“Yeni Ozbekistan”: Oʻzbekiston xalqi mamlakatni yangi pogʻonaga olib chiqishga intilayotgan yetakchisiga ishonadi

19:56 19 Iyun 2020 Siyosat
463 0

Turkiyada “Yeni Ozbekistan” (“Yangi Oʻzbekiston”) jurnalining navbatdagi soni nashr etildi, deb xabar berdi “Dunyo” AA.

Jurnalda chop etilgan aksariyat materiallarda Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida olib borilayotgan tub islohotlar Turkiya ijtimoiy-siyosiy jamaotchiligi diqqat eʼtiborida turganligi qayd etilgan.

Mualliflar Oʻzbekiston xalqi samarali islohotlarni amalga oshirish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish orqali respublikani yangi pogʻonaga olib chiqishga intilayotgan yetakchisiga ishonishini taʼkidlagan.

Turkiyaning “AnkaSAM” tahliliy markazi direktori, professor Mehmet Erolning taʼkidlashicha, ushbu nashr Oʻzbekistonni modernizatsiya qilishning tub jarayonlari, respublika va uning mintaqalari iqtisodiyoti, sayyohlik, fan va texnologiyalar sohalaridagi oʻsib borayotgan salohiyati haqida batafsil maʼlumot beradi.

Ushbu sonda qator maqolalar Oʻzbekistonning iqtisodiy salohiyati va jozibador sarmoyaviy muhitiga bagʻishlangan. Xususan, keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirish, mahalliylashtirish dasturi, mahsulot ishlab chiqarish va transport infratuzilmasini takomillashtirish natijalari batafsil bayon etilgan.

Jurnalning alohida qismida Oʻzbekiston tarixi va madaniyati, buyuk ajdodlarimizning islom sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasi haqida materiallar eʼlon qilingan. Unda Imom Buxoriy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Qoshgʻariy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy va Abu Mansur Moturidiy kabi taniqli olim va mutafakkirlarning faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mushtariylar eʼtiboriga havola etilgan.

Jurnal oʻquvchilari, shuningdek, oʻzbek xalqining urf-odatlari, milliy hunarmandchilik anʼanalari va oʻzbek milliy taomlarining oʻziga xos xususiyatlari bilan tanishishi mumkin.

Bundan tashqari “Xiva – 2020-yilda turkiy dunyo madaniy poytaxti” va “Buxoro – 2020-yilda islom madaniyati poytaxti” mavzuiga bagʻishlangan maqolalar ham turk oʻquvchilarini beeʼtibor qoldirmaydi.

Jurnalda mamlakatimizning turli mintaqalariga fotosuratlar orqali ekskursiya qilish imkoniyati taqdim etilgan. Jumladan, Toshkent, Samarqand, Shahrisabz, Buxoro, Xiva va Termiz shaharlaridagi tarixiy, meʼmoriy yodgorliklar toʻgʻrisida fotoocherklar oʻquvchini mamlakatimizga safar qilishga undaydi.

Ushbu mavzudagi maqolalarda Oʻzbekistonning qadimiy shaharlari Sharqning rang-barangligi, milliy ruhi va betakror goʻzalligini oʻzida mujassam etgan Buyuk ipak yoʻlining durdonalari ekanligi eʼtirof etilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?