Yaponiya hukumati Markaziy Osiyoda chegara nazorati sohasidagi hamkorlik tashabbusi va mobil guruhlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 6,8 million AQSH dollar ajratmoqda

18:19 27 Fevral 2020 Jamiyat
249 0

Bugun Toshkent shahrida Yaponiya hukumati hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi, Markaziy Osiyodagi Chegara aloqa boʻlinmalari (CHAB) va Oʻzbekistondagi Idoralararo mobil guruhlarning (IMG) salohiyatini oshirish orqali chegaralararo hamkorlikni takomillashtirish yoʻli bilan giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi va transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash sohasida amalga oshirilayotgan UNODC tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 6,8 million AQSH dollari miqdorida grant bitimini imzoladilar. Bu haqida YUNODK matbuot xizmati xabar berdi.

Almashinuv notalari Yaponiyaning Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi janob Yoshinori Fudziyama hamda BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Ashita Mittal tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish Milliy axborot-tahlil markazi direktori Olim Narzullayev, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmanistonning Oʻzbekistondagi elchilari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Chegara qoʻshinlari va Bosh prokuratura rahbar vakillari ishtirokida imzolandi.

Elchi Yoshinori Fudziyama “Ushbu loyiha orqali biz Markaziy Osiyodagi davlatlar oʻrtasida chegara nazoratini yana-da takomillashtirish orqali narkotik moddalar savdosi muammosiga qarshi birgalikda kurashish uchun yana-da koʻproq chegaralararo hamkorlik va muvofiqlashtirishni kutib qolamiz. Bu, bir tomondan, giyohvand moddalar musodarasining ortishiga va chegaralararo uyushgan jinoyatlarning kamayishiga olib kelishi kutilmoqda“ deb taʼkidlab oʻtdi.

“Ushbu yangi IMG (Idoralararo mobil guruhlar) va CHAB (Chegara aloqa boʻlinmalari) tashabbuslari BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasining Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish idoralari bilan amalga oshirayotgan muvaffaqiyatli hamkorligining natijasidir, — dedi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazining direktori Olim Narzullayev.. — Mazkur tashabbuslar doirasida koʻrsatiladigan amaliy koʻmak qonunchilik va amaliy-meʼyoriy bazani rivojlantirishga, huquqni muhofaza qilish sohasida qoʻllaniladigan ixtisoslashtirilgan zamonaviy jihozlar bilan taʼminlashga, shuningdek, oʻquv kurslari, amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish va giyohvand moddalarning noqonuniy savdosiga qarshi kurash borasidagi hamkorlikdagi tezkor tadbirlar oʻtkazish orqali huquqni muhofaza qilish idoralarining salohiyatini oshirishga qaratilgan.“-

BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boshqarmasining xalqaro dasturlar muvofiqlashtiruvchisi janob Yusuf Qurbonovning soʻzlariga koʻra, 4,5 million AQSH dollaridan ortiqroq mablagʻ Markaziy Osiyoda xalqaro chegara punktlarining yangi chegara aloqalari boʻlinmalarini tashkil etish orqali kuchaytirish, Oʻzbekistonda Situatsion markaz tashkil qilish va boshqa mamlakatlardagi bunday markazlar faoliyatini yana-da rivojlantirish orqali chegarada xizmat qilayotgan huquqni muhofaza qilish idoralarining tahlil qilish borasidagi salohiyatini oshirishni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltiriladi.

Idoralararo mobil guruhlarni tashkil etish boʻyicha Oʻzbekiston hamda BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasining hamkorlikdagi tashabbusini amalga oshirish uchun 2,3 million AQSH dollari ajratilgan. Yangi Idoralararo mobil guruhlarni tashkil qilish boʻyicha loyihaning faoliyati yuzaga kelayotgan narkovaziyatdan kelib chiqib Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish idoralarining giyohvand moddalarga qarshi kurash borasidagi salohiyatini yana-da kuchaytirishga qaratiladi. Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi va Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi tashabbusning benefitsiarlari boʻladi. Bosh Prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti ham noqonuniy mablagʻlarni legallashtirishga qarshi kurash borasida muhim ishlarda moliyaviy surishtiruvlarni olib borish orqali ushbu loyihada ishtirok etadi. Andijon, Buxoro, Jizzax, Qarshi, Namangan, Navoiy, Urganch shaharlarida yangi ofislar tashkil etiladi va Toshkent, Samarqand, Nukus, Termiz, Fargʻona va Sirdaryo shaharlaridagi mavjud boʻlgan 6 ta IMG yana-da takomillashtiriladi. Ular Tezkor tadbirlarni muvofiqlashtirish guruhi tomonidan tarmoqli aloqa orqali oʻzaro bogʻlanadi va muvofiqlashtiriladi.

BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi bilan amalga oshirilayotgan hamkorlik uchun Yaponiya xalqiga, shuningdek Markaziy Osiyo mamlakatlariga minnatdorlik bildirar ekan, Ashita Mittal xonim giyohvand moddalar va jinoyatchilikning mamlakatlarimiz, jamiyat, oilalar va yoshlarga koʻrsatayotgan katta salbiy taʼsiridan mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash bizning umumiy majburiyatimiz deya taʼkidladi. Oldinga harakat qilishning yagona yoʻli – bu xavfsizlik, sogʻliqni saqlash va munosib rivojlanishni kuchaytirish zarurligi borasida hamfikrligimizga erishish uchun chegaralararo va idoralararo hamkorlikni rivojlantirishdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?