Yashashga ruxsat bering!

17:56 04 Aprel 2019 Jamiyat
532 0

Foto: muallif olgan surat.

Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari haqida matbuotda koʻp yoziladi. Bolalarning bu toifasi haqida eshitiboq, koʻpchiligimizda achinish hissi paydo boʻlishi ham tabiiy hol. Bunday muassasalar toʻliq davlat taʼminotida, bundan tashqari, homiylar, saxovatpesha insonlar oʻz yordamini ayamaydilar. Bugun deyarli barcha mehribonlik uylarida shunday yaxshi sharoitlar mavjudki, gapning ochigʻi, koʻpchilik ota-onalar bunday qulayliklarni farzandlariga oʻz uyida yaratib berolmaydi.

Xoʻsh, ushbu maskan tarbiyalanuvchilarining mustaqil hayotga yoʻl olganidan keyingi taqdiri qanday kechadi? Ularning barchasi turmush soʻqmoqlarida qoqilmay, jamiyatda oʻz oʻrnini topib ketyaptimi?

Toʻgʻrisi, hozircha bu savol xususida mutasaddilar unchalik bosh qotirmayotgandek koʻrinadi. Har holda, Mehribonlik uylarining ayrim sobiq bitiruvchilari hayoti bilan tanishuvimiz yuqoridagi toʻxtamga kelishga undadi.

Laylo Jumaniyozova Xiva shahridagi “Bolalar shaharchasi”da tarbiyalandi. Zehni oʻtkir va abjir qizaloq kichkinaligidan sportga oshno boʻldi, yillar oʻtib, muay-tay boʻyicha mamlakat chempioniga aylandi. Kollejni tugatgach bir yigitni uchratib, sevib turmush qurdi. Peshona ekan, oila qoʻrgʻoni darz ketdi, Layloning oʻzi yetimlikda oʻsgani yetmaganidek, ikkita farzandi ham taqdirning shunday sinoviga roʻbaroʻ boʻldi. Yolgʻiz ona hozir farzandlari bilan Urganch shahrida “Bolalar shaharchasi”ning bitiruvchilari uchun ajratilgan umumiy yotoqxonada yashayapti.

— Emizikli chaqalogʻim bilan biron joyda ishlashga imkonim yoʻq, bolalar bogʻchasiga esa uni uch yoshga toʻlmaguncha qabul qilishmaydi, — deydi Laylo. — Yolgʻiz ona sifatida bola parvarishi uchun nafaqa puli va moddiy yordam ajratilishini soʻrab mahalla fuqarolar yigʻiniga, shahar hokimligiga bir necha bor murojaat qildim. Qaysi eshikka bosh urib bormay, rad javobini olaverdim. Sababi, biz umumiy yotoqxonada vaqtinchalik roʻyxatda turamiz. Nafaqa va moddiy yordam fuqarolarga doimiy yashash joyi boʻyicha tayinlanar ekan. Bizning doimiy roʻyxatda turishga uy-joyimiz boʻlmasa, hech qayerda ishlamasam, farzandlarimni qanday boqaman? Bugun katta farzandim ikki yoshga toʻldi. Tugʻilgan kunida unga eng arzon shirinlikni olib berishga ham imkonim yoʻq. Yotoqxonamiz tabiiy gaz tarmogʻidan ajratilgan, elektr pechkada ovqat tayyorlaymiz, xonani isitamiz. Qarzdorlik oshib ketgani uchun majburiy ijro byurosidan kelib, elektr tarmogʻidan ajratish toʻgʻrisida ogohlantirish berib ketishdi. Ertaga chiroqsiz, oziq-ovqatsiz, pulsiz holimiz nima kechishini oʻylab karaxt ahvoldaman.

Tohirjon Rajabov ham Xivadagi “Bolalar shaharchasi”da voyaga yetgan. Oilali, ikki nafar farzandi bor. Oʻzi ham, turmush oʻrtogʻi ham ishsiz. Oʻz biznesini yoʻlga qoʻyish, peshona teri evaziga topgan daromadiga roʻzgʻorini tebratishni maqsad qilib Urganch shahar hokimligiga ustaxona qurish uchun yer uchastkasi ajratish masalasida murojaat etdi. Mutasaddilarga kollejni tamomlagani, ishsiz ekanligi, uy-joyi yoʻqligi, oilaviy ahvolini tushuntirdi. Ancha sarf-xarajat qilib zarur hujjatlarni ham tayyorladi. Ammo hokimlik binosidan chiroyli vaʼdalar bilan chiqqan Tohirning niyatlari ushalmadi, muammolari, yillar oʻtsa-da, barham topmadi. Hafsalasi pir boʻlgan yigit koʻchada duch kelgan mardikorlik ishlarini qilib yuribdi.

— Oilam bilan yotoqxonadagi 2 xonali seksiyada yashaymiz, — deydi Tohirjon. — Oshxona, yuvinish xonalari har bir qavatdagilar uchun umumiy. Biz ham doimiy roʻyxatda turmaganmiz uchun bola parvarishi boʻyicha nafaqa ololmaymiz. Bankdan kredit olmoqchi boʻlsak ham, “propiska” muammosi koʻndalang turadi. Nahotki, mulkka egalik huquqini bermagan holda yashab turgan xonamizga doimiy roʻyxatga qoʻyishning iloji boʻlmasa?

Bola parvarishi uchun nafaqa olish muammosi “Bolalar shaharchasi”ning koʻpchilik bitiruvchilarini yillar mobaynida qiynab kelayotgani bois masalaga oydinlik kiritish maqsadida Urganch shahar moliya boʻlimi mutasaddilariga murojaat etdik. Maʼlum boʻlishicha, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan 14 yoshgacha bolalari boʻlgan oilalarga nafaqa, bola ikki yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha nafaqa va kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi 44-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan ajratiladi. Mazkur Nizomning 12-bandida esa bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam, shuningdek, bola parvarishi boʻyicha nafaqa ariza beruvchining doimiy yashash (roʻyxatdan oʻtish) joyi boʻyicha tayinlanishi belgilangan.

Xoʻp, huquqiy jihatdan mutasaddilarning xatti-harakatlari toʻgʻri, ammo insoniylik nuqtai nazaridan yondashsak, shundoq ham koʻngli oʻksik, ogʻir ijtimoiy vaziyatda qolgan ehtiyojmand oilalar taqdiriga shunchalik befarq munosabatda boʻlishni qanday oqlash mumkin?! Nega deputatlar, mahalliy hokimliklar, boshqa tegishli tashkilotlarda doimiy yashash joyiga ega boʻlmagan kam taʼminlangan oilalar manfaatlarini himoya qilish maqsadida ushbu Nizom talablariga oʻzgartirish kiritish tashabbusi yoʻq? Axir hech bir normativ-huquqiy hujjat oʻzgarmas xususiyatga ega emas, unga tuzatishlar kiritish mumkin-ku. Aslida uyma-uy yurib, xalq bilan muloqot qilishdan maqsad ham ana shunday muammolarga yechim topish emasmi? Davlatimiz rahbari yaqinda Buxoro viloyati faollari bilan uchrashuvida qarsaklar, balandparvoz gaplarga chek qoʻyib, har bir xonadon, shaxs bilan manzilli, alohida-alohida ishlash zarurligini bejiz taʼkidlamagandir?!

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 11 fevralda qabul qilingan “Yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga uy-joy sotib olish uchun ipoteka kreditining dastlabki badali Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining Rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻlab berilishi koʻzda tutilgan. Shuningdek, ushbu tashkilot zimmasiga tarbiya muassasalarini tamomlagan yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning ishga joylashishiga koʻmaklashish hamda bu borada tizimli monitoring olib borish vazifasi yuklatilgan.

Afsuski, Yoshlar ittifoqining viloyat kengashi masʼul rahbarlari ushbu qaror mohiyatidan bexabar koʻrinadi. Aks holda, umid bilan ostonasiga bosh urib borgan, ogʻir ijtimoiy ahvolda qolgan yolgʻiz onaning qayta-qayta murojaatlariga quloq tutgan, umumiy yotoqxonadagi yoshlar muammolariga “Oʻzing uchun oʻl yetim” qabilida munosabatda boʻlmagan boʻlardi. Yoshlar ittifoqining asosiy vazifalaridan biri mana shunday uyushmagan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi ijtimoiy faolligini oshirishdan iborat emasmi?!

Yuqorida taʼkidlangan qarorda ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan hamda yetim bolalarni yanada qoʻllab-quvvatlash, ularning turarjoy sharoitlarini yaxshilash maqsadida 2020 yildan boshlab arzon koʻp kvartirali uylarni qurish va ularga imtiyozli ipoteka krediti asosida berish koʻzda tutilgan. Demak, Laylo, Tohirjon singari yoshlar oʻzlari orzu qilgan qulay va shinam uylarga ega boʻladigan quvonchli kunlar yaqin. Har qalay, shunga umid qilamiz...

Odilbek Odamboyev (Xalq soʻzi).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?