Yolgʻon aytgan kishining, xatari bosh ishining

14:32 24 Avgust 2019 Jamiyat
168 0

Illyustrativ foto

Ichki ishlar xodimlarini koʻrganimizda tinchlik va osoyishtalik himoyachisi sifatida ularga ishonch va hurmatimiz oshadi. Zero, masʼuliyatli vazifani bajarayotgan bu soha vakillari tunu kun oʻz xizmat vazifasini sidqidildan bajarmoqda. Afsuski, ular orasida shunday sharafli kasbga dogʻ tushirayotganlar ham uchrab turibdi.

Nodir Qoraboyev (ism-familiyalar oʻzgartirilgan) Toshkent shahar Mirobod tumani IIB profilaktika inspektori lavozimida ishlab kelayotgan edi. Afsuski, u toʻgʻri yoʻldan adashdi. Ish faoliyati davomida tadbirkorlik bilan shugʻullangan tanishiga “yordam berish”ni oʻz zimmasiga olgan inspektor xizmat mavqeidan foydalanib, “ishbilarmonlik” qilishni rejalashtiradi.

N.Qoraboyev 2018-yilning 8-sentyabr kuni tanishi Zilola bilan ish yuzasidan uchrashmoqchi boʻlib, Chilonzor tumani Qatortol koʻchasida joylashgan kafelarning biriga keladi. Zilolaga oʻzining tanishlari — Ahror va Sanjar bilan oʻtirgan davraga N.Qoraboyevni ham taklif qiladi. Suhbat chogʻida Ahror anchadan beri qiynayotgan muammosi haqida gap ochadi. 2018-yilning iyun oyida sirdaryolik Zil mashinasi haydovchisi Ahrorning 9 millionlik temir mahsulotlarini olib ketib, qaytarib bermayotgani, bu holat yuzasidan u Uchtepa tumani IIBga murojaat qilgani, biroq oradan bir necha oy oʻtgan boʻlsa-da, biror chora koʻrilmayotgani haqida aytadi. Shundan soʻng, Zilola N.Qoraboyevdan sirdaryolik haydovchidan Ahrorning pullarini qaytarib olishda yordam berishini iltimos qiladi.

N.Qoraboyev oʻziga biriktirilgan hududda mazkur ish boʻyicha tuman IIBga murojaat qilgan taqdirda ushbu murojaat rahbariyat tomonidan qonuniy koʻrib chiqish uchun oʻziga berilishini bilgan holda, qonun bilan belgilab qoʻyilgan vakolatlarini unutadi. U Zilolaga 2018-yil 9-sentyabr kuni oʻziga biriktirilgan mahalla hududida Zil yuk mashinasi haydovchisi va Ahror oʻrtasida oʻzaro janjal boʻlayotgani haqida Toshkent shahar IIBBning “102” xizmat telefon raqamiga qoʻngʻiroq qildiradi.

N.Qoraboyev oʻzining ayblarini yopish maqsadida yolgʻon ustiga qayta va qaytayolgʻonlar toʻqiydi. Vaziyatni yanada ishonarli qilish maqsadida navbatdagi — hujjatlarni soxtalashtirish rejasini tuzadi. U Mirobod tumanidagi 3-sonli IIB boshligʻi nomiga 9 million soʻm miqdordagi pul mablagʻlarini olib kelayotgan Zik yuk mashinasi haydovchisi mashinani Ahrorga qarab ataylab boshqargani va voqea joyidan yashiringani haqida soxta ariza va tushuntirish xati oladi. Buni tuman IIB NQdagi Shakl-2 kitobidan №5759-raqami bilan qayd qildirishga erishadi.

Oradan biroz vaqt oʻtgach, N.Qoraboyevning vijdoni uygʻonadi. Kasbidan ayrilishdan qoʻrqibmi, yoki boshqa sabab u oʻziga biriktirilgan hududda janjal boʻlmagani haqida soxta dalolatnoma rasmiylashtirib, ushbu dalolatnomaga ikki fuqaroni xolis sifatida qatnashgani haqida takroran soxta maʼlumotlar kiritadi.

Mirobod tumani IIO FMB 3-sonli IIB boshligʻining 1-oʻrinbosari ertalab ishga kelganida hovlida notanish bir fuqaro (Zil mashinasi haydovchisi)ni koʻrib, uning nima maqsadda kelganini navbatchi xodimdan soʻraydi. Navbatchi bu fuqaroni profilaktika inspektori N.Qoraboyev ariza yuzasidan taxminan soat tungi 02:30 lar chamasida olib kelgani, biroq ushbu shaxsni ushlab turishga hech qanday hujjat rasmiylashtirmaganini maʼlum qiladi. Bundan shubhalangan Mirobod tumani IIO FMB 3-sonli IIB boshligʻining 1-oʻrinbosari shu kuni tushgan xabar va arizalar boʻyicha tezkor maʼlumotlarni tekshiradi. Tekshiruvlar natijasida N.Qoraboyevning qilmishlari oshkor boʻladi.

Xalqimizda “Yolgʻon aytgan kishining, xatari bor ishining”, degan maqol bejiz aytilmagan. Har qanday yolgʻon va soxtalikning ortida tubanlik, razillik yotadi. Ayniqsa, u xalq ishonchiga, eʼtirofiga sazovor boʻla turib, unga behurmatlik qilsa, jinoyatlarning oldini olish oʻrniga ularni targʻib etsa, buni qanday tushunish mukin? “Mard oʻgʻlon” Davlat mukofoti sovrindori N.Qoraboyev “mard oʻgʻlon” degan buyuk nomga munosib boʻlolmadi. U vijdonsizlik qilmaganida, balki kelajakda yuksak marralarni zabt etarmidi?

Jinoyat ishlari boʻyicha Yakkasaroy tuman sudi N.Qoraboyevning qilmishiga yarasha jazo tayinladi.

Temur KASIMOV,

Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar
Yakkasaroy tumani sudi sud
ʼyasi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?