Yosh olimlarga qurib bitkazilgan uylar nega berilmayapti? — Ushbu masala yuzasidan senator soʻrovi yuborildi

20:27 02 Iyun 2020 Siyosat
321 0

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh yosh olimlarning qilgan murojaatlari yurtdoshlarimiz orasida koʻplab muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

Taʼkidlanishicha, 2019-yil iyul oyida Prezidentimizning Farmoni asosida Fanlar Akademiyasining 42 nafar yosh olimi uchun poytaxtimizning Sergeli tumanidan koʻp qavatli uy-joy taqdim qilingan. Bank xodimlari, Akademiya rahbarlari uy-joyga muhtoj ilmiy xodimlarni komissiya orqali aniqlab, 42 ta ikki va uch xonali 7 qavatli uy ajratgan. Uylarga daʼvogar olimlar tomonidan 2019-yil noyabr oyigacha 1 mlrd. 350 mln. soʻmdan ortiq pul mablagʻlari Ipoteka bankining Shayxontohur tumani filialiga toʻlab berilgan. Biroq ushbu uylar 2020-yil yanvar oyida qurib bitkazilgan boʻlsa-da, ular yosh olimlarga berilmagan.

Mazkur masala Oliy Majlis Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan nazoratga olindi. Shu bilan birga, Qoʻmita yosh olimlar duch kelayotgan muammolar yuzasidan izoh soʻrab Toshkent shahar hokimiga senator soʻrovi yubordi. Bu haqda yuqori palata axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, oʻrnatilgan tartibda hokimlik tomonidan ushbu murojaatga javob olingandan soʻng yana batafsil maʼlumot beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?