Yangilanishlar jarayoniga ko‘tarinki ruh, jo‘shqinlik bag‘ishlaydi

12:12 19 May 2018 Siyosat
420 0

AQSh Prezidenti Donald Trampning Oq uyda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “Men uchun O‘zbekiston yetakchisi bilan uchrashish katta sharafdir”, degan so‘zlari ko‘pchilik qatori biz, jurnalistlarni ham to‘qinlantirib yubordi. U Shavkat Mirziyoyevga ta’rif berar ekan, “Janob Prezident o‘z yurtida va butun dunyoda hurmatga sazovor kishidir”, dedi. Mana shu so‘zlarning o‘ziyoq Amerika hukumati Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonga har doim katta qiziqish bilan qarab kelganidan dalolatdir.

Shu ma’noda, O‘zbekistondagi so‘nggi yillarda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni ham diqqat bilan kuzatib kelayotgani aniq. Vashingtondagilarning fikricha, hozir O‘zbekistonda tom ma’noda yangilanish davri kuzatilmoqda. Ayniqsa, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlardagi ochiqlik siyosati okeanortida e’tirof etilmoqda. Shu sababli ham Tramp davlatimiz rahbariga qarata “Janob Prezident, siz juda hurmatli insonsiz. Rahmat”, dedi.

Prezident Donald Tramp O‘zbekiston Prezidentining AQShga rasmiy tashrifi munosabati bilan o‘tkazilgan qabul marosimi ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida “Amerika xalqi nomidan Prezident Mirziyoyevga Oq uyga tarixiy tashrifi uchun minnatdorlik bildiraman. Markaziy Osiyoda anchayin murakkab vaziyat yuzaga kelayotgan, hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘layotgan bir paytda bugungi muloqotimiz strategik sherikligimizni yangilashga yordam berdi. Mintaqadagi ta’minot yo‘llarini qo‘llab-quvvatlash va Afg‘oniston bilan aloqalarni yaxshilashga xizmat qiladigan iqtisodiy loyihalarni sarmoyalash borasidagi sa’y-harakatlari uchun Prezident Mirziyoyevga hurmat-ehtiromimni izhor qilaman”, deya ta’kidladi.

Avvallari AQSh Prezidentlari bu kabi gaplarni jahonning boshqa mamlakatlari rahbarlari sha’niga ham aytgan bo‘lishlari mumkin. Ammo bunday yuksak e’tirof O‘zbekiston Prezidenti, o‘zbek xalqiga nisbatan ilk bor aytilmoqda. Dunyo mamlakatlarining yetakchilari bu singari so‘zlarni shunchaki aytishmaydi. Mazkur yuqori baho mehnatkash o‘zbek xalqi, O‘zbekiston va davlatimiz rahbariga nisbatan yuksak ehtirom belgisidir. Bunday ehtirom esa xalqimizga g‘urur bag‘ishlaydi, desak, aslo yanglishmaymiz. E’tibor bergan bo‘lsangiz, Shavkat Mirziyoyev “Haqiqatan ham, bugungi uchrashuv butun dunyodagi o‘zbeklar uchun juda qimmatli, ta’sirlidir” dedi. Mana shu iboraning o‘ziyoq Donald Trampning iborasi bejiz aytilmaganiga dalil bo‘la oladi.
Oq uy rahbarining matbuot anjumanidagi “Ular bizga investitsiya keltirgan, biz ham ularga investitsiya kiritamiz”, degan so‘zlari tashrif davomida imzolangan salkam 5 milliard dollarlik shartnomada o‘z aksini topdi. Bu mamlakatimizning ularga qilgan investitsiyasi naqadar qadrli ekanligini aynglatadi. Bu, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sherikchilikning yangi bosqichidir”.

AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi yangilangan hamkorlik Donald Tramp ta’biri bilan aytganda, “Ikki mamlakat oldidagi yanada yorqin kelajakning boshlanishi, xolos”.
Prezidentimizning AQShga amalga oshirgan unutilmas tashrifining tarixiy ahamiyati, qisqacha aytganda, avvalo, dunyoda, mintaqada O‘zbekistonning yuksak nufuzidan darak beradi, ayni paytda yangilanayotgan jamiyatimizga, islohotlar jarayoniga yanada ko‘tarinki ruh, ulkan jo‘shqinlik bag‘ishlaydi.
Sharofiddin TO‘LAGANOV,
«O‘zbekiston 24» teleradiokanali xodimi,
siyosiy sharhlovchi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?