Yashirin iqtisodiyotning oyogʻiga bolta urishga tayyormisiz?

15:39 28 Iyul 2020 Siyosat
357 0

Agar mamlakatda soliqlar oshirilib, tadbirkorlik subyektlari va yoki boshqa turdagi faoliyat turlari uchun ham litsenziya, sertifikatlar va ruxsatnomalar olishda koʻzda tutilmagan xarajatlar koʻpaysa, xom ashyo olish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishda turli toʻsiq va qiyinchiliklarga duch kelinaversa, bu omillar yashirin iqtisodiyotga yoʻl ochadi. Odamlar oldi-berdi qilishda mavjud qonun-qoidalarni chetlab oʻtib, iqtisodiy aloqalarini davom ettirishga urina boshlaydilar. Natijada yashirin tadbirkor va ishbilarmon koʻpayadi. Ularning qoʻlida ishlaydigan aholining esa huquqlari toʻlaqonli taʼminlanmaydi va bu ularning daromadi pasayishiga ham sabab boʻladi. Vaholanki, Oʻzbekistonda ham bunday iqtisodiyotning YAIMdagi ulushi 50 foizni tashkil qiladi.

Joriy yilning 27-iyul kuni Prezidentimiz rahbarligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida aynan yashirin iqtisodiyotni qisqartirish boʻyicha qilinishi lozim boʻlgan muhim masalalar yuzasidan aniq takliflar va topshiriqlar berildi.

Unda taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonda ham yashirin iqtisodiyotning YAIMdagi ulushini kamaytirish uchun qator islohotlar olib borildi. Jumladan, valyuta bozorining erkinlashtirilishi, 100 ga yaqin litsenziyalash qoidalarning qisqartirilishi yoki tadbirkorlar uchun soliq imtiyozlari va preferensiyalarning berilishi bu yoʻlda tashlangan muhim qadamlar boʻldi. Biroq, hali oldimizda yana bartaraf etish lozim boʻlgan muammolar ham talaygina.

Yaʼni yashirin iqtisodiyotni kamaytirish uchun “Insofli soliq toʻlovchi” tizimini yaxshiroq shakllantirish lozim. Bu — davlat soliq xizmati organlarini soliq toʻlovchilarning biznes-hamkori, maslahatchisiga aylantirish deganidir. Korxona va tashkilotlar soliqchini koʻrib, hadiksirashi emas, balki uning muammolarini hal etishda, imtiyozlardan foydalanishi uchun unga aniq koʻrsatma va tushuncha beradigan koʻmakchi sifatida qarashi lozim.

Endilikda, korrupsiya avj olgan Qurilish, Sogʻliqni saqlash hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklarida, «Oʻzbekneftgaz» va «Oʻzkimyosanoat» AJlarda xizmatchilarning xarajatlari va daromadlarining muvofiqligi ustidan nazorat oʻrnatish amaliyoti boshlanadi. Bu jarayon yil yakuniga qadar 14 ta tashkilotda va davlat ulushiga ega 10 ta bankda ham joriy etilishi koʻzlanmoqda.

Korrupsiyaning oldini olishda eng samarali yoʻl bu shubhasiz, inson omiliga chek qoʻyishdir. Ayniqsa, bu bojxona va soliq tizimida juda kerakli boʻlgan tizimdir. Yigʻilishda aynan Davlat bojxona qoʻmitasi va Davlat soliq qoʻmitasiga import tovarlarining kirib kelishi, bojxonadan oʻtkazilishi va sotilishi boʻyicha yagona bazani ishga tushirish boʻyicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, 2021-yil 1-yanvardan “Bojxona auditi” axborot tizimini joriy etish vazifasi ham belgilandi.

Bilasiz, oʻzini-oʻzi band qilish tizimining soddalashtirilgani natijasida 2020-yil iyul oyining oʻzida 184 ming fuqaro rasmiy sektorda ish yurita boshladi. Lekin, qurilish, savdo va umumiy ovqatlanish, transport va boshqa xizmat koʻrsatish sohalarida norasmiy bandlik darajasi hamon yuqori. Umuman, iqtisodiyotda band boʻlgan 10,5 million aholining atigi 4,9 millioni daromad soligʻi toʻlaydi. Yigʻilishda bunday sohalar boʻyicha manzilli ishlash, norasmiy faoliyat yuritayotgan subyektlarni ragʻbatlantiruvchi mexanizmlar orqali yashirin iqtisodiyotdan olib chiqish kerakligi aytildi. Savdo, umumiy ovqatlanish, transport va maishiy xizmat koʻrsatish sohalarida plastik kartalar va boshqa turdagi kontaktsiz toʻlovlarni aylanma daromad soligʻini hisoblash bazasiga kiritmaslik boʻyicha bildirilgan taklif esa, oʻzini-oʻzi band qilganlar uchun yana bir qulay imkoniyat boʻldi.

Yashirin iqtisodiyotni kamaytirish yoʻlida jamoatchilik nazorati ham muhim oʻrin egallaydi. Zero, bu odamlarda mazkur illatga qarshi nafrat tuygʻusini uygʻotish, ularni korrupsion holatlarga befarq boʻlmaslikka undashga yordam beradi.

Faxriddin SAMADOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?