Yaponiya parlamenti delegatsiyasi bilan uchrashuv

13:26 19 Sentyabr 2019 Jamiyat
76 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Joriy yil 19-sentyabr kuni Senatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyevning Yaponiya parlamenti Vakillar palatasi delegatsiyasi bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Suhbat davomida delegatsiya aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida xabardor qilindi. Ularning amaliy natijalari tadbirkorlik muhiti yaxshilanishida, makroiqtisodiy koʻrsatkichlar barqarorligida, xorijiy mamlakatlar va nufuzli xalqaro moliyaviy tuzilmalarning respublika bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga qiziqishi tobora ortib borayotganida oʻz aksini topmoqda. Masalan, Yaponiyaning moliyaviy-texnik koʻmagi tufayli Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash, taʼlim, energetika, transport, telekommunikatsiyalar sohasida va boshqa yoʻnalishlarda qator ijtimoiy ahamiyatga molik va infratuzilmaviy loyihalar amalga oshirildi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Uchrashuvda olib borilayotgan islohotlarning huquqiy asosini yaratish va takomillashtirishda parlamentning roli oshib borayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasida parlamentlararo muloqotni faollashtirish parlament aʼzolari hamkorligi mexanizmini rivojlantirish va mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi. Bu jarayonlarda “Oliy Majlis – Yaponiya parlamenti” parlamentlararo guruhi, Yaponiyaning Oʻzbekiston bilan doʻstlik parlament ligasi va “Yaponiya – Oʻzbekiston demokratik partiyasi” doʻstlik ligasi alohida rol oʻynaydi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, shu jumladan Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasida parlamentlararo hamkorlikni chuqurlashtirish, shuningdek mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.

“Biz Oʻzbekistonga Yaponiya siyosatida muhim oʻrni boʻlgan mamlakat sifatida qaraymiz, - taʼkidladi Yaponiya Vakillar palatasi aʼzosi Karen Makishima. – Fursatdan foydalanib, Oʻzbekiston xalqiga yaponlarning xotirasiga hurmat bilan munosabatda boʻlganligi uchun minnatdorlik bildirmoqchiman”.

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston va Yaponiyaning ikki tomonlama hamkorligi xalqaro va mintaqa kun tartibidagi barcha masalalar boʻyicha yuksak darajada strategik sheriklikni oʻz ichiga oladi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar bundan buyon ham Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash uchun barcha saʼy-harakatni ishga solishga tayyor ekanini bildirdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?