Yapon klubi Namanganda futbol maktabi ochadi

16:30 19 Dekabr 2019 Sport
647 0

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga birinchi rasmiy tashrifi arafasida Tokioda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-Yaponiya Biznes Forumi doirasida oʻtkazilgan muzokaralar natijasida Namangan viloyati hokimligi hamda Yaponiyaning Yamanashi prefekturasi taniqli futbol klubi — “Vanfore Kofu” oʻrtasida hamkorlik aloqasi oʻrnatilib, anglashuv memorandumi imzolandi.

Kelishuvga koʻra, Yaponiya J2 League futbol divizioni yetakchi jamoalaridan biri boʻlgan hamda boy oʻtmishi bilan ajratib turuvchi “Vanfore Kofu” hamda Namangan futboli oʻrtasida doimiy aloqalar yoʻlga qoʻyiladi. Yapon klubi yaqin davrda Namanganda oʻz futbol maktabini ochadi, uning eng yaxshi tarbiyalanuvchilari “Vanfore Kofu” tarkibiga qoʻshilish imkoniga ega boʻlishadi. Shuningdek, namanganlik murabbiylar uchun yapon mutaxassislari ishtirokida oʻquv seminarlari, master-klasslar tashkil etiladi. Har ikki jamoa asosiy tarkiblarining oʻrtoqlik uchrashuvlari ham doimiylik kasb etadi.

“Vanfore Kofu” prezidenti Kazuyuki Umino imzolash marosimidan soʻng Oʻzbekistondagi telekanallarga bergan intervyusida ushbu kelishuvning yapon futbol klubi nuqtayi nazaridan tarixiy voqeilik boʻlganini qayd etdi.

“Suzuki”, “Citizen”, “NNS”, “Pioneer”, “Daihatsu” kabi Yaponiyaning oʻnlab taniqli yirik kompaniyalari homiyligida faoliyat olib borayotgan “Vanfore Kofu” bilan erishilgan bu kelishuv, oʻz oʻzidan homiy kompaniyalarning Namangan viloyatiga boʻlgan qiziqishini shakllantirishga hamda kelgusida investitsiyalar sohasida hamkorlik uchun zamin yaratadi.

Qudratilla NAJMIDDINOV. “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?