Yaponiyada ishsizlarga bir shart bilan oyiga 1830 AQSH dollari toʻlanadi. Nima uchun?

18:10 02 Dekabr 2019 Jamiyat
110 0

Yaponiyaning Plasma Inc. Kompaniyasi oʻziga xos ijtimoiy eksperimentga qoʻl urdi. Unga koʻra, mamlakatdagi ishsizlarga oyiga 1830 AQSH dollari toʻlanadi. Faqat bir shart bilan. Yaʼni pulni oladiganlar oʻz uylarini tunu kun videotasvirga tushirishlariga rozilik berishlari kerak boʻladi. Shunday qilib, kompaniya robotlashtirish natijasida ishidan ayrilganlarni qoʻllab-quvvatlamoqchi, deb yozadi Inc.

Turli prognozlarga koʻra, avtomatlashtirish va raqamlashuv odamlarni koʻplab ish oʻrinlaridan ayirmoqda. Ishsiz qolganlar esa yashashi kerak. Ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ayrim tadqiqotchilar kafolatlangan bazaviy daromadni taklif etishyapti. Yaponiya esa bu borada yanada ilgari ketib, ishsizlar oʻz shaxsiy hayotini sotish evaziga pul ishlashga tayyormi yoki yoʻqligini aniqlashga kirishdi.

Ushbu gʻoyani tekshirib koʻrish maqsadida Plasma Inc. doimiy daromadga ega boʻlmagan insonlarga uylarida har kuni 24 soat videoga tushirish ishlarini olib borish evaziga oyiga 1830 dollar taklif etyapti. Bu Yaponiyada ishsizlarga beriladigan maoshdan ikki barobar koʻpdir. Kameralar vanna va hojatxonadan tashqari barcha joylarga oʻrnatiladi.

Loyiha rahbarlari yozuvlar internetda shaxsni aniqlash tizimida himoyalanganini tasdiqlashmoqda. Qolaversa, mazkur videotasvirlar hozircha omma eʼtiboriga havola etilmaydi. Hozircha Plasma Inc. bunday materiallarni qanday qilib sotish mumkinligi ustida bosh qotiryapti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?