“Yashil iqtisodiyot” tamoyillari elektr energiyasi rentabelligini oshirish, ta’minot barqarorligiga erishishga xizmat qiladi

09:50 20 Iyun 2018 Iqtisodiyot
318 0

Keyingi o‘n yillikda elektr hamda issiqlik energiyasiga bo‘lgan talabning ortib borayotgani yangi va yuqori samarali issiqlik elektr stansiya (IES)lari qurilishini jadallashtirishni taqozo etmoqda. Negaki, bu jarayonda ishlab chiqarish xarajatlari ham ko‘payib ketyapti. Ayni paytda IESda qo‘llanilayotgan yoqilg‘i tarkibida tabiiy gaz ulushi 91 foizni, ko‘mir 8 foizni, mazut esa atigi 1 foizni tashkil etayotgani buning yaqqol tasdig‘idir.

Shu bois 2022 yilga qadar IESning tabiiy gazga bo‘lgan bog‘liqligini kamaytirib, ko‘mir bilan barqaror energiya ta’minotini oshirish bo‘yicha maxsus dastur hayotga tatbiq qilinayotir. Chunki hisob-kitoblarga qaraganda, yurtimizda qattiq yoqilg‘i zaxiralari tabiiy gaznikidan uch barobar, neftnikidan esa besh barobar ko‘p ekan.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 20 foizi Yangi Angren va Angren IES hissasiga to‘g‘ri keladi. Ular 1950 — 1985 yillar mobaynida qurilgan bo‘lib, Angren ko‘mir konidan qazib olinayotgan qo‘ng‘ir ko‘mirning 85 foizi ushbu stansiyalarga uzluksiz ravishda yetkazib beriladi. Qo‘ng‘ir ko‘mirning o‘rtacha kullik darajasi 22 — 45 foizni tashkil qiladi. Yil fasliga qarab, har kecha-kunduzda mazkur IESda 5 mingdan 15 ming tonnagacha ko‘mir yoqiladi. Buning natijasida hosil bo‘ladigan tutun gazlar va kul tashlanmalari hududning ekologik holati, havoning ifloslanishi hamda inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi, albatta.

Shuning uchun amaliyotga “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini qo‘llash, innovatsion ishlanmalarni tatbiq etishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Izlanishlarimiz mahsuli bo‘lgan ko‘mirni integral gazlashtirish texnologiyasi ham ushbu maqsadga qaratilgan. Ya’ni u IESda qo‘llanilsa, tutun gazlar, kul tashlanmalarini kamaytirib, ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi rentabelligini oshirish, energota’minoti barqarorligiga xizmat qiladi. Aytaylik, agar oddiy IESning rentabelligi 34 foiz bo‘lib, yiliga 7767GVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilsa, ko‘mirni integral gazlashtirish texnologiyasi bilan ishlaydigan IESning rentabelligi 48 foizni tashkil etib, yiliga 10965 GVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. E’tiborli jihati, is gazini 79,6 foiz kamaytirib, azot, oltingugurt va kul tashlanmalari 100 foizgacha ushlab qolinadi.

Shu yo‘sinda, yangi texnologiya yordamida yiliga 11,5 million tonna suyultirilgan azot, 110 ming tonna oltingugurtni qayta ishlab chiqarishimiz mumkin. Bundan tashqari, yiliga 3,5 million tonnagacha ushlab qolinadigan is gazini yer ostida qurilgan maxsus omborlarga yig‘ib, undan sintetik yoqilg‘i va sintetik gaz ishlab chiqarish mumkin. Mazkur arzon yoqilg‘i resurslarni elektr hamda issiqlik energiyasini ishlab chiqarishda qo‘llash orqali esa IESda umumiy yoqilg‘i sarfini 46 foizgacha qisqartirsa bo‘ladi. Boshqacha aytganda, ishlab chiqarishga salkam 2 barobar kamroq yoqilg‘i sarflanib, Angren ko‘miri, Buxoro tabiiy gazi hamda Farg‘ona mazutini tejash imkoniyati yuzaga keladi.

Ta’kidlash kerakki, issiqlik elektr stansiyasi ehtiyoji va qurilmalarni sovitish uchun suv resursi yetishmasligi ishlab chiqarish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, albatta. Masalan, bizning elektr stansiyamizda yiliga 382,6 million tonna suv iste’mol qilinadi. Ko‘mirni integral gazlashtirish texnologiyasi bilan ishlash tizimiga o‘tilsa, suv sarfi uch barobar kamayadi. 

Innovatsion ishlanmaning yana bir afzalligi shundaki, uning sharofati bilan shahar ichi va tashqarisida to‘planib qolgan yonuvchi uglerodli chiqindilardan ham oqilona foydalanish mumkin. Chunki uning issiqlik darajasi ko‘mirnikidan ham yuqori — 3500 kilokaloriyani tashkil etadi. Shu ma’noda, uni ko‘mir va tabiiy gazning ma’lum qismi o‘rniga yoqilg‘i sifatida qo‘llanilishi elektr energiyasi tannarxining pasayishi, ekologiyaning yaxshilanishiga olib keladi. Bu orqali qazilma boyliklarimiz tejalishi barobarida, shahar atrofida chiqindilar yig‘ilishining ham oldi olinadi. Eng muhimi, zararli gazlar, toksik kimyoviy moddalar va og‘ir metall tashlanmalarini kamaytirib, chiqindilar asosida qurilish mollari, kimyoviy, yoqilg‘i-moylash materiallari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, bu orqali ichki bozorni arzon va sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish mumkin.

Ko‘rinib turibdiki, ko‘mirni integral gazlashtirish texnologiyasi nafaqat ko‘mir va tabiiy gazni iqtisod qilish, balki sintetik gazlar ishlab chiqarib, aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlarining yoqilg‘iga bo‘lgan talabini arzon resurslar bilan ta’minlashda qo‘l keladi. Amaliyotga bu kabi chiqitsiz texnologiyalar, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarining joriy etilishi esa pirovardida iqtisodiy samaradorlikka olib keladi.

Aziz RAHMONOV,
“Yangi Angren IES” AJ ishlab chiqarish
texnik bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?