Yaqin qarindoshlar nikohiga doir mulohazalarda nozik nuqta bor...

16:37 25 Fevral 2019 Jamiyat
714 0

Illyustrativ foto

Qator internet nashrlari xabar berganidek, Oʻzbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz)da “Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 16-moddasiga qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni loyihasi muhokamaga qoʻyildi.

Mazkur loyihaga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi 16-moddasi uchinchi xatboshisini quyidagi yangi tahrirda bayon etish koʻzda tutilgan:

“nasl-nasab shajarasi boʻyicha toʻgʻri tutashgan qarindoshlar oʻrtasida, tugʻishgan va oʻgay aka-ukalar bilan opa-singillar oʻrtasida, ota-onaning aka-uka va opa-singillarining farzandlari oʻrtasida, shuningdek farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar oʻrtasida;”

Advokatnews.uz manbasida yozilishicha, mazkur tahrirda “ota-onaning aka-uka va opa-singillarining farzandlari oʻrtasida”gi nikohning ham taqiqlangan nikohlar roʻyxatiga kiritilgani jamoatchilikning keng muhokamasiga sabab boʻlmoqda.

“Biz portalda va ommaviy axborot vositalarida bildirilayotgan fikr-mulohazalarni oʻrganib koʻrganimizda, bir jihat eʼtiborimizni tortdi. Yaʼni ushbu meʼyorni qoʻllab-quvvatlayotganlarning aksariyati qarindoshlar oʻrtasidagi nikohni qoʻllab-quvvatlamasliklarini bayon qilishmoqda va bunday nikohga qarshi kurashishda qonun yoʻli bilan taqiq qoʻyish qanchalik muhim ekanligi toʻgʻrisida deyarli toʻxtalishmaydi. Bu esa ularning fikrlari qonun loyihasiga nisbatan munosabatdan koʻra koʻproq yaqin qarindoshlar nikohiga nisbatan munosabatga yaqinroq ekanini koʻrsatadi.

Ayni paytda bunday taqiqning qonuniylashtirilishiga qarshi boʻlganlarning koʻpchiligi esa aynan qonun loyihasi ustida fikr bildirib, unga qarshi fikrlarini bayon qilganlar. Zero, ular ham aslida yaqin qarindoshlar oʻrtasidagi nikohni qoʻllab-quvvatlamaganlar. Balki bunday nikohga qarshi kurashish uchun qonun bilan taqiqlash yoʻlidan borishni notoʻgʻri, deb hisoblaydilar.

Bunday munosabat, bizning nazarimizda, masalaga jiddiyroq yondashish lozimligini, loyiha boʻyicha bildirilgan ovozlarni hisoblashda ehtiyot boʻlish kerakligini koʻrsatadi.

Shu bois kasb taqozosiga koʻra, inson huquqlari, jumladan, oilaviy munosabatlardagi huquqlar bilan bevosita shugʻullanadigan kasb sohiblari boʻlmish advokatlarning fikri bu masalada muhim deb hisoblaymiz”, deyiladi xabarda.

Mazkur qonun loyihasi boʻyicha munosabatlarning @advokatnews_bot manzili orqali yuborilishi soʻralgan. “Zero, sizning asosli fikrlaringiz loyihaning qabul qilinishi yoki rad etilishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin”, deya taʼkidlanadi manbada.

Eslatib oʻtamiz, ushbu qonun loyihasi muhokamasi 2019 yil 9 mart kuni yakunlanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?