Yosh avlod kamolotida aslo beparvolikka yoʻl qoʻyib boʻlmaydi

10:41 25 Iyul 2020 Siyosat
295 0

“Maktab — bu hayot-mamot masalasi, kelajak masalasi. Uni davlat, hukumat va hokimlarning oʻzi hal qilolmaydi. Bu butun jamiyatning ishi, burchiga aylanishi kerak”, deya taʼkidlagan edi Prezidentimiz oʻz maʼruzalarining birida.

Haqiqatdan ham, jahondagi rivojlangan davlatlar tarixiga nazar tashlaydigan boʻlsak, ularda jamiyat hayotini oʻzgartirishga qaratilgan islohotlar avvalo taʼlim tizimidan, bogʻcha, maktab, tarbiya masalasidan boshlanganini koʻramiz. Chunki maktabni oʻzgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni oʻzgartirib boʻlmaydi. Taʼlim va tarbiyaning asosi, poydevori bu maktabdir.

Soʻnggi uch yilda yurtimizning barcha hududlarida, shaharlardan tortib chekka-chekka qishloqlargacha koʻrkam qiyofali maktablar barpo etilgani, deyarli barcha umumiy oʻrta taʼlim muassasalari kapital rekonstruksiya qilinib, ilgʻor oʻquv-laboratoriya jihozlari bilan taʼminlangani taʼlim sifatini koʻtarishga, pedagoglarning jamiyatdagi obroʻ-eʼtiborini kuchaytirishga xizmat qilyapti.

Joriy yilga “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb nom berilishidan koʻzlangan maqsad ham avvalo mamlakatimizda ilm-fanni yana-da ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak maʼnaviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida boshlagan ishlarimizni jadal davom ettirish va yangi, zamonaviy bosqichga koʻtarishdir.

Shu boisdan bu yilgi Davlat dasturining Ijtimoiy sohani rivojlantirish yoʻnalishi asosida ham fan va uzluksiz taʼlimni rivojlantirish, xalq taʼlimi muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yoshlar taʼlim-tarbiyasi uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirildi. Xususan, xalq taʼlimi sohasida tizimdagi 4499 ta umumtaʼlim maktabigacha 4086 km optik tolali aloqa kabellari yotqizilib, yuqori tezlikdagi Internet jahon axborot tarmogʻiga ulash imkoniyati yaratildi.

Ahamiyatli tomoni, respublika boʻyicha 348 ta maktab xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha tayanch maktablari etib belgilandi. Shuningdek, koronavirus pandemiyasi davrida algebra, fizika, kimyo, biologiya, geografiya fanlari boʻyicha 8-9-sinflar uchun tayyorlanayotgan televizion darslarga PISA xalqaro tadqiqoti topshiriq namunalari mavzularga moslashtirildi.

Bular hali hammasi emas. Bundan tashqari, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida «Eksimbank» (Koreya Respublikasi) ishtirokidagi “Maktab taʼlimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yana-da rivojlantirish” loyihasi doirasida 850 ta umumtaʼlim maktablarida oʻquv kompyuter sinflari ham tashkil etildi. Ayni vaqtda mazkur loyiha doirasida yana 1 800 dan ortiq umumtaʼlim maktablarini oʻquv kompyuter sinflari bilan taʼminlash boʻyicha ishlar amalga oshirilayotir.

Yuksak inson kapitali, jamiyatni intellektuallashtirish, maktab, oʻrta maxsus va oliy taʼlim tizimida raqobat muhitini shakllantirish, davlat-xususiy sherikchilik va xususiy sektor resurslaridan keng foydalanish, “fuqarolarni butun umri davomida oʻqitish” modelini hayotga tatbiq etish, aholining oliy taʼlim bilan qamrab olinishini rivojlangan davlatlar darajasiga (50 foizdan kam boʻlmagan) yetkazish mamlakat raqobatdoshligi garovidir.

Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi bu jarayonda har bir tumanda kamida toʻrttadan xususiy maktablar barpo qilinishiga erishish, sohada davlat-xususiy sherikchiligi va xususiy xizmatlarni jadal rivojlantirish hisobidan bolalar uchun sport, musiqa va sanʼat maktablari qurilishini qoʻllab-quvvatlash, ana shunday obyektlarni rekonstruksiya qilish orqali bolalarni ommaviy sport, musiqa va sanʼat dunyosidan bahramand qilish, ularning bu boradagi ehtiyojlarini toʻliq qondirishni ustuvor deb biladi.

Shundan kelib chiqib partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi bilan birgalikda taʼlim-tarbiya sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, Taʼlim toʻgʻrisidagi kodeksni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish, unda taʼlim muassasalarini moliyalashtirish, hududlarda taʼlim samaradorligi monitoringini yuritish, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib etish masalasiga alohida eʼtibor qaratamiz. Eng muhimi, Prezidentimiz boshlab bergan juda keng qamrovli taʼlimga doir islohotlar, qoʻyilgan vazifalar ijrosini nazorat qilishda parlament nazoratining barcha taʼsirchan shakllaridan foydalanamiz.

Xulosa qilib aytganda, har doim har bir mamlakat uchun mutaxassislar tayyorlash, yetuk kadrlarni voyaga yetkazish muhim vazifalardan biri sifatida qaralgan. Shunday ekan, Oʻzbekistonning taʼlim va intellektual rivojlanish darajasi boʻyicha dunyoda eng yuqori reytingga ega 30 ta davlat qatoridan joy olishini taʼminlash hayotiy zaruratdir.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?