Yollanma ishchilarning huquqlari qonuniy himoyalanmoqda

18:18 10 Sentyabr 2018 Jamiyat
320 0
Arxiv foto

Oʻzbekiston Respublikasida har bir fuqaroning, jumladan, yollanma ishchilarning ham huquqiy manfaatlari qonun doirasida himoyalangan. Shunday boʻlishiga qaramay, bunga har doim ham amal qilinmaydi. Hududlarda faoliyat koʻrsatayotgan noqonuniy mardikor bozorlari bunga misoldir. Andijon shahrida fuqarolarni bir martalik ish bilan taʼminlash markazining foydalanishga topshirilishi bu boradagi salbiy holatlarga barham berdi. Endi har bir yollanma ishchi ijtimoiy-huquqiy jihatdan himoyalangan.

- Foydali ijtimoiy mehnat bilan band boʻlmagan yoki qoʻshimcha mablagʻ topish istagida boʻlgan yurtdoshlarimiz shu kungacha noqonuniy mardikor bozorida bir martalik ish izlab koʻp ovora boʻlmoqda edilar,-deydi viloyat bandlikka koʻmaklashish bosh boshqarmasi rahbari Iqboljon Matroʻziyev. – Markazning ishga tushirilishi natijasida har bir fuqaroni hunari va imkoniyatiga yarasha ish bilan taʼminlashni yoʻlga qoʻydik. Eng muhimi, ular uchun ish qurollarining barchasi markaz tomonidan taʼminlanadi. Yollanma ishchilar manfaatlari mutaxassislarimiz tomonidan nazoratga olingan.

Markazda yollanma ishchilar uchun ovqatlanish, dam olish, yuvinish xonalari va tibbiyot xizmati tashkil etilgan. Doimiy ish bilan taʼminlanishni istaganlar uchun boʻsh ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar eʼlon qilib borilmoqda. Yollanma ishchilar va ish beruvchilar mehnat muhofazasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan tanishtirilmoqda.

Saminjon Husanov,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?