Yosh fermerlar xorijda malaka oshiradi

19:37 07 Dekabr 2018 Iqtisodiyot
194 0

Arxiv foto

“Xalq soʻzi Online”/ Yulduz Oʻrmonova. Bu haqda “Xorijiy hamkorlik: yosh fermerlar faoliyatiga zamonaviy texnika va texnologiyalar joriy etishning istiqbollari” mavzusida oʻtkazilgan Yoshlar press-klubining navbatdagi sessiyasida maʼlumot berildi.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi muassisligidagi Yosh fermerlar kengashi hamda qator xalqaro tashkilotlarning Oʻzbekistondagi vakolatxonalari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda yosh fermerlar faoliyatiga IT texnologiyalarini kiritish, ularni xorijda malaka oshirishga yuborish, moddiy qoʻllab-quvvatlash kabi masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, xorijda qishloq xoʻjaligini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish boʻyicha yangi tajribalar oʻrganib qaytgan yosh fermerlar oʻzlarining taassurotlari, olgan bilim va koʻnikmalarini tengdoshlariga soʻzlab berdi.

— Shu yili mart oyida Turkiyaning Konya shahrida boʻlib oʻtgan xalqaro qishloq xoʻjaligi texnikalari koʻrgazmasida ishtirok etdik, — deydi Ilyos Safarov. — Ushbu koʻrgazma katta tajriba, mahorat maktabi boʻldi. Texnikalar bilan tanishar ekanmiz, oʻzimizda joriy qilsa boʻladigan innovatsion uskunalarni oʻrgandik va bu yerda tatbiq etishni maqsad qildik. Masalan, Turkiyada quyosh energiyasida ishlovchi dalalarga suv chiqarib beruvchi moslamalar joriy qilingan ekan. Mana shu loyihani oʻzimizda ham amalga oshirsa boʻladi. Bu katta xarajat talab etmaydi. Qolaversa, qoʻl mehnatini tejaydi. Men kelgusida mana shu gʻoyani amalga oshirish niyatidaman.

Shuningdek, tadbirda joriy yilda sakkiz nafar yosh fermer Yaponiya davlatida tashkil etilgan oʻquv kurslarida ishtirok etib qaytganligi taʼkidlandi. Hozirda ular tumanlarda yoʻlga qoʻyilgan “Yosh fermerlar muloqot klubi”da yoshlarga Yaponiya tajribasini oʻrgatmoqdalar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?