Yonadigan toshdan gapiradigan robotgacha...

11:54 13 Noyabr 2018 Jamiyat
582 0

“Yashnobod” innovatsiya texnoparki turli yoʻnalishdagi ilmiy tadqiqotlar, tajriba va ishlab chiqarish sinovlari oʻtkazish, innovatsion mahsulotlar namunalarini oʻzlashtirishga ixtisoslashtirilgan markazdir.

Hozirda bu yerda kimyo texnologiyalari, biotexnologiya, farmatsevtika, tibbiyot biotexnologiyasi, oʻsimliklarni himoya qilish vositalari, manbashunoslik, metallarni qayta ishlash texnologiyalari, zilzilabardoshlilik, qurilish materiallari, oziq-ovqat sanoati, energiya tejash, qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalari, elektron oʻlchov qurilmalari, robototexnika, mashinasozlik, elektrotexnika kabi sohalar boʻyicha oʻndan ortiq rezidentlar faoliyat koʻrsatmoqda.

Interfaol robotlar ishlab chiqaruvchi “Interactive Robot Solutions”, mahalliy patentlangan implantlar ustida ishlovchi “Turon Silk Pharm”, kompozitsion polimer yelim ishlab chiqaradigan “Interkompozit”, yorugʻlik taratuvchi toshlar tayyorlovchi “City Light”, sim-kartalar ishlab chiqaruvchi “Vades group”, 3D printerlarga ixtisoslashtirilgan “Greencode”, mikrobiologik oʻgʻitga moslashtirilgan “Baykal-KMU”, yorugʻligi sozlanadigan, koʻchalarga oʻrnatiladigan chiroqlar ishlab chiqaruvchi “Comfort Engineering”, issiqlik va tovushlarni izolyatsiya qiluvchi quruq aralashmalar tayyorlovchi “Penodekor Service” korxonalari bugun koʻpchilikka yaxshi tanish.

Darvoqe, mazkur rezidentlar yaqinda poytaxtimizda boʻlib oʻtgan “InnoWeek — 2018” innovatsiyalar haftaligida jahonning ellikdan ortiq mamlakatlari vakillariga oʻz mahsulotlarini namoyish etdi. Tabiiyki, ishtirokchilar ushbu innovatsion tovarlarga yuqori baho berishdi. Qolaversa, hamkorlikda ishlashga qiziqish bildirishdi.

Ayni shu texnoparkda yaratilgan “Adbot” roboti odamlarga yoʻl koʻrsatishi, savollarga javob berishi, bir marta gaplashgan kishini eslab qolishi, reklama materiallarini namoyish etish funksiyalariga ega. Uni odamlar koʻp toʻplanadigan maydonlar, supermarketlar, umumiy ovqatlanish joylari, banklarga qoʻyish mumkin. Ushbu “aqlli” qurilma kerakli maʼlumotlar berishdan tashqari, insonlarning kayfiyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi bilan eʼtiborga loyiqdir.

Hozircha yurtimizda yagona boʻlgan hamda turkum ravishda ishlab chiqarilayotgan 3D printerlari sifati va xaridorgirligi bilan ichki bozorimizga kirib keldi. Hatto qoʻshni davlatlarda ham bunga talab oʻsib bormoqda. Uni tayyorlashda 70 foiz mahalliy xom ashyodan foydalaniladi. Bitta printerning narxi taxminan uch million soʻm. Undan taʼlim muassasalari koʻrgazmali qurollarni yaratishda foydalanishlari mumkin.

“City Light”ning yorugʻlik tarqatuvchi toshlari ham koʻpchilikning diqqatini tortishi tabiiy. Haqiqatan ham, gʻaroyib toshlar kunduzi bruschatkaga (koʻchaga yotqiziladigan chorqirra toshlar) terib qoʻyiladi. Ular kun davomida yorugʻlikdan quvvat oladi. Kechasi esa olingan yorugʻligidan nur taratadi. Moʻjizaning oʻzginasi!

“Yashnobod” texnoparki maʼmuriyati va rezidentlari amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida butun faoliyat koʻrsatish davrida yer soligʻi, foyda soligʻi, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish soligʻi, yagona soliq toʻlovi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasiga majburiy toʻlovlardan ozod etiladi. Bundan tashqari, oʻrnatilgan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq, loyihani amalga oshirish doirasida oʻz ehtiyoji uchun chetdan olib kelinadigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskuna, xom ashyo, materiallar, reaktivlar, butlovchi buyumlar hamda qurilish materiallari uchun bojxona toʻlovlarini (bojxona yigʻimlaridan tashqari) ham toʻlamaydi.

Bularning barchasi innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish koʻlamini kengaytirish, pirovardida mamlakatimizni yanada ravnaq toptirishga qaratilgan saʼy-harakatlardir.

Dilmurod SODIQOV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?