Yaponiyada kuzatilayotgan tabiiy ofat qurbonlari soni yuzdan oshib ketdi

09:53 10 Iyul 2018 Dunyo
357 0
Foto: EPA

Yaponiyada kuzatilayotgan kuchli yomg‘ir va uning oqibatida kelib chiqqan tuproq ko‘chkilari hamda suv toshqinlari oqibatida qurbonlar soni ortmoqda. Ayni paytga kelib ularning soni 100 kishidan ortib ketdi. Yana 50 kishi bedarak yo‘qolgan, deb xabar berdi BBC News.

Mamlakatning g‘arbiy qismida o‘tgan hafta boshlangan surunkali yog‘ingarchilik esa hamon davom etyapti. Yog‘in miqdori iyul oyi me’yoridan uch barobar ko‘payib ketgan.

Kiodo axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, hayotdan ko‘z yumganlarning ko‘pchiligi Xonsyu oroli janubi-g‘arbidagi Xirosima va Sikoku orolidagi Exime viloyatlari aholisi vakillaridir.

Hukumat ikki milliondan ortiq aholi vakiliga xavfsiz joylarga ko‘chishni buyurgan.

Qutqaruvchilar esa tirik qolganlarni qidirishda davom etyapti.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatga o‘tgan hafta “Prapirun” to‘foni yopirilib kelishi oqibatida ana shunday tabiiy ofatlar boshlandi.

Ma’lumot uchun, ushbu tabiiy ofat munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bosh vaziri Sindzo Abega hamdardlik bildirdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?