofislarda ham ishlatish mumkin boʻlgan superkompyuterdir. Ushbu kompyuter orqali 100 dan ortiq vazifalarni amalga oshirish mumkin.

Ilmiy tadqiqotchilarimiz tomonidan oʻrganilayotgan yoʻnalishlar orasida geoaxborot tizimlar alohida oʻrin egallaydi. Institut olimlari tomonidan taklif etilayotgan telemeditsina sohasi respublikamiz uchun dolzarb yoʻnalishlardan biridir. Institutda tibbiyotga doir axborotlarni qayta ishlash, ularning bazasini shakllantirish, masofaga uzatish va tahlil qilish ishlari yoʻlga qoʻyilgan. Tizimning asosiy yutuqlaridan biri bu kasallikni aniqlashda intellektual aqlni qoʻllash va uning asosida shifokorlar uchun tashxis qoʻyish jarayonini tezlashtirishdir. Tizim raqamli rentgen, kompyuter tomografiyasi, magnitli rezonans tomografiyasi va boshqa bir qancha tekshiruvlar boʻyicha axborotlarni oʻzida saqlaydi. Kasalliklar varaqasi avtomatik tarzda shakllanishi tizimning yana bir asosiy yutuqlaridan biridir.

Hozirgi kunda mazkur tizim Belarusda keng qoʻllanilmoqda, tizimga respublikaning xar bir shifoxonalari bogʻlangan. Umumiy elektron baza doimiy ravishda maʼlumotlar bilan toʻldirib boriladi. Buning natijasida bemor uchun kasallik varaqasining va tibbiy daftarchasining qogʻoz shaklini axtarish shart emas.

Oʻzbekistonlik ilmiy xodimlar Birlashgan informatika muammolari instituti tomonidan yaratilgan tizimni oʻrganarkanlar, shunday tizimni Respublikamizga joriy qilish boʻyicha amalga oshirilishi kerak boʻlgan ishlarni institutning olimlari bilan hamkorlikda tahlil qilmoqdalar.

Respublikamizga mazkur tizimni qoʻllash orqali kasalliklarni aniqlash vaqtini qisqartirish bilan birgalikda, viloyatlar kesimida tahliliy natijalarni olish imkoniyatlari yaratiladi.

Xayrullo QULMATOV,

Fizika-texnika instituti ilmiy tadqiqotchisi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?