Yarim milliard soʻmdan ziyod yetkazilgan zarar isteʼmolchilarga qaytarildi

17:18 08 May 2019 Jamiyat
329 0

Umriya Ostonova Buxoro shahar Hamza koʻchasida joylashgan 59 – sonli doʻkondan zamonaviy qoʻl telefoni sotib oldi – yu bir hafta ham oʻtmay turib bu matohning ishkali chiqdi.

“Endi bir million 600 ming soʻmga kuyib qolamanmi, deb tashvishga tushib qolgan Umriyaning yodiga telefonni bir yillik kafolat bilan olgani tushdi. Doʻkonga bordi.Uyali telefonni qaytarib bermoqchiligini aytdi. Bu gapni eshitgan sotuvchi “Telefonni ishlatdingiz, endi qaytarib olish yoʻq, tamom – vassalom” deb balanddan keldi. Tabiiyki, oʻrtada asabbuzarlik kelib chiqdi. Chiroyli muomala, shirinsuxanlik bilan bitishi mumkin boʻlgan ish ancha jiddiylashdi. Natijada U. Ostonova isteʼmolchi sifatidagi haq – huquqini himoya qilishni soʻrab Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Buxoro shahar jamiyatiga murojaat qildi.Jamiyat xodimlari zudlik bilan savdo doʻkoniga yetib kelib, vaziyatni oʻrgandilar va isteʼmolchi haq ekanligini sotuvchiga tushuntirdilar. Tartib – qoidadan qochib boʻlmasligini anglagan sotuvchi isteʼmolchiga uyali telefon pulini toʻliq qaytarib berdi. Umriya Ostonova beminnat yordamlari uchun jamiyat jamoasiga minnatdorlik bildirdi.

Bu isteʼmolchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi amaliy ishlardan bir misol, xolos. Mazkur jamiyat xodimlari 2018 yil hamda joriy yilning oʻtgan davrida isteʼmolchilardan yozma va ogʻzaki hamda “ishonch telefon”ni orqali tushgan murojaatlarning 98 foizini ijobiy hal etib, yarim milliard soʻmdan ziyod yetkazilgan zararni isteʼmolchilar foydasiga qaytardilar.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?