Yaponiyalik koʻngillilar sirdaryolik maktab oʻquvchilariga saxovat yordami yuboradi

14:00 15 Sentyabr 2020 Dunyo
142 0

Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) koʻngillilari ishtirokida muntazam uchrashuv va tadbirlar oʻtkazadi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Muloqot chogʻida ular Oʻzbekistonning zamonaviy rivojlanishi, mamlakatdagi muhim ijtimoiy va siyosiy voqealar, keng koʻlamli oʻzgarishlar bilan tanishtiriladi.

Yaqinda mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasida turli yillarda Oʻzbekistonda ishlagan koʻngillilar guruhi aʼzolari - Mari Ishikava, Takumi Ito, Akixiro Kavano va Tomotaka Aoki bilan Oʻzbekistonda turli yillarda ishlagan navbatdagi uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv chogʻida koʻngillilarning Oʻzbekiston – Yaponiya munosabatlarini rivojlantirishdagi oʻrni muhokama qilindi. Qayd etilganidek, JICA koʻngillilar dasturi doirasida 20 yil davomida Yaponiyaning taʼlim, sogʻliqni saqlash, moliya, biznes, madaniyat va sport sohasidagi 350 nafar mutaxassisi mamlakatimizda boʻlgani taʼkidlandi.

Yaponiyalik koʻngillilarning vatanga qaytib, Oʻzbekiston madaniyati, sanʼati va sayyohlik salohiyatini targʻib qilishdagi koʻmaklari uchun minnatdorlik bildirildi.

Taʼkidlash joiz, JICA koʻngillilari shu yilning may oyida Sardoba tumanida yuz bergan fojiaga befarq qarab turmadi. Ular Yaponiyadagi Oʻzbek yoshlari assotsiatsiyalari bilan birgalikda xayriya tadbirlari oʻtkazdi, Oʻzbekiston haqidagi kitoblar savdosini va yapon jamoatchiligi uchun qator onlayn seminarlarni tashkil qildi. Ushbu tadbirlar doirasida jabrlanganlarga yordam berish maqsadida 223 ming yen (taxminan 2,2 ming AQSH dollari) yigʻildi.

Elchixonadagi uchrashuv davomida yapon koʻngillilari yigʻilgan mablagʻni Yaponiyadagi Oʻzbek yoshlari assotsiatsiyasiga topshirdi. Ushbu mablagʻlar oʻquv qurollari xarid qilishga sarflanadi va Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda talafotdan zarar koʻrgan hududlardagi maktab oʻquvchilariga yuboriladi.

Uchrashuv yakunida yaponiyalik koʻngillilar elchixona bilan yaqin aloqalarni oʻrnatishga va turli qoʻshma tadbirlarda qatnashishga, Oʻzbekiston – Yaponiya hamkorligini yana-da rivojlantirishga koʻmaklashishga tayyor ekanliklarini tasdiqlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?