Yengilishni bilmagan “Qoya”

14:00 20 May 2020 Sport
481 0

Marsel Desayi 1968-yilda Ganada tugʻilgan. Onasi fransiyalik diplomatga turmushga chiqqanidan keyin shu mamlakatga koʻchib kelishgan. Fransiya fuqaroligini qabul qilgan. Bunday futbolchilarni odatda, “Chinakam kurashchi”, deya taʼriflashadi. Himoya chizigʻida toʻp surgan Desayiga “Qoya” laqabi ham bejiz berilmagan.

Marsel hayron qolarli darajadagi katta jismoniy kuchga ega edi. Charchoq nimaligini bilmasdi. Maydonda pozitsiya tanlashda kamdan kam holda adashardi. Uning noyob qobiliyati ilk bor “Nant” klubida koʻzga “yarq” etib tashlandi. Bu jamoadagi ishonchli oʻyinlari sabab uni “Marsel” klubi oʻz safiga qoʻshib oldi. Oʻsha paytlarda “Marsel” nafaqat Fransiyaning, balki Yevropaning eng kuchli klublaridan sanalardi. Marsel Desayining mardona oʻyini klub shon-shuhratining yana-da oshishiga xizmat qildi. Klub 1993-yilda oʻzining birinchi va hozircha yagona boʻlib turgan yirik sovrini — Yevropa Chempionlar ligasi gʻolibligini qoʻlga kiritdi. Finalda fransuzlar “Milan”ni magʻlubiyatga uchratishning uddasidan chiqqandilar. Bungacha esa ular mamlakat chempioni boʻlishgandi. Ammo oradan koʻp vaqt oʻtmay “Marsel” oʻyinlarni sotib olganda ayblanib, chempionlik unvonidan mahrum etildi. Lekin bu jazoning Yevropa Chempionlar ligasiga daxli boʻlmadi.

Himoyada tik qoyadek turib beradigan, raqib hujumchilariga darvozaga zarba yoʻllash imkonini qoldirmaydigan bu himoyachini “Milan” oʻz safiga qoʻshib olish harakatiga tushdi. Niyatiga yetdi ham. Qahramonimiz Italiya A seriyasining dastlabki oʻyinlaridanoq jamoaning ajralmas bir boʻlagiga aylandi. Aslida uning oʻzi ham “Milan” darajasidagi klubga ehtiyoj sezayotgandi. Bu jamoa safida ham u Chempionlar ligasida gʻolib chiqdi. Eʼtiborlisi, hal qiluvchi bahsda kiritilgan toʻrtta golning bittasini oʻz hisobiga yozib qoʻydi.

Desayining 1992—1994-yillarda klub darajasida erishgan yutuqlari unga nafaqat bu yerdagi, balki terma jamoadagi mavqeini ham mustahkamladi. U ilk bor 1993-yilda terma komandaga jalb etildi. Biroq fransuzlarning 1994-yilgi jahon chempionati saralash bosqichidagi ikki omadsiz oʻyini boʻlmaganida qahramonimiz mundialning kashfiyotiga aylanishi mumkin edi. Oʻshanda Fransiya terma jamoasi saralash bosqichida kutilmaganda oʻz maydonlarida Isroil hamda Bolgariya terma komandalariga yutqazib qoʻyishdi. Oqibatda jahon chempionati yoʻllanmasidan quruq qolishdi.

Keling, Desayining klubdagi ishlariga qaytaylik. ”Milan”ning oʻsha paytdagi ustozi Fabio Kapello unga muntazam tarzda ishonch bildirar va qahramonimiz bu ishonchni risoladagidek oʻyini bilan oqlardi. Shunga qaramay, jamoaning ishlari yurishmay qoldi. ”Yuventus”ning chinakam raqobatchiga aylanishi, boshqa jamoalarning “Milan”ga qarshi jon-jahdlarini berib oʻynashlari uning turnir jadvalidagi mavqeiga taʼsir oʻtkazdi. Buning ustiga jamoa Chempionlar ligasida “Ayaks”dan ikki bor magʻlubiyatga uchradi. 1995-yilga kelib “Milan” uchinchi bor Yevropaning eng nufuzli sanalgan turniri finaliga chiqdi. Bu yerda unga yana “Ayaks” roʻparoʻ keldi. ”Milan” yana yengildi.

Nachora, futbol nuqul gʻalabadan iborat emas. Aks holda u oʻz jozibasini yoʻqotgan boʻlur edi. Uchrashuvlar Desayiga oʻz mahoratini oshirish nuqtayi nazaridan foydali kechdi. Bu esa 1998-yilda Fransiyada boʻlib oʻtgan jahon chempionatida unga juda qoʻl keldi. Kutilganidek, Marsel Desayi terma jamoa himoya chizigʻida metin qoyadek turib berdi. Mundial finalida fransuzlar Braziliya terma jamoasiga hech qanday imkoniyat qoldirishmadi. Fransiya oʻz tarixida ilk bor jahon chempioni boʻldi.

Shu mundialdan keyin Desayi muhitni oʻzgartirish fikriga keldi.Italiyani tark etib, Londonga yoʻl oldi.”Chelsi” bilan shartnoma tuzdi.Bu paytda “Chelsi” endigina kuch yigʻayotgan, ammo klub tepasiga hali Roman Abramovich kelmagan edi. Shunga qaramay, Desayi 1998-yilning avgustida “aristokratlar” bilan Yevropa Superkubogini qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻldi. U bu yerda hech qiynalmay oʻz oʻyinini topib ketdi. Jamoa sardoriga aylandi.Frank Lebyof, Vilyam Gallas, Klod Makelele singari taniqli futbolchilar bilan u bilan safdosh edilar. ”Marsel – noyob futbolchi,- deya eslagandi keyinchalik Jon Terri. — Oʻyinni avvaldan oʻqiy oladigan bunaqangi futbolchini men ilgari uchratmaganman. U goʻyoki oʻziga izdosh tayyorlayotgandek, bor bilimini menga berdi”.

Voqealar rivoji ham xuddi shuni koʻrsatdi. Desayi “Chelsi”dan ketgach, uning oʻrnini Jon Terri egalladi. Mutaxassislar fikricha, agar maydon himoya markazida Desayi — Terri juftligi oʻynaganida dunyoda bundan kuchli duetni topish mushkul edi. Yana bir jihati borki, qahramonimiz nafaqat himoya markazida, balki tayanch himoyachi pozitsiyasida ham birdek ishonchli toʻp sura olardi. Desayi ketgach, “Chelsi” unga oʻxshagan mahoratli futbolchilarni xarid qilgan holda Angliya chempionligini qoʻlga kiritdi.

Desayi “Chelsi”da oʻynab yurgan kezlarida terma jamoa bilan yana bir katta yutuqqa erishdi. 2000-yilda Yevropa chempioni boʻldi. 2002-yilgi jahon chempionatida ham ishtirok etdi. Eslasangiz, bu mundial fransuzlar uchun oʻta omadsiz yakun topgan, ular guruh bahslaridanoq ortlariga qaytishga majbur boʻlishgandi.

Qahramonimiz faoliyatining yakuniy qismini Qatarda oʻtkazdi. Hatto “Qatar” (Doxa) jamoasi bilan mamlakat chempioni boʻlishga ham ulgurdi. Keyin esa televideniyeda futbol eksperti vazifasida ishladi. U trenerlik qilishi ham mumkin edi. Takliflar yoʻq emasdi. Masalan, oʻzi uchun begona boʻlmagan Ganadan terma jamoani boshqarish taklifi tushdi. Desayi ishonch uchun minnatdorlik izhor etib, shu hamda boshqa takliflarni qatʼiyan rad etdi.

— Hozircha men tigʻiz rejim asosida ishlashga tayyor emasman,— deya oʻz qarorini izohladi Desayi. — Men aftidan futboldan shunaqangi charchaganmanki, unga bir oz chekkadan turib qarashni maʼqul koʻryapman. Balki vaqti kelib murabbiylik qilarman. Doʻstlarim buning uchun senda hamma narsa bor, deyishdi. Imkoniyatlarim qanaqaligini bilmaymanu, ammo men juda xotirjam insonman. Bu murabbiylikda qoʻl kelishi kerak.

Mutaxassislarning eʼtirof etishlaricha, Desayi oʻtgan asrning eng kuchli himoyachilaridan sanaladi. Qoidani buzmagan holda keskin oʻynash, sovuqqonlik, pozitsiyani toʻgʻri tanlash borasida undan oʻtadigani yoʻq edi. Marseldagi bu fazilatlar jamoaning oʻziga boʻlgan ishonchini oshirar, futbolchilarning kuchiga kuch qoʻshardi. ”Futbol qiroli” Pele Desayini jahonning eng kuchli 100 nafar eng kuchli futbolchisi roʻyxatiga kiritgani ham bejiz emas.

Istam IBROHIMOV tayyorladi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?