Yosh fermerlar Yaponiyada malaka oshirib qaytadi

18:33 25 Iyul 2019 Iqtisodiyot
310 0

Oʻzbekiston yosh fermerlari Kengashi yoshlarni qishloq xoʻjaligi rivojlangan davlatlar tajribasi bilan tanishtirib borish, malaka oshirishlarini tashkil etish maqsadida Yaponiya xalqaro hamkorlik tashkiloti (JISA) bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻygan.

Hozirga qadar Yaponiya xalqaro hamkorlik tashkiloti tomonidan 10 nafar yosh fermerlar Yaponiya davlatida tashkil etilgan xalqaro oʻquv-seminarlarda ishtirok etishga muvaffaq boʻldi.

Bugun Toshkent viloyati, Qibray tumanidagi “Leo Garden” intensiv bogʻida Yaponiya davlatidan taklif etilgan 10 nafar bogʻdorchilik sohasining ilgʻor mutaxassislari va yirik eksportyor fermerlar yurtimizdagi yosh fermerlar, soha mutaxassislari va fermerlikka qiziqqan yoshlar uchun “Bogʻdorchilikda Yaponiya tajribasi” mavzusida mahorat darslari tashkil etildi.

— 2015-yilda 50 gektar maydonda intensiv bogʻ yaratdik.— deydi “Leo Garden” intensiv bogʻi agronomi Badriddin Usomiddinov. — 6 xil navli olma va 2 xil navli nok kabi mevali daraxt koʻchatlari ekilgan bogʻimizda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etganmiz. Bu esa suvning birdek taqsimlanishi hisobiga dala boʻylab namlik bir meʼyorda tarqalishini taʼminlaydi, Intensiv bogʻning afzal tomoni nisbatan kichik maydondan, kam suv sarflab, koʻp hosil olish mumkin. Joriy etilayotgan zamonaviy sugʻorish texnologiyasi suvdan tejamkorlik bilan foydalanish imkonini beradi. 20 ta ishchi oʻrniga ega bogʻimizdan bu yil 30-35 tonna hosil olishimiz mumkin.

Mahorat darslari davomida yaponiyalik mutaxassislar oʻzbekistonlik fermerlarga bogʻdorchilik sohasidagi soʻnggi yangiliklar, innovatsion texnologiyalar, bogʻ maydonini tayyorlash, koʻchatlarni ekish va parvarishlash hamda zararkunandalarga qarshi kurashish boʻyicha Yaponiya tajribasini oʻrgatdi.

Taʼkidlash joiz, yil yakuniga qadar yana oʻn nafar yosh fermer Yaponiyaga malaka oshirishga yuboriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?