“Yashil” hududlarga sport qaytmoqda: qator futbol musobaqalari tashkil etiladi

14:45 26 Iyun 2020 Sport
110 0

Jismoniy tarbiya va sport vazirining tegishli buyrugʻiga muvofiq shu yil 20-iyuldan boshlab mamlakatimizning “yashil” hududlarida sport musobaqalari boshlanadi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari respublikamizning “yashil” hududlarida hududiy futbol assotsiatsiyasi, hokimliklar, sogʻliqni saqlash va ichki ishlar boʻlimlari bilan kelishgan holda mahalla yoshlari oʻrtasida futbol boʻyicha “Mahallada futbol”, “Futbolimiz kelajagi” sport musobaqalarini tashkil etishlari mumkin.

Mini-futbol boʻyicha “Futbolimiz kelajagi” musobaqasida yurtimiz mahallalarida istiqomat qiluvchi 9-12 yoshli bolalar toʻrtta yosh toifasida (9, 10, 11 va 12) gʻoliblik uchun bahs olib borsa, 13-14 yoshli oʻsmirlar esa “Mahallada futbol” musobaqasida oʻz omadlarini sinab koʻrishadi. Bunda musobaqalar ikkita yosh toifasida oʻtkaziladi. Har ikkala musobaqa uch bosqichda tashkil etiladi.

Shuningdek, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan vazirlik, idora va tashkilotlarning markaziy apparat, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari xodimlari oʻrtasida futbol boʻyicha “Rahbar kubogi”, hududiy davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlari oʻrtasida futbol boʻyicha “Hokim kubogi” sport musobaqalari ham oʻtkaziladi.

Mazkur sport tadbirlari yoshlarni ommaviy sportga keng jalb etish, ular orasidan iqtidorli yoshlarni, chekka hududlardagi yoshlarga oʻz iqtidorini namoyon etishlariga koʻmak berish maqsadida tashkil etilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?