Yonayotgan gazeta

19:14 15 Yanvar 2019 Jamiyat
892 0

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligining saytida gazeta va gazetxon, internet hamda mutolaa madaniyatining bugungi tendensiyalari haqida tahliliy maqola chop etilibdi. Mazkur maqolani siz, aziz mushtariylarimizga ham ulashishga qaror qildik. Marhamat, oʻqing, uqing va mulohaza qiling (aslida, har qanday mutolaadan maqsad mulohaza ekani hech kimga sir emas axir).

 

Shu kunlarda bosma OAV vakillari bir-birlari bilan odatdagidek “Sogʻligʻingiz yaxshimi?” tarzida emas, “Obunangiz qanday?” deb soʻrashayotgani bejiz emas.

Afsuski, bu jarayon butunlay notoʻgʻri va asossiz qarashlarni hamda bir talay anglashilmovchiliklarni ham keltirib chiqardi (bu xususda quyiroqda toʻxtalamiz). Bu boradagi bahslar oʻzaro davralardan tortib, OAV efiri va sahifalariga ham toshib chiqdi. Ahvol shu darajaga yetdiki, oʻtgan yil mavsum davomida xuddi bu jinoyatday biron kishiga “Gazetaga obuna boʻling”, deya olmay qoldik. Darrov ogʻzimizga uradiganlar topildi. “Obunasizlik” “tegirmon”iga esa qator internet saytlari tinmay “suv quyib” turdi.

Xoʻsh, bundan kim yutdi-yu, kim yutqazdi? Gazetchimi? Gazetxonmi? Tashkilotchimi? Targʻibotchimi? Muxbiru muharrirmi? Muassismi? Chop etuvchimi? Tarqatuvchimi? “Chat”dagilarmi, “sayt”dagilarmi?! Mavzuimiz mana shu xususda.

“Bola”lariga magʻlub boʻlgan “ota”lar

Avvalo aytib qoʻyay, oʻzimning ham har kuni kuzatib boradiganim bir qator sevimli internet-nashrlarim bor. Bosma nashr vakili sifatida “internetdagilar yo bloggerlar bizga anchagina “tosh” otibdi, men ham hech boʻlmasa “kesak qaytaray”, degan fikrdan yiroqman. “Eʼtirozlarim shunga oʻxshab qolmasmikan”, degan istiholada uzoq vaqt ushbu qoralamalarni qogʻozga tushira olmasdan yurdim. Biroq... Buyogʻi oshib ketyapti-da. Hatto nafsoniyatingga, gʻururingga tegishdan ham tap tortishmayapti “internetchi” hamkasblarimiz. Mana, birgina misol…

Oddiy arifmetika: agar x=5 ekani aniq boʻlsa, tenglamadagi barcha x lar oʻrniga beshni qoʻyib hisoblashga tushamiz. Shu oddiygina qoidadan kelib chiqadigan boʻlsak, nufuzli saytlarning birida eʼlon qilingan mavzuga doir maqoladagi “davriy nashrlar”, “bosma nashrlar”, “gazeta” singari soʻzlar oʻrniga “otalar”, “internet nashrlar” soʻzi oʻrniga “bolalar” soʻzini qoʻyib, oʻqib koʻrdim. (Nega deysizmi? Kinoning “ota”si teatr, TVning “ota”si radio boʻlgani kabi internet jurnalistikasi ham osmondan osilib tushgani yoʻq. U davriy (yoki bosma) nashrlarning “farzand”i).

Xullas, maqolani “x=...” uslubida oʻqib koʻrishga harakat qilamiz:

“Oʻlib borayotgan otalar”

Toʻgʻrisini tan olish kerak, bugungi kunda “otalar” jamiki pozitsiyalarda “bolalar”ga magʻlub boʻlib ulgurdi. “Otalar”ning “paymonasi toʻlgani”ga ishongisi kelmayotganlargina bu fikrga qarshi chiqishadi, albatta. Men buni choʻkayotgan insonning xasga yopishishiga mengzayman. Aslida “otalar”ning hayotda tutgan oʻrni tugab borayotgani butun dunyoda kuzatilayotgan holat. ... faol “otalar” ham majburlikdan “bolalashmoqda”. Bizdagi “otalar”ni endi qoʻyavering...”

Agar publitsistikadagi bu “innovatsion uslub”ni nomlash kerak boʻlganida, menimcha, nomi “betgachoparlik” yoki “andishasizlik” boʻlardi...

Agar otasini “Qariyalar uyi”ga olib borib qoʻyganlar uyiga borib, qarsak chalib, raqs tushishgacha borsalar, muallifga ham boshqa eʼtirozimiz yoʻq...

“Kurashadi ikki toʻlqin...”

Bir paytlar repperlar va estradaning yangi “yulduzcha”lari maqomchilarga qarab ularni kim taniydiyu kim eshitayapti, qabilida tosh otib qolishuvdi... Vaholonki, eshitadiganlaru tushunadiganlar kam boʻlgani — bu bugun dunyo tan olayotgan va intilayotgan maqom sanʼati va maqomchining aybi emasligi hammaga ayon haqiqat. Bizdagi vaziyat ham shunga oʻxshab ketyapti.

Oʻzi bu ikki “toʻlqin” qayerdan paydo boʻldi? Etni tirnoqdan ayirib boʻladimi? Gazetalar internet nashrlarining arpasini xom oʻruvmidiki, bunchalik malomat, bunchalik kinu adovat?!

Boring, ana, gazetalar yoʻq boʻldi, deylik. Internet nashrlarining koʻchasida bayram boʻladimi? Yo shuncha gazetxon gurrr etib saytlarga yopiriladimi? Yoxud reklama beruvchi kompaniyalar “Iltimos, shartnoma tuzaylik”, deb ularning eshigini qoqadimi? Yo gazetalardagi professional kadrlarga qarmoq tashlashyaptimi ular?

Axir hali-hanuz koʻpgina internet saytlari gazetalardagi materiallarni insof qilsa, manbasini qoʻyib, boʻlmasa, soʻrab ham oʻtirmasdan koʻchirib bosib yotibdi-ku. “Tuzini yeb...” boʻlayapti-ku bu yogʻi...

Qolaversa, “yangi soha”da ishlayotganlarning aksariyatini surishtirsangiz, ilgari gazetaning qattiq nonini yeb yurgan boʻlib chiqadi...

Bugun “Hurriyat”ni yoqsa...

Mashhur fantast yozuvchi Rey Bredberi qalamiga mansub “Farengeyt boʻyicha 451 daraja” asarining bosh qahramoni Gay Monteg — oddiy oʻt oʻchiruvchi. Aslini olganda unga oʻt oʻchiruvchi degan emas, aksincha oʻt yoquvchi degan taʼrif toʻgʻri keladi. Chunki uning vazifasi xavf-xatar signali olinganidan soʻng darhol “samandar” mashinasida tegishli manzildagi uyga yetib borish, uyning eshik romlarini sindirib boʻlsa-da ichkariga kirib… “oʻz vazifasini bajarish”. Faqat rezina shlanglardan suv oʻrniga kerosin otiladi. Oʻtsocharlar u va u yashayotgan jamiyat uchun oʻta xavfli boʻlgan bir buyumga yoʻnaltiriladi. “Bu yomon ish emas, — deydi uning oʻzi bu xususda bamaylixotir. — Dushanba kuni Edna Milley kitoblarini yoqamiz, chorshanba kuni Uitmanni, juma kuni Folknerni kuydiramiz”. Ha, uning kundalik ishi — kitoblarni yoqish!

Gazetchilarni malomat qilayotgan hamkasblarimiz Montegga oʻxshab ketmayaptilarmi? Bugun “Hurriyat”ni yoqishar, ertaga “Maʼrifat”, indinga “Jamiyat”ni... Vaholonki, bosma OAV vakillari hurriyatimizning mustahkamligi, maʼrifatimizning kamoli, jamiyatimizning ravnaqi yoʻlida xizmat qilayotganlarning old saflarida...

Yonayotgan gazetalar taftiga qancha vaqt isinish mumkin? Bu alanga atrofida qancha paytgacha bayram qilib boʻladi oʻzi?

Irmoqlar qoʻshilsa, daryo boʻladi

— Internet jurnalistikasining ustunlik jihatlarini ham tan olishimiz zarur, — deydi “Oltin qalam” mukofoti sovrindori Abdunabi Abdiyev. — Masalan, tezkorlikda unga yetadigani yoʻq. Biroq, koʻp hollarda tahlilning yoʻqligi, borining ham oʻta sayoz va xomligi, axborotning ishonchlilik darajasi kamligi va tez oʻzgaruvchanligi, yangilik yetkazishdagi shoshmashosharlik, mohiyatga emas, shaklga bogʻlanib qolish uni vazmin qariya oldidagi hovliqma oʻsmirga oʻxshatib qoʻyishi ham bor gap. Bugun aytaylik, oʻtgan asrning yigirmanchi-oʻttizinchi yillaridagi voqealarni tarixchilarimiz qayerdan tiklashyapti? Hech shubhasiz, gazeta sahifalaridan! Misol uchun, “Oltin qalam” xalqaro tanlovining Bosh Milliy mukofotiga eng birinchi boʻlib sazovor boʻlgan “Qashqadaryo” gazetasining salkam toʻqson besh yillik tarixi bor. Uning turgan-bitgani — solnoma. Yuz yildan soʻng internet nashrdagi axborotlar saqlanib turishiga kim kafolat beradi?

Mana, ayrim bosma nashrlarimizda “Ijtimoiy tarmoqlarda” degan ruknlar paydo boʻldi. OʻzA viloyat nashrlaridagi zoʻr maqolalarni koʻchirib bera boshladi. Demoqchimanki, doʻstona va oʻzaro manfaatli hamkorlikka nima yetsin?!

Shu oʻrinda mashhur multfilmdagi “Bolalar, kelinglar, doʻst-inoq boʻlib yashaylik”, degan ibora yodimizga tushadi.

Ha, toʻlqinlar birlashsa — irmoq, irmoqlar tutashsa — daryo boʻladi!

Tomoqqa tiqilgan non

Afsuski, ayrimlar oʻzlarini majburiy obuna jabrdiydalarining jasur himoyachisi sifatida namoyon etishga oʻrganib qoldilar. Goʻyo mamlakatdagi yuzlab gazeta-jurnallarda rizqini terib yurganlarning hammasi yulgʻich kazzobu, yolgʻiz oʻzlari “avliyo”…

Toʻgʻrisini aytsam, bugun peshona terimning mahsuli — gazetchilikdan topgan nonim tomogʻimga tiqilib qolayapti (oʻzi shundoq ham bu sohaning “noni qattiq” deydilar). Goʻyo tepamda minglab odamlar barmogʻini bigiz qilib, “Sen muttaham, gazetchi, bechora oʻqituvchining nonini yarimta qilib, bola-chaqa boqayapsanmi?” deyayotganday…

Vaholonki... Baralla ayta olamiz: nonimiz halol! Birovdan muttahamchiligimiz yoʻq. Oʻz ishimizni vijdonan bajarayapmiz. Oʻqituvchilarning majburiy mehnatga jalb etilayotgani haqida aynan bizning gazetamizda bundan besh yil ilgari ancha shov-shuvli maqolalar berilgan edi...

Yaqinda gazetamizda oʻtgan yil davomida eʼlon qilingan tanqidiy-tahliliy maqolalarning 40 tasi (aslida ular bundan uch baravar koʻp edi) yana bir bor eslatilib, tahlil qilindi. Hamkasblarim hali un va yoʻlkira narxining asossiz oshirilishi, hali bozordagi narx-navoyu tarozi, hali isimayotgan maktablaru qabuldagi “navbat”i buzilayotgan bogʻchalar, hali yer ololmayotgan fermeru sarson boʻlgan tadbirkor... singari odamlarni qiynayotgan tashvish va muammolarni xolisona, oʻziga xos mahorat bilan, dadil koʻtarib chiqishdi. Va... bu orqali professional burchlarini bajarishdi. Buning tagida qanchalik mashaqqatli mehnat borligini boshidan oʻtkazgan biladi. Boshqa bir qator nashrlarda ham ana shunday zahmatkash hamkasblarimiz zimmalariga elning yukini ortmoqlab mehnat qilishyapti. Hech shubhasiz, bu zahmatkashlarning OʻZ OBUNACHILARI OLDIDA YUZLARI YORUGʻ!!!

Aslida...

Koʻplab korxona, tashkilot va muassasalarda obuna uchun masʼul boʻlgan ayrim nopok shaxslar yaltiroq shiorlar bilan maʼrifat va ziyo haqida ogʻiz koʻpirtirib, nazoratsiz oqib yotgan obuna “arigʻi”ga chelak solishardi. Undan keyin mavsum paytida oʻrtada dallol boʻlib, keyin na tahririyatga pul, na obunachiga gazeta beradigan tarqatuvchilar... Oqibatda tahririyatgacha yetib keladigan “ariq”dagi jildiragan “suv” “egatni loylash”ga ham yetmasdi. Muxbirning ulushi ertakdagi tulki “taqsimlagan” pishloqqa oʻxshab qolardi. Yanayam jaydariroq aytganda, bunday paytlarda gazetchi yil boʻyi mehnat qilib, bozorda ustomon olibsotarga mahsulotini yarim narxiga oldirib qoʻygan dehqonning ahvoliga tushardi.

Bir paytlar gazeta tarqatish biznesini boshlagan tanishimga “Shu ham ish boʻpti-yu”, deganim rost. Biroq bugun birgina viloyatimizda matbuot nashrlarini tarqatish bilan shugʻullanadigan, tahririyat bilan shartnoma tuzmasdan turib ham uning nomidan obuna pulini qabul qilaveradigan tashkilotlarning soni qisqa vaqtda yigirmadan oshib ketgani gazeta chiqaradiganlardan koʻra tarqatadiganlarning “kapgiri moy ustida” ekanidan dalolat bermaydimi?

Tuzlangan bodring “etiketka”si foydaliroq...mi?

Vohamizdagi tuman gazetalaridan ayrimlarining adadi majburiy nusxaga ham yetmaydigan boʻlsa, boshqasini bosadigan boʻlsangiz, qogʻoz rulonidan chop etish uskunasigacha boʻlgan masofada “tugab qoladi”... Ishonmaysizmi? Viloyat matbuot va axborot boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, “Chiroqchi” gazetasi 44, “Nasaf” gazetasi 50 nusxada obuna toʻplagan, xolos...

— Bu aslo gazetalar yomon chiqayotganini anglatmaydi, — deydi “Qamashi” gazetasi bosh muharriri Temirpoʻlat Tillayev. — Koʻpga kelgan “toʻy”, bu yil toʻplagan obunamiz 400 taga ham yetmadi. Biroq baralla gazetxon istagan narsalarni bera olayapmiz, deya olaman.

— Yaqinda oliy oʻquv yurti domlalaridan biri qiziq gap aytib qoldi, — deydi “Qashqadaryo sporti” gazetasi bosh muharriri Akbar Rahmonov. — “Yangi yildan beri dekanatga kiraman-chiqaman, bir narsa yetishmaydi deng. Nimaligini bilolmayman. Qarasam, birortayam gazeta-jurnal yoʻq. Obuna boʻl, deb birov aytmabdiyam...”

4000 dan ortiq adadda chiqishni koʻzlayotgan “Xazina”, 2020 ta obuna toʻplagan “Gʻuzor hayoti” singari nashrlarning ahvoli bugun viloyatdagi boshqa tahririyat vakillarining “koʻzini oʻynatadigan darajada”...

Shuningdek, “Hurriyat” chiqmay qolgan, “Maʼrifat” oʻtgan yildagiga nisbatan 4 barobar, “Yoshlar ovozi” 5 barobar kamaygan, “Jamiyat”, bor-yoʻgʻi, 1500, “Oila davrasida” 900 ta adad yiqqan bu yilgi sharoitda ham viloyatlar gazetalaridan “Zarafshon” (Samarqand) 19 ming 780, “Doʻstlik bayrogʻi” (Navoiy) 11 ming (oʻz bosmaxonasiga ega boʻlgan bu tahririyatdagilar yana xafayam boʻlib oʻtirishibdi, aytishlaricha, oʻtgan yili obuna 20 000dan ziyod boʻlgan), “Andijonnoma” 7 ming nusxa chiqayotgani biz, “qashqadaryo”chilar koʻnglida ozgina boʻlsa ham havas va umid chirogʻini yoqadi...(Darvoqe, yangi yildan davriyligini qisqartirgan “Qashqadaryo” 2172 nusxada bosilyapti, haftada bir marta chop etilib turgan “Novosti Kashkadari” esa chiqmay qoldi. Qiyoslash uchun: Samarqand, Navoiy, Andijon, Xorazm singari bir qator viloyatlarda rus tilidagi viloyat gazetalari haftasiga ikki martadan chiqib turibdi).

Bosmaxonadagilarlarning ham kayfiyatlari shunga yarasha. Besh yuz yo mingta gazeta plastinasini falon ming dollar turadigan hayhotday chop etish mashinasiga ilgandan koʻra, tuzlangan bodringga “etiketka” chiqarish foydaliroq emasmi?!

Xususiy nashrlar-ku, oʻz kunlarini oʻzlari koʻrishga oʻrganib qolishgan. Ammo tahririyatlarni DUKka aylantirgan davlat nashrlari muassislari goʻyo oʻz nashrlari bilan tuzgan shartnomalarida faqat gazetaning emas, oʻzlarining ham bir talay majburiyatlari belgilab qoʻyilganligidan bexabarday...

— Vaziyat ancha mushkul, — deydi viloyat matbuot va axborot boshqarmasi boshligʻi Botir Musulmonov. — Bir qator gazetalar chiqmay turibdi (agar bu holat 6 oy davom etsa, ularning guvohnomasi qonuniy asosda bekor qilinadi), ayrimlari ilojsizlikdan oʻn besh kunda bitta sonini chiqarish taraddudida... Balki oʻn bir oylik obuna yakunlaridan bir yorugʻlik chiqib qolar?!

Eng qizigʻi, sohada shuncha muammo yonib yotibdi-yu, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi viloyat boʻlimi degan dabdabali nom ostidagi idoradagilarning parvoyi falak, goʻyo “Bagʻdodda hammayoq tinch...”day “ptichka” uchun oʻtkaziladigan tadbirlari yoxud oʻzlari (!) tashkil etgan gazetalarni va gazeta tarqatish tuzilmalarini “tiriltirish” hamda rivojlantirish yoʻllarini izlash bilan ovora...

Oqibat...

Yuqorida qoʻygan savolimizning javobi aniq. Hammamiz ham yutqazyapmiz. Beparvogina boʻlib bebaho boyligimizni boy beryapmiz.

Oqibat qayerga qarab yetaklayapti? Buni tasavvur etish qiyin emas. Odamlarni — maʼrifatsizlikka. Bosma OAVni — boshi berk koʻchaga (koʻpgina tahririyatlar allaqachon bu koʻchaga kirib boʻldi).

Shuncha gapni faqat tahririyatlardagi “bir hovuch” odamninggina ertangi tirikchiligini oʻylab aytayotganimiz yoʻq. Masalan, bizning muxbirlarimiz oʻz faoliyatlarini taʼlim, tadbirkorlik sohalarida yoxud tashkilotlarning matbuot xizmatlarida davom ettirib, bundan yaxshiroq daromad topishlari mumkin. Ammo... ular oʻz taqdirlarini gazeta bilan bogʻlaganlar. Bosmaxona boʻyogʻining hidi anqib turgan mana shu toʻrt varaq qogʻozni hayotlarining mazmuni deb biladilar. Asl huzur-halovatni mana shu kasblaridan topadilar.

Eng muhimi... Gazetalar inqirozi jamiyatda maʼrifatdan tashqari boshqa qator sohalarda ham bir talay muammolarni keltirib chiqarishi tayin. Mana ulardan ayrimlari:

iqtisodiyotda xizmat koʻrsatish sohasining ulushi keskin pasayadi;

matbaachilik sohasida katta yoʻqotishlar yuz beradi (bosmaxona faoliyati bilan shugʻullanadigan ishbilarmonlar xorijdan juda katta miqdordagi valyuta evaziga keltirgan zamonaviy chop etish uskunasining hali xarajatini ham qoplab ulgurishgani yoʻq);

shundoq ham mushkul vaziyatda qolgan pochta tizimi, shuningdek, gazeta-jurnal tarqatish bilan shugʻullanadigan xususiy tadbirkorlik subyektlari yangi muammolar girdobiga gʻarq boʻladi;

shundoq ham tabriklaru mayda eʼlonlar, kimoshdi savdolaridan nariga oʻta olmayotgan reklama bozori yana “oqsaydi”;

siyosiy partiyalar saylovoldi targʻibotlarida muhim tayanchlaridan mahrum boʻladilar;

ziyoli qatlam oʻrtasida ishsizlik darajasi oshib ketadi...

Darvoqe, Bredberining yana bir hikmati bor: “Kitobni olovda yoqishdan ham yomonroq jinoyatlar bor. Misol uchun uni oʻqimaslik”.

Hech shubhasiz, GAZЕTAni ham...

Nuriddin Egamov, “Qashqadaryo” gazetasi boʻlim muharriri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?