Yashnobodda yangi korxona — “Elektron Hisoblagich” ishga tushdi

16:58 26 Iyul 2019 Iqtisodiyot
276 0

Poytaxtimizning Yashnobod tumanida “Elektron Hisoblagich” masʼuliyati cheklangan jamiyatining qoʻshimcha quvvati ishga tushirildi.

— Buning uchun maydonimizni kengaytirib, uskunalarimizni yangiladik, — deydi korxona bosh direktori oʻrinbosari Qahramon Nurmatov. — Yaʼni ishlab chiqarish va omborxonalarga 2100 kvadrat metr qoʻshimcha joy ajratildi. Umumiy qiymati qariyb 1,9 million AQSH dollarilik zamonaviy uskunalar xarid qilindi.

Bundan tashqari, yana qariyb 2 million dollarlik liniya va dastgohlar keltirilishi kutilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, korxonamiz salohiyati ortib, mahsulot turlarini koʻpaytirishga xizmat qiladi.

Modernizatsiyalash tadbirlarining ushbu bosqichida 60 nafarga yaqin kishining bandligi taʼminlanib, yillik ishlab chiqarish hajmi 1,8 million donaga oshirildi. Lekin bu oxirgi koʻrsatkich emas. Yangilanish jarayoni toʻliq yakuniga yetkazilgach, bir smenali ish hisobida yiliga 3 million dona mahsulot tayyorlanib, qoʻshimcha 100 ish oʻrni yaratiladi.

Biroq bu ham hali hammasi emas. Negaki, korxona taqdimotida hamkor tashkilot — Xitoyning “Holley Technology” kompaniyasi prezidenti Cheng Veidong bizga yaqin kelajakda korxonaning barcha uskunalari avtomatlashtirilib, uni Oʻzbekistondagi namunali subyektlardan biriga aylantirish rejalashtirilayotganini, shuningdek, mini texnopark yaratilib, unda energetika tizimi uchun zarur boʻlgan yangi mahsulotlar oʻzlashtirilishini maʼlum qildi.

Umuman, bugungi kunda Yashnobodda iqtisodiyot tarmoqlariga xorij investitsiyalarini jalb etish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Tuman hokimining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosari Lazizbek Temirovning aytishicha, joriy yilda hududga 1,3 trillion soʻm miqdorida investitsiya jalb etilishi moʻljallanayotgan boʻlsa, shundan 130 million AQSH dollari toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyadir. Oʻtgan yetti oy mobaynida esa belgilanganidan 2 million dollar koʻp, yaʼni 77 million dollarlik sarmoya kiritilgan. Pirovardida, 35 ta korxona modernizatsiya qilinib, yangilari barpo etilgan. 500 kishi ish joyiga ega boʻlgan.

Yangi korxonaning yana bir jihatini ham inobatga olish kerak. Gap shundaki, hozirgi kunda “Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ni joriy etish ishlariga jiddiy kirishilmoqda. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan shu kungacha mamlakatimizning 24 ta tuman va shaharlarida 950 mingdan ziyod zamonaviy elektr hisoblagichlar oʻrnatildi. Bu miqdor yil oxirigacha 2,5 milliondan oshadi.

2020-yil yakuniga borib esa 7 milliondan ortiq isteʼmolchilarning barchasi ushbu tizimga toʻliq ulanishi lozim. Bundan koʻrinadiki,yangi korxona masʼhulotlariga ichki bozorimizda ham talab yuqori boʻlib boraveradi.

Dilshod ULUGʻMURODOV “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?