Yaponiyaning farmsanoat vakillari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi

16:39 04 Oktyabr 2019 Jamiyat
146 0

Shu kunlarda Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasi Yaponiyada amaliy tashrif bilan boʻlib turibdi. Delegatsiya aʼzolari orasida Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish Agentligi direktori Sardor Kariyev va Agentlikning yetakchi mutaxassislari ham bor boʻlib, ular sogʻliqni saqlash tizimi yetakchilari va farmatsevtika sohasida faoliyat yurutivchi qator kompaniyalar rahbarlari bilan samarali uchrashuvlar uyushtirdilar. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, tashrif davomida Oʻzbekiston vakillari Yaponiyaning JPMA Farmatsevtika ishlab chiqaruvchilari uyushmasi rahbariyati bilan uchrashdilar.

Delegatsiyamiz aʼzolari oʻz taqdimotida Oʻzbekiston Respublikasi farmatsevtika tarmogʻining sarmoyaviy salohiyati, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berishdi. “Uchrashuvda biz JPMA Farmatsevtika ishlab chiqaruvchilari uyushmasi va Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish Agentligi oʻrtasida Anglashuv va Hamkorlik memorandumlarini imzolash masalasini muhokama qildik”, - dedi Sardor Kariyev.

Shuningdek, Yaponiya Sogʻliqni saqlash vazirligining Salomatlik siyosati tashkiloti direktori Yoshida Manabu bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston va Yaponiya mutaxassislari farmatsevtika sohasi boʻyicha maʼlumot almashdilar. Taʼkidlash joiz, xorijiy sarmoyadorlar uchun Oʻzbekistonda turli sohalarda, xususan, farmatsevtika sohasida yaratilayotgan sharoitlar va berilayotgan imtiyozlar katta qiziqish uygʻotdi. Tomonlar farmatsevtika sohasi va tibbiy asbob-uskunalar borasida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

“Biz, shuningdek, Takeda kompaniyasi Boshqaruvi raisining oʻrinbosari Tomoyuki Osuka bilan ham uchrashdik, - dedi S.Kariyev. - Oʻzbekistonda Takeda kompaniyasi mahsulotlarini mahalliylashtirish nuqtayi nazaridan hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildik. Mamlakatimizning sarmoyaviy salohiyati va xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar borasidagi taqdimot mezbon tomonining eʼtiborini jalb qildi. Bunda biz sharoit va imtiyozlar bilan yaqindan tanishishlari uchun yaponiyalik mutaxassilarni Oʻzbekistonga taklif qildik.

“Aliment Industry Co.LTD” kompaniyasi Prezidenti bilan uchrashuv ham samarali kechdi. Tomonlar yapon texnologiyalaridan foydalangan holda dori-darmonlar ishlab-chiqarishni tashkil etish boʻyicha doiraviy bitimni imzolash masalasini koʻrib chiqdilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?