Yarim yillik faoliyat natijalari: Nimalarga erishildi, nimalar qilishimiz kerak?

11:35 30 Iyul 2020 Siyosat
196 0

Oʻtgan davrda — joriy yil yarim yilligida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilar ekanmiz, faoliyatimiz davomida muayyan natijalarga erishganimizni qayd etish joiz. Ayni paytda bulardan havolanmagan holda, bajarilishi ortga surilgan vazifalarning sababini tahlil qilish va kelajakda amalga oshiriladigan ishlarni belgilab olishga asosiy eʼtiborni qaratmoqdamiz.

Davlatimiz rahbari joriy yil yanvar oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi tashkiliy majlisida, Oliy Majlis palatalarining qoʻshma majlisi hamda Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida parlament aʼzolari, xususan, Qonunchilik palatasi oldida turgan ustuvor yoʻnalishlarga toʻxtalib, bir qator taklif va tavsiyalarini ilgari surgan edi. Qoʻmita oʻz ishini aynan ushbu vazifalar, shuningdek, quyi palata Kengashining qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2020-yilga moʻljallangan faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan kelib chiqib tashkil etdi.

Qoʻmitamiz parlamentning asosiy funksiyasi — qonun ijodkorligi yoʻnalishida faol ish olib bordi. Oʻtgan olti oyda 3 ta qonun loyihasi tayyorlandi. Yangi tahrirdagi “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi, “Nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlari toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilinib, Senatga yuborildi. Ayni vaqtda Oila kodeksiga “koʻp bolali oila” tushunchasini alohida modda bilan kiritish va qonunchilik normalarini shu modda bilan birxillashtirish koʻzda tutilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ustida ishlanmoqda.

Oʻtgan davrda qoʻmita masʼul boʻlgan qonun loyihalari muhokamasi boʻyicha 35 ta ishchi guruhlar yigʻilishi va 8 ta ekspertlar guruhi yigʻilishi tashkil etildi. Shuningdek, fraksiyalararo debatlar va hududlarda tegishli mutasaddilar, mahalliy Kengash deputatlari ishtirokida jamoatchilik muhokamalari oʻtkazildi.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi tufayli karantin chora-tadbirlari belgilanib, ish jarayonini karantin qoidalaridan kelib chiqib, tashkil etildi. Qoʻmitaning 15 ta yigʻilishi videokonferensiya shaklida oʻtkazildi.

Qoʻmita Qonunchilik palatasida Oʻzbekiston Respublikasida aholi bandligini taʼminlash, ijtimoiy siyosatning asosiy yoʻnalishlari qabul qilinishi, ularda davlat dasturlari ijrosining borishini nazorat qilish, shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining hisobotini eshitishni tashkil etish uchun masʼul hisoblanadi. “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, qoʻmita tomonidan 9 ta nazorat-tahlil tadbiri oʻtkazildi. Shundan 2 tasida bevosita Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining axborotlari eshitildi.

Prezidentimizning “2019-yilda aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini tashkil etish boʻyicha davlat buyurtmasi toʻgʻrisida”gi qarorining Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi ijrosini oʻrganish yakunlariga bagʻishlangan kengaytirilgan videokonferensiya yigʻilishida ham tegishli vazirlik va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat vakillari maʼlumot berdi. Shuningdek, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi ijro etuvchi direktori oʻrinbosari Oʻzbekistonda fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti holati, mavjud muammolar va istiqboldagi rejalar toʻgʻrisidagi axboroti ham eshitildi.

Qoʻmita aʼzolaridan 6 nafari Qonunchilik palatasida tuzilgan ishchi guruhida aholining turmush darajasini yaxshilash, bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlarning muammolarini hal etish borasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Samarqand, Jizzax viloyatlarida amalga oshirilgan ishlarning holatini oʻrganish boʻyicha samarali faoliyat yuritdi.

Aholi murojaatlari bilan ishlash, ularni qiziqtirgan savollarga va qiynayotgan muammolarga tezkorlik bilan yechim topish masalalari qoʻmita tomonidan doimiy nazoratga olingan. Oʻtgan davrda qoʻmitaga jami 316 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning barchasi qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrib chiqilgan. Alohida qayd etish joizki, keyingi paytlarda qonun hujjatlarini takomillashtirishga qaratilgan takliflar koʻpaygan. Bu esa fuqarolarning qabul qilinayotgan qonunlarga qiziqishi ortib borayotganini koʻrsatadi. Jumladan, joriy yilning 6 oyi davomida aholidan 59 ta takliflar kelib tushdi.

Qoʻmitamiz aʼzolari tomonidan davlat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlariga joriy yilning 6 oyida jami 17 ta deputat soʻrovi yuborilgan. Deputat soʻrovi orqali hududlardagi ayrim muammolarning ijobiy hal etilishiga erishilgan. Misol uchun, Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumani Kichik Tagob qishlogʻida joylashgan 6-umumiy oʻrta taʼlim maktabining rekonstruksiya qilinishi masalasida xalq taʼlimi vaziriga yuborilgan soʻrov va Fargʻona viloyati hokimligiga qilingan murojaat natijasida muammo ijobiy hal etilgan. Hozirda maktabda rekonstruksiya va taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.

Saylovchilar bilan muloqot qilish, ularni qiynayotgan masalalarga yechim topishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatidan unumli foydalanib, masofaviy ishlashni kuchaytirishga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz. Buning samarasi oʻlaroq, hisobot davrida qoʻmita deputatlaridan 12 nafari oʻzining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda onlayn muloqotlar asosida saylovchilardan 50 dan ziyod murojaatlarni qabul qilib olishdi. Ulardan 31 tasi oʻrnatilgan tartibda hal etildi, 19 tasini hal qilish yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda.

Umuman aytganda, zimmamizda bajarilishi lozim boʻlgan vazifalar koʻp. Hozirgi pandemiya davrida aholining ishsiz qatlamini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, faoliyati toʻxtab turgan kichik biznes, ayniqsa, xizmat koʻrsatish subyektlarining davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlardan foydalanishini taʼminlash, aholi bandligini kafolatlash yoʻnalishidagi islohotlarni huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash oʻta dolzarb boʻlib turibdi. Shu bois masʼuliyatni yana-da chuqur his etgan holda, birdamlikda faol saʼy-harakat olib borishimiz maqsadga muvofiq.

Mavludaxon XOʻJAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?