Yangilanayotgan Oʻzbekiston tashqi siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishlari

13:15 09 Avgust 2020 Siyosat
438 0

Yangilanayotgan Oʻzbekiston tashqi siyosatning eng muhim ustuvor yoʻnalishlari

Oʻzbekiston barcha xorijiy hamkorlar bilan oʻzaro foydali munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdor boʻlib, asosiy tashqi siyosiy harakatlarini 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan eng muhim sohalarga qaratgan.

Mazkur hujjat mamlakatning tashqi siyosat sohasida quyidagi eng muhim ustuvor yoʻnalishlarini shakllantiradi:

- davlat mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, mamlakatning xalqaro munosabatlarning toʻlaqonli subyekti sifatida oʻrni va rolini yana-da mustahkamlash, rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish, Oʻzbekiston atrofida xavfsizlik, barqarorlik va doʻstona qoʻshnichilik munosabatlar mintaqasini yaratish;

- Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro nufuzini mustahkamlash, dunyo hamjamiyatiga mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar toʻgʻrisida obyektiv axborotni yetkazish;

- Oʻzbekiston tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatining meʼyoriy-huquqiy bazasini, shuningdek xalqaro hamkorlikning shartnoma-huquqiy asoslarini takomillashtirish;

- Oʻzbekiston davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalarini tartibga solish.

Umuman, Oʻzbekistonning tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yoʻnalishlari barqaror, adolatli va demokratik davlat qurishga, mamlakatning tashqi oshkoraligini ilgari surishga hamda regional va koʻp tomonlama oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

Eng muhim asoslar

Mamlakat hozirgi tashqi siyosiy faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari Harakatlar strategiyasida koʻrsatilgan vazifalar doirasida boʻlib, xalqaro maydonda aloqalarni kengaytirishga yangi yondashuvlarni ishlab chiqish boʻyicha amaliy qadamlarda oʻz aksini topmoqda.

Shu munosabat bilan Turkiya, Hindiston, Xitoy, Yaponiya, Germaniya, Fransiya, Afgʻoniston, Qozogʻiston, Turkmaniston kabi dunyo mamlakatlari bilan koʻp qirrali hamkorlikni yana-da rivojlantirishga doir bir qator tegishli dasturiy hujjatlar ishlab chiqilgan va qabul qilingan, “yoʻl xaritalari” tasdiqlangan.

Oliy va yuqori darajalardagi tashriflar davomida mamlakatning milliy manfaatlariga javob beradigan hamda yaqin va uzoq xorijiy davlatlar bilan aloqalarni kengaytirishga qaratilgan faol, ochiq, pragmatik va chuqur oʻylangan tashqi siyosiy yoʻnalishni rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Tabiiyki, yangi ustuvor yoʻnalishlar va yondashuvlar tashqi siyosiy boshqarma tuzilishining tubdan isloh qilinishini talab etdi. Tashqi ishlar vazirligida yangi boʻlinmalar tashkil etildi, Belarus va Oʻmonda vakolatxonalar, Rossiya va Qozogʻistondagi shaharlarda bir qator bosh konsulliklar ochildi. Diplomatik faoliyatning iqtisodiy tarkibi kuchaytirildi.

Xalqaro maydondagi hamkorlik ilgʻor dunyo tajribasini oʻrganish, xorijiy mamlakatlar bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyish orqali Oʻzbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha vazifalarni hal qilishga yordam berishi kerak, bu mamlakatda maksimal qulay amaliy va investitsion muhitni shakllantirishga oʻz hissasini qoʻshadi.

Bu borada Respublika tashqi siyosiy strategiyasi xorijiy mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni, ilgʻor texnologiyalarni ishlab chiqarishga jalb etish, mahalliy eksport geografiyasini kengaytirish sohasida yangi qirralarni ochdi.

Natijada 2019-yilda mamlakatimizga bevosita xorijiy investitsiyalar oqimi oʻsdi. Ularning hajmi 4,2 mlrd. dollarni tashkil etdi, bu 2018-yildagiga nisbatan 3,7 baravar koʻproqdir.

Joriy yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga koʻra, Covid-19 tarqalishini toʻxtatish bilan bogʻliq barcha murakkabliklar va cheklanishlarga qaramay, Oʻzbekiston iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalar hajmi 4,8 mlrd. dollar, shu jumladan, bevosita xorijiy investitsiyalar – 3,2 mlrd. dollarni tashkil etdi.

Bunga soʻnggi 10 yil ichida birinchi marta mamlakatning Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining kredit xavfi reytingidagi pozitsiyasi yaxshilanganligi sabab boʻldi.

Jahon banki “Biznes yuritish” reytingida mamlakat 7 ta pozitsiyaga koʻtarildi va biznesni roʻyxatdan oʻtkazish koʻrsatkichi boʻyicha 190 ta davlat orasida 8-oʻrinni egalladi, eng yaxshi islohotchi mamlakatlar safiga kiritildi.

Dunyodagi eng obroʻli jurnallardan biri – “Economist” (Buyuk Britaniya) Oʻzbekistonni yil mamlakati – 2017-yildan eʼtiboran islohotlar eng jadal surʼatlar bilan amalga oshirilayotgan davlat sifatida eʼtirof qildi.

Oʻzbekiston 86 ta davlat fuqarolari uchun vizasiz rejimni va 57 ta davlat fuqarolari uchun soddalashtirilgan vizali rejimni joriy qildi. Oʻtgan yilda mamlakatga 6,7 mln. xorijiy turist keldi — bu 2016-yildagi koʻrsatkichga nisbatan 4,7 mln. yoki 3,3 baravar koʻproqdir.

Oʻzbekistonning amalga oshirilayotgan yangi tashqi siyosati xalqaro hamjamiyat tomonidan munosib baholanmoqda. Xususan, AQSHdagi Gudzon instituti Harbiy-siyosiy tadqiqotlar markazi direktori Richard Vays fikricha, Oʻzbekistonning tashqi siyosiy tashabbuslari butun Markaziy Osiyo uchun yangi imkoniyatlarni ochmoqda. Respublika mavjud muammolarni birgalikda hal qilish gʻoyasidan iborat kun tartibini ilgari surmoqda.

Rim geosiyosiy tadqiqotlar instituti (IsAG) Yevrosiyo dasturi ilmiy xodimi Fabrissi Viyelmini qayd etishicha, uzoq vaqt regional jarayonlardan chetda boʻlgan Oʻzbekiston bugungi kunda yangicha harakat qilmoqda. Mintaqa yuragi hisoblangan Toshkent Markaziy Osiyoda barqarorlashtiruvchi davlat tabiiy rolini oʻziga qaytarib olmoqda.

Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi Andrey Grozin ham hozirgi paytda Markaziy Osiyoda davlatlararo munosabatlar tizimi shakllanayotganligiga eʼtibor qaratadi. Uning soʻzlariga qaraganda, soʻnggi vaqtda Toshkent turli xil yoʻnalishlar boʻyicha yuqori faollikni namoyon qildi. Mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi munosabatlarda sezilarli sogʻlomlashish belgilari yaqqol ifodalanmoqda.

Toshkent tashqi siyosiy yoʻnalishining yangi qadami afgʻon yoʻnalishidagi faollashuvdan iborat boʻldi. Oʻzbekiston Afgʻoniston bilan ikki tomonlama aloqalarni sezilarli darajada kengaytirdi, afgʻon muammosini hal qilish boʻyicha koʻp tomonlama harakatlarga faol qoʻshildi.

Afgʻoniston Prezidenti Ashraf Gʻanining Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda “ikki mamlakat oʻrtasidagi siyosiy munosabatlar va amaliy hamkorlikning sifat jihatdan yangi darajasini”, shu jumladan, Surxon — Puli-Xumri elektr uzatish liniyasi va Mozori-Sharif — Hirot temir yoʻl qurilishi yirik loyihalarini amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarni mustahkamlagan yirik voqea boʻldi. Termizda Afgʻoniston fuqarolari uchun Taʼlim markazi ochildi. Hozirgi vaqtga kelib, afgʻonistonlik 136 nafar talaba ushbu Taʼlim markazini bitirib, ulardan 96 nafari — oʻzbek tili va adabiyoti yoʻnalishi boʻyicha bakalavr diplomlarini olgan, 40 nafari — rus tili, qishloq xoʻjaligi va tadbirkorlik boʻyicha qisqa muddatli kurslarni tamomlagan. Bugungi kunda ulardan ayrimlari Afgʻoniston parlamentida, vazirliklari va muassasalarida ishlamoqda, mamlakat oliy taʼlim muassasalarida muallimlik qilmoqda, mustaqil biznesni yuritmoqda.

Toshkent Afgʻoniston boʻyicha tinchlik jarayoni boshlanishiga muhim hissa qoʻshgan yuqori darajali «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va regional oʻzaro munosabat» xalqaro konferensiyasining tashabbuschisi boʻldi va uni oʻtkazdi.

Joriy yilning 24-yanvarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oʻzining Oliy Majlisga Murojaatnomasida yaqin yillarda mamlakatni modernizatsiya qilish boʻyicha strategik vazifalarni hal etishga qaratilgan keng koʻlamli demokratik oʻzgartirishlar va tarkibiy islohotlarni amalga oshirish masalalarini oldingi oʻringa olib chiqdi.

Murojaatnomada tashqi iqtisodiy siyosatning asosiy ustuvor yoʻnalishlari belgilangan. 2020-yil — “Ilm-fan, taʼlim va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qilinishi Oʻzbekistonda barcha sohalarda raqobatlasha oladigan jamiyat va infratuzilmani yaratish zaruriyatini alohida qayd etadi.

Buning uchun, eng avvalo, ilgʻor xorijiy tajribadan, zamonaviy innovatsion, pedagogik texnologiyalar va ilmiy loyihalardan foydalanish, mamlakatning taʼlim va ilmiy-tadqiqotchilik muassasalari faoliyatini samarali oʻzaro muvofiqlashtirish asosida yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan, tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida mutaxassislarni tarbiyalab voyaga yetkazish talab qilinadi.

Prezident tomonidan xorijiy tajribadan foydalanilgan holda fanni rivojlantirishga hamda xorijiy universitetlar va ilmiy markazlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga ham katta eʼtibor qaratilgan.

Yangilangan ustuvor yoʻnalishlar

Oʻzbekistonning tashqi siyosat sohasidagi muhim ustuvor yoʻnalishi dunyoning yetakchi davlatlari va xalqaro tashkilotlari bilan strategik sheriklik hamda hamkorlikning muvozanatlangan tizimini shakllantirishdan iborat. Bunday yondashuv iqtisodiyotni modernizatsiyalash, barqarorlik va xavfsizlikni qoʻllab-quvvatlash, Markaziy Osiyoda hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish vazifalarining samarali hal qilinishini taʼminlashga qaratilgan.

Yuqori darajali aloqalar tufayli Toshkent dunyoning yetakchi davlatlari bilan munosabatlarni tubdan yangi darajaga olib chiqdi. Rossiya Federatsiyasi bilan koʻp rejali strategik hamkorlik va ittifoqchilik munosabatlari izchil rivojlanib bormoqda. Hozirgacha tuzilgan strategik hamkorlik toʻgʻrisida, ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnomalar, shuningdek, RF va Oʻzbekiston oʻrtasidagi strategik hamkorlikni chuqurlashtirish toʻgʻrisidagi Deklaratsiya yangi mazmun bilan toʻldirilmoqda va amaliy tatbiq qilinmoqda.

Oʻzbekistonning bugungi kunda Amerika Qoʻshma Shtatlari bilan teng huquqlilik, oʻzaro hurmat, ishonch va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillari asosida barqaror va oldindan bashorat qilinadigan tarzda rivojlanib borayotgan strategik hamkorligi sifat jihatdan yangi darajaga koʻtarildi. Taraflarning kelgusi harakatlari strategik hamkorlikning oʻzaro foydali yoʻnalishlarini topishga qaratilishi kerak.

Turkiya Respublikasi bilan munosabatlar strategik darajaga olib chiqilgan. Oʻzbekiston — Turkiya munosabatlarini har tomonlama mustahkamlash va rivojlantirish Oʻzbekistonning yangi tashqi siyosiy yoʻnalishiga toʻliq muvofiqdir. Bunda turk xalqi bilan til, din, anʼanalar va urf-odatlarning umumiyligi oʻzaro hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan hamkorlikni har tomonlama chuqurlashtirish va kengaytirish uchun mustahkam poydevor yaratadi. 19-20-fevralda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻon taklifi bilan ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi strategik munosabat faollashuvining yorqin dalolati boʻldi.

Oʻzbekiston dunyo siyosati va iqtisodiyotida eng muhim rollardan birini oʻynayotgan Xitoy Xalq Respublikasi bilan yaqin regional qoʻshni va doʻstona davlat sifatida strategik hamkorlikni mustahkamlamoqda.

Koreya Respublikasi bilan ikki tomonlama munosabatlar masalalarining butun majmui boʻyicha strategik hamkorlikni mustahkamlashda xuddi shunday yutuqlar kuzatilmoqda. Bevosita Koreya investitsiyalari va ilgʻor texnologiyalarini, imtiyozli kreditlarini faol jalb qilish hamda sanoat, energetika, infratuzilma, avtomobilsozlik, fan va innovatsiyalar, sogʻliqni saqlash va turizmni rivojlantirish sohalarida yuqori texnologik loyihalarni amalga oshirish uchun moliya-texnik yordam koʻrsatilishi mamlakatimiz manfaatlariga javob beradi.

Oʻzbekistonning Misr, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arablar Amirliklari, Kuvayt, Qatar, Oʻmon, Bahrayn, Iordaniya, Jazoir va boshqa Yaqin Sharq mamlakatlari bilan munosabatlari tubdan yangi darajaga chiqmoqda. Shuni qayd etish kerakki, Yaqin Sharq mamlakatlari bilan oʻzaro foydali va har tomonlama munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash Oʻzbekistonning tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qoladi.

Oʻzbekistonning yangi tashqi siyosiy yoʻnalishi mamlakatning regional va xalqaro tashkilotlardagi oʻzaro hamkorligi faollashuvida va pozitsiyalari mustahkamlanishida namoyon boʻladi.

Xalqaro maydon imkoniyatlaridan qanday foydalanilmoqda?

Mamlakatimiz anʼanaviy ravishda Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan muloqotni va hamkorlikni rivojlantirishga muhim ahamiyat beradi. Soʻnggi yillarda BMT va uning institutlari, shu jumladan, Inson huquqlari boʻyicha oliy komissar boshqarmasi va Inson huquqlari kengashi bilan oʻzaro hamkorlik darajasini oshirishga erishildi.

Oʻzbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo mamlakatlar bilan doʻstona munosabatlarni va oʻzaro foydali hamkorlikni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida mamlakatning 2020-yilda MDHga birinchi raisligi strategiyasi haqida soʻz yuritib, jumladan, shunday degan: “Hamdoʻstlikda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, tashkilot tomonidan qabul qilingan qarorlar natijadorligini oshirish va ishtirokchi mamlakatlar oʻrtasida insonparvarlik aloqalarini yana-da mustahkamlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz”. Bugungi kunda Oʻzbekiston MDHda oʻz milliy koordinatori darajasini Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosaridan Bosh vazir oʻrinbosarigacha koʻtardi, MDH Iqtisodiy kengashidagi oʻz ishtirokini tikladi.

Turkiy mamlakatlar bilan aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi. 2019-yil sentyabrda mamlakat Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi(TTDHK)ga aʼzo boʻldi. Uzoq muddatli istiqbolda TTDHK Yevropa, Oʻrta Sharq, Kavkaz va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi keng makonda mintaqaviy hamkorlikning oʻziga xos mexanizmidan iborat subregional birlashmaga aylanishi kerak.

Tashkilot bilan hamkorlikning faollashuvi mamlakatimiz uchun qoʻshni mamlakatlar bilan ham, mintaqadan tashqari yaqin hamkorlar (Turkiya, Ozarbayjon) bilan ham koʻp tomonlama aloqalarni rivojlantirishning yangi imkoniyatlarini ochadi. Tashkilot ishida doimiy aʼzo sifatida ishtirok qilish Toshkentga xalqaro maydonda oʻz tashabbuslarini ilgari surish, shuningdek, mamlakatning turkiy-islom taraqqiyoti markazlaridan biri sifatida xalqaro nufuzi va maqomini mustahkamlash uchun qoʻshimcha siyosiy-diplomatik resurslar beradi.

Tarixiy oʻlchovlar boʻyicha nisbatan qisqa muddatda Shanxay hamkorlik tashkiloti obroʻli, nufuzli xalqaro tuzilma sifatida shakllandi. Oʻzbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotini terrorizm va ekstremizmga, narkotik va qurolning noqonuniy oborotiga, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlik uchun vosita sifatida baholaydi.

Oʻzbekiston uchun Shanxay hamkorlik tashkilotining iqtisodiyot, jumladan, transport kommunikatsiyalarini qurish va qayta tiklash sohasidagi faoliyatini ham faollashtirish, Shanxay hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikdan manfaatdor boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni rivojlantirish ustuvor vazifa hisoblanadi.

Oʻzbekiston Islom hamkorlik tashkiloti bilan ham izchil oʻzaro hamkorlikni rivojlantirmoqda va uni muqaddas islom qadriyatlarini saqlash hamda rivojlantirish, musulmon xalqlar oʻrtasidagi birdamlikni mustahkamlash, ularning taraqqiyoti va ravnaqiga koʻmaklashishga qaratilgan samarali forum sifatida baholaydi. Oʻzbekiston Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlarning taʼlim va maʼrifat, fan va texnikani rivojlantirish, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni joriy qilish sohasida faol oʻzaro hamkorligi tarafdoridir.

Respublika davlatlarning xavfsizlikni taʼminlash, iqtisodiyotni rivojlantirish hamda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish masalalari boʻyicha muloqoti uchun muhim xalqaro forum hisoblangan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan faol oʻzaro hamkorlikdan ham manfaatdordir. Oʻzbekistonning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan hamkorligining ustuvor yoʻnalishlari davlat boshqaruv institutlarini isloh qilish, sud-huquq va saylov tizimini takomillashtirish, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini oshirish, shuningdek, transmilliy xavflar va tahdidlarga qarshi kurashishda konstruktiv oʻzaro harakatlarni rivojlantirish sohalaridagi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishdan iborat.

Mamlakatimizda 2019-yil dekabrda oʻtkazilgan parlament saylovlarida 50 ta mamlakat va 10 ta xalqaro tashkilotdan 825 nafar kuzatuvchi ishtirok qildi. Oʻzbekiston birinchi marta Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlari va inson huquqlari byurosining 316 kishilik tarkibidagi toʻlaqonli missiyasini qabul qildi.

Mamlakatimiz xalqaro moliya institutlari va savdo tashkilotlari — Jahon banki, Xalqaro valyuta fondi, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Jahon savdo tashkiloti va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikni sifatli kengaytirish va takomillashtirishga eʼtibor qaratgan. Yevropa qayta tiklash va taraqqiyot banki bilan hamkorlikning tiklanganligi muhim voqea boʻlib, buning natijasida ushbu institut tomonidan Oʻzbekiston hududlarida ijtimoiy ahamiyatli loyihalarning mablagʻ bilan taʼminlanishi tiklandi.

Oʻzbekistonning xalqaro moliya muassasalari bilan hamkorligi kun tartibida investitsiyaviy va amaliy muhitni yaxshilash, mamlakatning kredit reytingini oshirish, valyuta-kredit siyosatini takomillashtirish, bank-moliya sohasida milliy mutaxassislar malakalarini oshirish turibdi.

Yakuniy maqsad — milliy iqtisodiyotning modernizatsiya qilinishini jadallashtirish va uning raqobatbardoshligini kuchaytirish uchun jalb qilinadigan xorijiy investitsiyalar va moliya mablagʻlari hajmini oshirish, mamlakatning eksport salohiyatini rivojlantirish va infratuzilmani takomillashtirish, turmush darajasini oshirish va aholining farovonligini taʼminlashdan iborat.

Katta tashabbuslar

Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda muhim davlat hisoblanadi va alohida rol oʻynaydi. Mamlakatning regiondagi muhim ahamiyati xorijiy ekspert va siyosiy doiralar vakillari tomonidan ham eʼtirof qilinadi. Toshkent mintaqadagi barcha qoʻshni davlatlar bilan strategik hamkorlik toʻgʻrisida shartnoma tuzgan boʻlib, bu yuqori darajada regional siyosat tuzish imkonini beradi. Ushbu maqsadlarda amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatning xalqaro munosabatlar tizimidagi oʻrni va rolini mustahkamlashda ham muhim ahamiyatga ega.

Toshkent hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha tashabbuslarni ilgari surgan holda, mintaqada biron-bir ustuvorlikni koʻzlamaydi. Oʻzbekiston tashabbuslari barcha mamlakatlar manfaatlarini hisobga oladi, konsensus tamoyiliga asoslanadi.

Toshkentning faol, tashabbuskor va konstruktiv diplomatiyasi tufayli shakllangan mintaqadagi yangi siyosiy reallik Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida keng doirali masalalar boʻyicha oʻzaro harakatlarni kuchaytirishga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.

Toshkentda 2019-yil noyabrda oʻtkazilgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining konsultativ uchrashuv yigʻilishi bunga yorqin misol boʻldi. Uchrashuv davomida tomonlar Markaziy Osiyo kun tartibidagi bir tomonlama formatda ham, ikki tomonlama formatda ham hal qilishning imkoni boʻlmagan koʻplab muammoli masalalar yechimini muhokama qildilar. Bundan tashqari, bunday turdagi uchrashuvlarni muntazam asosda oʻtkazish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Bunda qayd etish kerakki, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining konsultativ uchrashuvlarini oʻtkazish mintaqada yangi xalqaro tashkilot yoki oʻz ustaviga ega va davlat organlaridan yuqori turuvchi biron-bir integratsion tuzilma tashkil etilishini nazarda tutmaydi. Ushbu faoliyat faqat regional rivojlanishning muhim masalalari boʻyicha “soatlarni toʻgʻrilab olish”ga qaratiladi.

Markaziy Osiyo yoʻnalishidagi faol siyosat, Oʻzbekiston uchun regionning ustuvorligi koronavirus pandemiyasi vaqtida ham yorqin namoyon boʻldi.

Mintaqa mamlakatlarining murakkab epidemiologik vaziyati sharoitida muntazam aloqalar orqali infeksiya tarqalishiga qarshi kurashish, shuningdek, savdo-iqtisodiy va transport-tranzit sohalaridagi hamkorlikni kuchaytirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Oʻzbekiston Qirgʻiziston va Tojikistonga insonparvarlik yordamini koʻrsatdi. Tojikistonga yordam mamlakatga barcha donorlardan tushgan yordamning uchdan bir qismini tashkil etdi.

Oʻzbekistonning mintaqa boʻyicha yoʻnalishi faollashuvi regional yaqinlashish, ishonch va oʻzaro tushunishni tiklash, shuningdek, yigʻilib qolgan masalalarni oqilona murosalarga kelish asosida operativ hal qilish yuzasidan allaqachon yetilgan talabga oʻz vaqtida va amaliy javob boʻldi. Oliy darajada oʻrnatilgan ochiq va ishonchli muloqot barcha hamkorlik yoʻnalishlarini kuchaytirish uchun mustahkam asos yaratdi.

Birinchidan, oliy va yuqori darajalarda siyosiy muloqot sezilarli faollashdi, parlamentlararo, muassasalararo va hududlararo aloqalar kuchaytirildi. Oʻz navbatida, qayd etilgan davrda regionning barcha davlat rahbarlari Oʻzbekistonga tashrif buyurdilar. Tahlil maʼlumotlariga koʻra, ushbu uchrashuvlar yakunlari oʻz samaradorligi boʻyicha misli koʻrilmagan natijalar bergan.

Ikkinchidan, ekstremistik va terroristik tuzilmalar faoliyatiga qarshi birgalikda kurashish boʻyicha oʻzaro kelishuvga erishildi. 2019-2020-yillar uchun Oʻzbekistonning Qirgʻiziston va Tojikiston bilan tegishli kompleks chora-tadbirlar rejalari imzolandi. 2018-yil iyuldan sentyabrgacha Oʻzbekiston Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston bilan qoʻshma antiterroristik mashgʻulotlarini oʻtkazdi.

Uchinchidan, Oʻzbekistonning Qirgʻiziston va Tojikiston bilan davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalarini hal qilish ancha ilgari surildi.

Bularning barchasi nafaqat ikki tomonlama daʼvoli masalalarni hal qilish, balki butun regionning kun tartibidan oʻtkir nizoli potensialni olib tashlash va siyosiy ishonch darajasini oshirishdan ham iborat.

Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan siyosiy sohadagi oʻzaro hamkorligi faollashuvi bilan bir qatorda savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika va madaniy-insonparvarlik sohalarida yangi impuls olindi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy munosabatlarning yaxshilanishi umuman mintaqaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga yordam berdi. Xususan, 2017-yil boshidan hozirgi vaqtgacha Oʻzbekiston va region mamlakatlari oʻrtasida 300 tadan koʻproq shartnoma, shuningdek taxminan 75 mlrd. dollar summada shartnomatlar va bitimlar imzolangan.

Mintaqada ekologik, jumladan, suv-energetikaga bogʻliq masalalarni hal qilishda oldinga siljishlar kuzatilmoqda. Toshkent Qambar-Ota va Rogʻun GESi qurilishi loyihalarida oʻz ishtiroki imkoniyatini koʻrib chiqishga tayyor. «Oʻzbekiston — Turkmaniston — Eron — Oʻmon» transport yoʻlagining muhim uchastkasini amalga oshirishga start berildi, Amudaryo orqali "Turkmanobod — Forob" temir yoʻl va avtomobil koʻpriklari ochildi. Ularning ishga tushirilishi "Oʻzbekiston — Turkmaniston — Kaspiy dengizi — Janubiy Kavkaz" yoʻnalishi boʻyicha Boku — Tbilisi — Kars hamda Gruziya, Turkiya, Ruminiya va boshqa davlatlarning Qora dengiz portlariga chiqish yoʻllari bilan oraliq transport-kommunikatsiya magistralini yaratish gʻoyasini amalga oshirish imkonini berdi.

Bundan tashqari, 20 yillik muzokaralardan soʻng Xitoy va Markaziy Osiyoni Qirgʻiziston orqali bogʻlovchi temir yoʻl qurilishi boʻyicha jiddiy rivojlanishga erishildi. Dastlabki baholarga koʻra, ushbu loyiha amalga oshirilganida yuklarni yetkazib berish muddatlari 7-8 sutkaga qisqaradi, Sharqiy Osiyodan Yaqin Sharq va Janubiy Yevropa mamlakatlariga yoʻl masofasi 900 km. ga qisqaradi.

Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida madaniy-insonparvarlik sohasida yaqindan hamkorlikni, doʻstona va yaqin qoʻshnichilik aloqalarini mustahkamlash va kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shu bilan birgalikda yaxshi tushunamizki, ushbu jarayon — oldindagi manzilning faqat boshlanishi. Mintaqa mamlakatlari oʻrtasida toʻlaqonli hamkorlikni toʻxtatib turgan hal qilinmagan masalalar majmui mavjud. Yuqorida qayd etilganlardan xulosa chiqarib taʼkidlash mumkinki, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash nafaqat mintaqa mamlakatlari manfaatlariga javob beradi, balki uning qoʻshni regionlardagi xavfsizlikka taʼsiri nuqtayi nazaridan butun Yevrosiyo qitʼasining barqaror rivojlanishiga ham koʻmaklashadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga Murojaatnomasi Oʻzbekistonning yaqin davr ichida rivojlanish ustuvor yoʻnalishlarini yana bir marta belgilab berdi, bunda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi tub islohotlar bilan bir qatorda faol tashqi siyosatni amalga oshirish nazarda tutilgan. Yangilangan Oʻzbekiston xorijiy sheriklarga mamlakatning oʻzaro foydali hamkorlikka shayligi toʻgʻrisida aniq signal yubormoqda.

Alisher Qodirov,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi 
S
trategik va mintaqalararo tadqiqotlar 
instituti boʻlim rahbari
.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?