Yapon kompaniyalari Oʻzbekiston gaz uzatish tizimini modernizatsiya qilish boʻyicha tenderda ishtirok etadi

15:14 17 Oktyabr 2019 Jamiyat
67 0

Joriy yilning sentyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifi natijasiga koʻra mamlakatning “Itochu Corporation” va “Marubeni Corporation” kabi yetakchi kompaniyalari “Dispetcherlik markazi, monitoring va gaz infratuzilmasi obyektlarini boshqarishni (SCADA) joriy etish bilan Oʻzbekiston Respublikasida gaz uzatish tizimini modernizatsiyalash” loyihasini hamkorlikda amalga oshirish borasida qiziqish bildirgani munosabati bilan uchrashuv tashkil etildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv davomida “Oʻztransgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ikki bosqichda amalga oshirilishi koʻzda tutilayotgan “Oʻzbekiston Respublikasi gaz uzatish tizimini modernizatsiya qilish loyihasi” taqdimoti oʻtkazildi. Yaponiya kompaniyalari loyihaning Osiyo taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtiriladigan birinchi bosqichini amalga oshirish boʻyicha xalqaro tenderda ishtirok etish istagida ekanliklarini, loyihaning ikkinchi bosqichida esa Yaponiyaning imtiyozli moliyalashtirishini jalb etish bilan qatnashish fikrida ekanliklarini bildirdilar. Shuningdek, uchrashuvda loyihaning ikkinchi bosqichini hamkorlikda amalga oshirish istiqbollari ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar joriy yilning noyabr oyida Yaponiya kompaniyalari ishtirokida loyihaning ikkinchi bosqichini moliyalashtirish va amalga oshirishni batafsil muhokama qilish maqsadida ishchi guruxlar oʻrtasida qoʻshimcha uchrashuvlar tashkil etishga kelishib oldilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?