Yashirin korxona aniqlandi

15:33 12 Oktyabr 2019 Jamiyat
267 0

Fargʻona shahridagi Kimyogarlar koʻchasi 6-G uyda joylashgan “Fargʻona stats oyl” MCHJning noqonuniy faoliyatiga chek qoʻyildi. Bu haqda “Oʻzneftgazinspeksiya” axborot xizmati xabar berdi.

Bu holat “Oʻzneftgazinspeksiya” tomonidan neft va neft mahsulotlarini qayta ishlash boʻyicha yashirin sexlarni aniqlash va ularning faoliyatiga chek qoʻyish maqsadida oʻtkazilgan navbatdagi tadbirlar paytida aniqlandi.

Vakolatli organlardan ruxsat beruvchi hujjatlarga ega boʻlmagan holda korxona yashirin ishlab chiqarishni - xom neftga ishlov berish boʻyicha sexni tashkil qilgan. Foydalanilgan texnologiyaga koʻra, mahsulot gaz kondensatini toʻgʻridan-toʻgʻri haydash yoʻli bilan olingan, neft mahsulotlarini sovutish esa ularni 40-millimetrli 4 ta poʻlat quvur orqali haydash yoʻli bilan amalga oshirilgan. Bu quvurlar oqar suvli lotoklar ichidan oʻtkazilgan. Korxona hududida, shuningdek, 2 ta yer osti va 7 ta yer usti sigʻimlar, 4 ta bir tonnalik va 20 ta yigirma litrlik yelim idishlar, 4 ta 200 litrlik temir bochka va ikkita 1 metr kublik gorizontal idishlar topilgan.

Bir soʻz bilan aytganda, obyektda neft va neft mahsulotlariga ishlov berish boʻyicha ishlab chiqarish sikli tashkil qilingan. Aniqlangan ashyoviy dalillar orasida 5 tonna xom neft, 5,5 tonna dizel yoqilgʻisi, 23,5 tonna sanoat moyi, shuningdek, 12 tonna neft shagʻali va 3 tonna neft koksi bor.

Neft xomashyolar va qayta ishlangan mahsulotlar hamda moylar temir sigʻimlarda saqlangan. Hozirgi paytda idishlarda saqlangan neft mahsulotlarining umumiy hajmi aniqlanmoqda.

Topilgan idishlardagi mahsulotning sifatini aniqlash uchun 5 ta namuna olindi. Namunalar Fargʻona neftni qayta ishlash zavodining kimyoviy nazorat laboratoriyasiga batafsil tahlil oʻtkazish uchun yuborildi.

Foydalanilgan xomashyo boʻyicha ham tegishli hujjatlar mavjud emas, bu esa uning ushbu yashirin sexga noqonuniy ravishda, talon-taroj qilish yoʻli bilan yetkazilganligini bildiradi. Mahsulotning qayerdan va qanday yoʻllar bilan olib kelinganligi aniqlanishi kerak.

Taxminimizcha, xomashyo materialini noqonuniy olinishi manbai xom neft qazib olish va uni qayta ishlashga ixtisoslashgan yaqin atrofdagi korxonalar boʻlgan.

Neft va neft mahsulotlarini yetkazib berish, saqlash va undan foydalanish qoidalariga rioya qilish boʻyicha profilaktik tadbirlar davom etmoqda. “Oʻzneftgazinspeksiya” tadbirkorlarni

qonunchilikka rioya qilishga va oʻz faoliyatini qonun doirasida amalga oshirishni tavsiya qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?