Yonayotgan qizgʻaldoq

18:39 07 May 2019 Madaniyat
582 0

(Esse)

Men bu lahzani necha bahorlar boʻldi koʻrmaganimga. Ehhe, besh yilmi yo oʻn yil? Aniq eslolmayman. Demak, seni judayam sogʻinibman. Bolaligim oʻtgan adirlarda bu qadar lov-lov boʻlib yonmay ketganingga ancha boʻldi, qizgʻaldoq.

...

Bu gal yolgʻonlarga koʻmilib ketgan shaharlaru odamlardan qochib kelayotirman qoshingga. Seni koʻrgim va olov yangligʻ bagʻringga otilib, yuragim birpas orom olishini, shaxsiy hislarim ila yolgʻiz qolishni istab qoldim. Bolaligim oʻtgan adirlarda gurullab yonayotgan mening qizgʻaldoqlarim. Shoir aytganidek: “Qizgʻaldogʻim, qirdan boʻlak koshonang yoʻq... Peshonangdan oʻpay desam, peshonang yoʻq“. Vo ajab, bunchalar, nafis va begʻuborsiz? Bunchalar, yangi dunyoga kelgan chaqaloqdek pokiza boʻlmasangiz, qizgʻaldoqlar! Izn bering, poyingizga tiz choʻkay! Bayroqdayin hilpiragan qizgʻaldoqlar...

...

Toʻgʻrisi, har bahor seni izlayman. Yuragim entikib, seningdek gurullab lov-lov yongim keladi. Mana umrimning qirqinchi bahori ostonasida soʻppayib turibman. Xuddi seni qirq yil koʻrmagandek. Ishon, sendan biror narsani taʼma qilib kelmadim. Tavba. Nimalar boʻlyapti oʻzi menga, telbanamo boʻlib qoldimmi? Yoki poeziyaga oʻxshash bir narsalar paydo boʻlyaptimikin? Kimdir bordek atrofimda. Yoki, meni sen bilan gaplashayotganimni kimdir taʼqib qilayaptimi? Nima boʻlsa boʻlsin. Yurakdan aytayapman, bu gal chinakamiga lov-lov yonayotgan samimiy taftingga singib ketgim kelyapti. Bir ustozim, “Umid, shu, baʼzida baland-baland togʻlarning eng baland choʻqqisiga chiqib baqirib yuborgim keladi“ deb koʻp aytadi-da. Men: “Bu odam ichkarigayam, tashqarigayam sigʻmas ekanda“ deb, oʻylab qolaman.

...

Inson oʻz idealining quli boʻlishi kerakmi yoki ideallar insonning quli boʻlsinmi? Bu juda mavhum tushuncha. Xuddi qasamyod tushunchasiga oʻxshash. “Yer yuzida yurgan odamlarning barchasi baxtli odamlardir“ deya, qadahsoʻz boshlaydi doim bir shoir. Keyin davra soʻngida sarmast boʻlib, “Insonni yengib boʻlmaydi!“ deya, stolni mushtlab qoladi. Nazarimda, Yaratganning eng mukammal yaratgani - Odamzod boʻlsa kerak. Faylasufning gapiga qoʻshilaman. Qaysisiga deysizmi? “Dunyoda kamdan kam odamlar bir-birini tushunadi“ deganiga. Eng katta muammo ham shu, aslida. Biz odamlar soʻngi paytlarda umuman bir-birimizni tushuna olmayotgandekmiz, goʻyo.

...

Shuning uchun ham, koʻpchilik oshiqlar poyingga tiz choʻkib yuboradi-da, qizgʻaldoq. Yuragimning allaqaysi joyidan hapqirib chiqayotgan bir nolani aytay: Juda charchadim. Nosamimiyatlikdan, yolgʻonlardan, ayniqsa, nigohlarda qotib qolgan mujdalardan... Maʼnosizlik, odamni juda zeriktirib yuborarkan, qizgʻaldoq. Oʻzimni oʻzim aldabmi yo allalab yashayotgan odamga oʻxshab qoldim... .

...

Huv anavi, “Kattaqir“ni koʻryapsanmi? Qara, u yerda sening qavming qanday otash boʻlib yonmoqda. Bilasanmi, men oʻsha qirlarda bir paytlar ot choptirganman. Chillak oʻynab oʻsganman. Yozning jazirama chillasida ham shu qirda hurillab “Oylabot“ shamoli esardi. Yanchilgan noʻxat, kunjut, undov va bugʻdoy sovurardi, odamlar oʻsha pallalarda bu qirlarda, qizgʻaldoq. Men ham qiziqqon koʻksimni shu shamollarda koʻp sovurganman. Qara, ular qanchalar lov-lov yonmoqda. “Oylabot“ shamoli esa uning hovurini battar koʻkka purkamoqda...

...

Aslida, buyuklarning koʻpi bu dunyoga qoʻl siltab ketgan... ... Ey, bahorning nozik mehmoni. Ey, Qizgʻaldoq. Endi, Sen bilan xayrlashmoqchiman. Oʻylab-oʻylab koʻrsam, hali koʻp qiladigan ishlarim bor ekan, bu bevafo dunyoda. Shaharga qaytishim kerak. Hoziroq. Chunki, meni uyimda koʻzi munchoqdek boʻlib bolalarim kutib oʻtirishibdi. Keyingi bahorda uchrashguncha xayr, Qizgʻaldoq!

UMID SORIYEV


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?