“Yor oʻling bir-biringʻizgakim, erur yorligʻ ish”

09:47 14 Noyabr 2018 Madaniyat
294 0

“Azaldan bir daryodan suv ichib, oʻzaro quda-anda tutinib, koʻz-qoshdek yaqin qoʻshnichilikda yashab kelayotgan xalqlarimizning mustahkam doʻstlik rishtalari haqida soʻz borar ekan, eng avvalo, ikki muazzam siymo — Sharq adabiyotining zabardast vakillari mavlono Abdurahmon Jomiy va hazrat Alisher Navoiyning birodarlik munosabatlari yodga tushadi”.

Shavkat MIRZIYOYEV

"Xalq soʻzi" va "Narodnoye slovo" yoʻllanmasi bilan

Markaziy Osiyoda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yagona tarix, umumiy kelajak yoʻlida boshlab bergan oqilona siyosati tufayli “ishonch yetishmovchiligi sindromi” barham topdi. Bu hol mintaqa barqarorligini taʼminlashda muhim ahamiyatga molik ekanligini dunyo ahli eʼtirof etmoqda. Eshik-derazalar ochib yuborilganda toza havo kirgani kabi toza nafas jamiyat muhitida tinchlik-xotirjamlikni taʼminlab, barqarorlik, bunyodkorlik, taraqqiyot omili boʻlib xizmat qila boshladi. Oʻzbek-tojik xalqlari munosabatlari ham shu jarayonda azaliy oʻzanlarida rivojlana boshladi, ikki qoʻshni davlat aholisi quvonch va shodiyonaligi, duo hamda olqishlari dillar birlashganda, tillar oʻrtasidagi tafovut sezilmay ketishini isbotlayotgandek tuyuladi. Xalqlarimiz hayotida yangicha mazmun-mohiyat olib kirgan munosabatlar shaharlar qiyofasida, koʻchalar, xiyobonlar nomlanishida, doʻstlik ramzi sifatidagi yodgorliklar bunyod boʻlishida aks etmoqda.

Turkiy tilli va forsiy zabon shoirlar orasida mutafakkir shoir Alisher Navoiy nomi oʻzgacha jaranglaydi. Ulugʻ shoir ijodining teranliklariga singib ketgan yuksak maʼrifatparvarlik, ezgulik gʻoyalari asrlar davomida banibashariyatga xizmat qilib kelgani singari bugungi kunda ham qalblarda aks sado berib turibdi.
Olam ahli, bilingizkim, ish emas dushmanligʻ,
Yor oʻling bir-biringʻizgakim, erur yorligʻ ish.

Dunyoda turfa uslublarda, turli pardalarda, turli ohanglarda kuylab oʻtgan shoirlar koʻp, ammo doʻstlik, ahillik, inoqlik, millatlar oʻrtasidagi mushtarak tuygʻularni bu qadar yuksak pardalarda kuylaganlar oz. Ayniqsa, ikki qardosh va jondosh oʻzbegu tojik xalqlari oʻrtasidagi hamfikrlik, yakdillik haqida soʻz ketsa, darhol Nuriddin Abdurahmon Jomiy va Nizomiddin Alisher Navoiy munosabatlari, mehr-sadoqati,saxovatli shogirdning ustoz holidan hamisha xabardorligi, cheksiz homiyliklari tasavvuringizda jonlanadi.

— Alisher Navoiyning “Xamsa”si yaratilishi zamonasi uchun, butun jahon adabiyoti uchun katta ijobiy hodisa ekanini dastavval Abdurahmon Jomiy eʼtirof etgan edi, — deydi Xalqaro jurnalistlar konfederatsiyasining aʼzosi, Tojikiston matbuoti aʼlochisi Abdujalil oʻafurov Dushanbe shahridaNizomiddin Alisher Navoiy nomidagi bogʻning ochilishi katta madaniy hodisa ekanligini eʼtirof etib. — Abdurahmon Jomiy fikricha, “Xamsa” muallifining turkiyda yozishi forsigoʻylar uchun baxtdir; agar Alisher Navoiy ham oʻz “Xamsa”sini forscha yozsa edi, boshqalarga soʻz aytish uchun majol qolmas edi.

Haqiqatan ham, insoniy va ijodiy munosabatlardagi bu yangligʻ yelkadoshlik, dildoshligu sirdoshlik bugungi qalam ahli uchun ibrat maktabidir.

Dushanbe shahrida bogʻlar koʻp. Ularning aksariyati ulugʻ ijodkorlarning nomlari bilan ataladi. Abu Abdulla Rudakiy, Abulqosim Firdavsiy, Ahmad Donish, Sadriddin Ayniy madaniyat va istirohat bogʻlari qatorida Vose nomidagi hamda “Yoshlar”, “Yoshlar koʻli”, “oʻalaba”, “Eram”, “Poytaxt” bogʻlari mavjud.Davlatimiz rahbari joriy yil sentyabr oyida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etish uchun Tojikiston Respublikasiga tashrifi chogʻidaTojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan birgalikda Nizomiddin Alisher Navoiynomidagi madaniyat va istirohat bogʻini ochdi. Nizomiddin Alisher Navoiynomi berilgan mazkur bogʻda Nuriddin Abdurahmon Jomiy va Nizomiddin Alisher Navoiy haykallari oʻrnatilgan. Tojikistonlik haykaltarosh oʻafur Joʻrayev loyihasi asosida maʼrifat ramzi sifatida yettita zina ustiga oʻrnatilgan mazkur yodgorlikda Alisher Navoiy yangi asarini ustozi Abdurahmon Jomiy bilan muhokama qilayotgani aks ettirilgan. Yodgorlik asosidagi marmar toshlar har ikkala millatga xos naqshlar bilan bezatilgan. Sarv, magnoliya, zarang, archa va turli nina bargli 600 dan ortiq manzarali daraxtlar,koʻkalamzorlashtirilgan 14 ming metr maydon, soya-salqin joylarga oʻrnatilgan 80 dan ziyod oʻrindiqlar, 50 oʻringa ega zamonaviy kafedan tashqari attraksionlar, bolalar oʻyingohlari oʻzbegu tojik xalqlari azaliy doʻstligining ramzi sifatida joriy yilni “Turizmni rivojlantirish va hunarmandchilik yili” deb eʼlon qilgan qoʻshni davlatda dunyo sayyohlarini ham oʻziga jalb etmoqda.

Zullisonaynlik Alisher Navoiydan boshlangan
Oʻzbek-tojik xalqlarining doʻstligi ramzi sifatida Samarqandda Mavlono Abdurahmon Jomiy va Mir Alisher Navoiyhaykali qad rostlab turardi. Endi Dushanbe shahrida Nizomiddin Alisher Navoiy nomidagi bogʻ bunyod etilgani, bu yerda ham Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy haykali oʻrnatilgani, bagʻrikenglik siyosati bilan Tojikiston xalqining ham yuksak hurmat-ehtiromiga sazovor boʻlgan Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida mazkur bogʻning ochilishi katta ramziy maʼnoga egadir.

— Tarixan olib qaraganda, oʻzaro doʻstlik, ijodiy yaqinlik zullisonaynlik, yaʼni ikki tilda asarlar yozish orqali rivoj topib kelgan, — deydi Tojikiston Respublikasi Yozuvchilar ittifoqi raisi, Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, taniqli tojik shoiri Nizom Qosim. — Adabiyotda bu ezgu anʼana ham Alisher Navoiydan boshlanganini unutmasligimiz kerak. Bu buyuk zot adabiyot va sanʼat ahlining himoyachisi sifatida oʻn beshinchi asrning ikkinchi yarmida Movarounnahr, Xuroson hamda Eron xalqlarifani, adabiyoti va sanʼatining rivojlanishiga munosib zamin tayyorlashga katta hissa qoʻshgani eʼtirof etiladi. Fors-tojik gʻazalnavislari orasida ham eng peshqadamlardan biriAlisher Navoiyningyuksak isteʼdodi, farosati, aql-zakovati, sheʼr tiliga eʼtiqodi, chinakam soʻz sanʼatkori ekanligi, hamzabonlikdan hamdillikni yuksak qoʻyishi ibrat sifatida namoyon boʻladi. Ikki qoʻshni davlat rahbarlarining oqilona siyosati tufayli tojik soʻz sanʼatkorlarining asarlarini oʻzbek tiliga, oʻzbek shoir va yozuvchilarining asarlarini tojik tiliga tarjima qilib nashr etish ishlari yana azaliy oʻzanlariga tushmoqda. Alisher Navoiy nomi bilan ataladigan madaniyat va istirohat bogʻimiz ijodkorlarimiz boshini qovushtiradigan maskan sifatida ham xizmat qilishiga ishonchimiz komil.

Shunday deya, Nizom Qosim oʻzbek tilida chop etilgan “Doʻstdirmiz” degan sheʼridan ushbu satrlarni oʻqib berdi:
Zamin birdir, samo birdir,
Makon birdir, saro birdir.
Imon birdir, Xudo birdir,
Suxan bir va nido birdir.
Ikki dona — bir magʻiz, poʻstdirmiz,
Ham qarindosh, aqraboyu doʻstdirmiz.

Ulugʻ shoir izdoshlari
Tojikistonda yashab ijod qilayotgan oʻzbek ijodkorlarining aksariyati ikki tilda bemalol ijod qila olishgani tufayli ularni Alisher Navoiyning zullisonaynlikdagi izdoshlari deyishadi.

—2,23 gektar maydonda Nizomiddin Alisher Navoiy nomidagi bogʻning barpo etilishi bizni nihoyatda quvontirdi, — deydi Abulqosim Lohutiy mukofoti sovrindori, oʻzbek shoiri Erkin Shukur. — Bu yerda ikki tilda mushoiralar boʻlishi, navoiyxonlik kechalari oʻtkazilishi bizning orzuimiz edi. U amalga oshganidan quvonchimiz cheksiz.

Boshqa bir oʻzbek shoiri Neʼmatillo Ibrohim esa mazkur bogʻ tashkil etilganidan ilhomlanib, “Umrboqiy doʻstlik madhi” deb nomlangan samimiy gʻazalham bitibdi:
Bizga xurosoniy havo Jomiy-Navoiydan kelur,
Subhi saharda xush havo Jomiy-Navoiydan kelur.

Oldim surur devonidan, hadsiz gʻazallar konidan,
Koʻnglimga bu ruhiy safo Jomiy-Navoiydan kelur.

“Xamsa” manim jonu dilim, “Haft avrang”dir tahsilim,
Ruhimga besh asriy sado Jomiy-Navoiydan kelur.

Layli qani? Shirin qani? Aylabdilar oshiq mani,
Bu dardima yolgʻiz davo Jomiy-Navoiydan kelur.

Taʼbimni toblar hikmati, koʻhna koʻmakdosh sanʼati,
Dastimga chun changu sato Jomiy-Navoiydan kelur.

Islom bu — Jomiy dasturi, iymon — Navoiy dasturi,
Xalqu Vatanga choʻng vafo Jomiy-Navoiydan kelur.

Orif — ular, ustod — ular, menga muborak yod ular,
Kelsa, bu nazmimga baho Jomiy-Navoiydan kelur.

Tojikiston Qahramoni Mirzo Tursunzodaning “Doʻsti, Doʻstlik soʻzlari tojik va oʻzbek xalqlari uchun qadim zamonlardan maʼlum va mashhurdir” degan kalomi oʻzbeklar orasida qancha mashhur boʻlsa, Oʻzbekiston xalq shoiri oʻafur oʻulomning “Bu doʻstlikning yanada rivojlanishi mening ezgu orzuimdir”, degan satrlarining amaldagi isboti sifatida bu ezgu tashabbus ulugʻ ajdodlarimiz ruhini shod etadi.
Shoyim BOʻTAYEV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.

Toshkent — Dushanbe — Toshkent


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?