“Yosh kadrlarda tanqidiy tahlil, intizom, halollik, vatanparvarlik, tashabbuskorlik, shaxsiy javobgarlikni shakllantirish kerak”

23:24 10 Yanvar 2019 Jamiyat
276 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati.

Avval xabar berganimizdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 10 yanvar kuni mamlakatimiz tinchligi va jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olish borasidagi kelgusi vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarini oʻqitish, ularning kasbiy mahoratini va madaniyatini muntazam oshirib borish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

— Huquqni muhofaza qilish sohasi uchun kadrlar tayyorlash tizimi eng yangi yondashuvlarga asoslanishi, ular shiddat bilan oʻzgarayotgan zamon va shart-sharoitlarga mos boʻlishi zarur. Yosh kadrlarda tanqidiy tahlil, intizom, halollik, vatanparvarlik, tashabbuskorlik, shaxsiy javobgarlikni shakllantirish kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga rahbarlar tayinlashda butunlay yangicha mexanizm joriy etish boʻyicha topshiriq berildi. Unga muvofiq, nomzodlar maʼlum muddat davomida maqsadli indikatorlarga erishish sharti bilan lavozimga tayinlanishi, shartlar bajarilmagan taqdirda, shartnoma muddati uzaytirilmasligi lozimligi belgilandi.

Fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, yoshlarda huquqbuzarlikka nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish jinoyatchilikning oldini olishda muhim omil boʻladi. Lekin huquqiy targʻibot koʻpincha eskicha usullar, majlisbozlik va yuzaki maʼruzalardan iborat boʻlib qolayotgani sababli toʻla samara bermayotir. Shu bois Adliya vazirligiga Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Jazoni ijro etish muassasalarida mehnatga layoqatli shaxslarni ish bilan taʼminlash, davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish boʻyicha ham topshiriqlar berildi. Bunday shaxslarni kasbga oʻrgatish, ertaga ular tomonidan takroriy jinoyatlarni sodir etilishining oldini olishga xizmat qiladi.

 

Qonun ustuvor, adolat barqaror boʻlsa, jinoyatchilikka oʻrin qolmaydi

 

Prezident ichki ishlar organlari oldidagi muhim vazifalarni belgilab berdi

 

“Ishlaganni — ragʻbatlantirish, ishlamaganni — jazolash” tizimi sarhisob qilindi

 

Endi hokimlar va deputatlar ham jinoyatlar bilan bogʻliq vaziyatlarni har kuni tahlil qilib borishadi

 

Huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi takomillashtiriladi

 

Prezident yongʻin xavfsizligi masalalariga jiddiy ahamiyat qaratish kerakligini aytdi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?