“Yosh kitobxon” tanlovida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar oliy harbiy bilim yurtlariga o‘qishga kirdi

17:48 03 Avgust 2018 Jamiyat
420 0
Illyustrativ foto

Davlatimiz rahbari joriy yilning 19-20 may kunlari Andijon shahrida joylashgan harbiy qismda yoshlarning chin vatanparvar, ulug‘ ajdodlarimizga munosib voris bo‘lish istagini shakllantirishga xizmat qiluvchi yangi qaror loyihasini tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Mana shu harbiy qismning o‘zi misolida oladigan bo‘lsak, bu yerda ikkita o‘quv binosi, oshxona, yotoqxona, asosiy bino qayta ta’mirdan chiqarilgan. Barcha obyektlar 34 turdagi mebellar bilan jihozlandi. Jami 18855 kvadrat metr bo‘lgan saf maydoni va yo‘laklar asfaltlandi. Yana 24 obyektda qurilish ishlari amalga oshirishi rejalashtirilgan. Jami 16 milliard so‘m mablag‘ mana shunday maqsadli ishlarga yo‘naltiriladi.

Muddatli harbiy xizmatchilarni oliy o‘quv yurtlariga kirishga tayyorlash uchun fizika, matematika, ingliz, nemis, rus tillari bo‘yicha qo‘shimcha dars soatlari o‘tiladi. Harbiy qismda 2500 kitob bazasiga ega bo‘lgan elektron kutubxona, internet xonasi, informatsion texnologiyalardan foydalanish xonasi, 5000 dan ortiq kitob fondiga ega kutubxona mavjud.

Mudofaa vazirligi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi o‘rtasida tuzilgan memorandum asosida o‘zbek va jahon adabiyotining sara asarlarini o‘qish soatlari, ijodkor-ziyolilar bilan doimiy davra suhbatlari, uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Yoshlarning kitobga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish orqali ularning ma’naviy olamini boyitishga alohida e’tibor qaratilyapti, ijodkor askarlarga taniqli adiblar tomonidan mahorat darslari o‘tish yo‘lga qo‘yildi. “Yosh kitobxon”, “Kitobxonlar bellashuvi”, “Kitob – bilim bulog‘i”, “Eng ibratli harbiy kitobxon” tanlovlarida Alisher Karimov, Ravshan Shermanov, XushnudPattoyev, Odilbek Esbo‘ganov, Abdumannob Haydarov, YorqinbekJo‘rayev kabi ijodkor harbiy xizmatchilar faol qatnashib, g‘olib bo‘ldidar.

— Urf-odatlarimizga, ma’naviyatimizga yot illatlar ta’siridan yoshlarni himoya qilish uchun ularning ma’naviy tayyorgarligiga alohida e’tibor qaratishimiz lozim, — deydi Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining harbiy vatanparvarlik, ma’naviy-ahloqiy tarbiya va yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari, polkovnik Shuhratjon Abdullayev. — Yoshlar tarixiy-badiiy kitoblarni o‘qish orqali ajdodlarimizning vatan himoyasi yo‘lidagi qahramonliklaridan o‘rnak oladilar. Ma’naviyati butun, yot g‘oyalarga nisbatan mafkuraviy immuniteti shakllangan yetuk vatanparvarlarni tarbiyalash oliy maqsadimizdir.

Farg‘ona shahridagi “Temurbeklar maktabi” harbiy litseyi asosan vodiy viloyatlaridan o‘quvchilar qabul qiladi. Joriy yilda to‘qqizinchi sinfni tamomlab, viloyatlar mudofaa boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan bir necha bosqichli sinovlardan o‘tgan 600 ga yaqin yoshlar ichidan 150 nafari litseyga qabul qilindi. Harbiy litseyda jami 443 nafar o‘quvchi uch bosqichda tahsil oladi.Jangovar tayyorgarlik ko‘nikmalarini shakllantirish bilan birga maktab o‘quvchilari oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun bu yerda puxta tayyorgarlik ko‘radilar. Litsey bitiruvchilari O‘zbekiston Respublikasi qurolli kuchlar akademiyasi, Chirchiq oliy tank qo‘mondonligi muhandislik bilim yurti, Jizzax harbiy oliy bilim yurti va yurtimizdagi boshqa oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqdalar.

Joriy yilning 12-16 may kunlari Urganch shahridagi “Temurbeklar maktabi”da ikkala harbiy litsey o‘quvchilari o‘rtasida “Amir Temur avlodlari” harbiy sport musobaqalari o‘tkazildi.

— Qizg‘in va murosasiz bahslar, o‘zaro kuchli raqobat tarzida olti yo‘nalishda bo‘lib o‘tgan musobaqalarda o‘quvchilar o‘rtasida kuchlar teng keldi, bu, albatta, yaxshi natija, — deydi “Temurbeklar maktabi” Farg‘ona harbiy litseyi direktori, podpolkovnik Yunusali To‘raqulov. — Bunday musobaqalar, o‘quvchilarimizning o‘zlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi, jangovarlikka, sobitqadamlikka undaydi, vatanparvarlik tuyg‘ulari yanada yuksalishiga yordam beradi.

“Temurbeklar maktabi”da Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda kitobxonlik tadbirlari o‘tkazilib turiladi. “Yosh kitobxon” tanlovida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar Biloliddin G‘ulomqodirov va Sarvar Rahimov bu yil Chirchiq oliy tank qo‘mondonligi muhandislik bilim yurtiga, Muzaffar Umaraliyev esa O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlar akademiyasiga o‘qishga kirishga muyassar bo‘ldilar.

Prezidentimiz taklifiga ko‘ra 2019 yilda Andijon va Namangan viloyatlarida ham tashkil etiladigan “Temurbeklar maktabi” harbiy litseylari vatanparvar yoshlarimizni o‘z bag‘riga olishi rejalashtirilgan. Bu esa yoshlarimiz uchun yanada yangi imkoniyatlar eshigini ochishi shubhasiz.

Jizzaxning G‘allaorol tumanidan bo‘lgan harbiy xizmatchi Muhammadjon Ro‘ziboyev viloyatda o‘tkazilgan kitobxonlik tanlovida faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgandi. U jahon, mumtoz va zamonaviy o‘zbek adabiyotining eng sara namunalarini sevib o‘qish bilan birga badiiy ijod bilan ham shug‘ullanadi.Bu yil u harbiy xizmatni yakunlab, Respublika Qurolli kuchlar akademiyasiga yuqori ball bilan o‘qishga kirdi. Muhammadjon, Alisher, Ravshan, Biloliddin, Sarvar, Muzaffar kabi bo‘y-basti kelishgan, harbiy liboslari yarashgan izlanuvchan, iqtidorli, vatanparvar o‘g‘lonlar Vatanimizning yorug‘ yuzi, suyanch tog‘laridir!

Xurshida VAHOBJJON qizi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?