Yangilanayotgan Oʻzbekiston: Shavkat Mirziyoyev fenomeni

06:16 24 Iyul 2019 Siyosat
530 0

Mamlakatimiz mustaqilligining 28 yilligi bayrami tobora yaqinlashmoqda. Shunday kunlarda yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yoʻlida fidokorona mehnat qilgan insonlar, ularning qilgan ezgu ishlari yodga tushadi. Mamlakat mustaqilligini taʼminlashda, Oʻzbekistonning erkin taraqqiyot yoʻlidan dadil intilishida juda katta hissa qoʻshgan insonlardan biri, shak-shubhasiz, Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevdir.

Quyida u kishini yaxshi bilgan, maʼlum bir yillarda birga ishlagan ayrim yurtdoshlarimizning fikrlari bilan qiziqdik.

Oqil SALIMOV, Oʻzbekiston fan arbobi, akademik:

– 1987-yilda meni irrigatsiya instituti rektori etib tayinlashdi. Oʻshanda Shavkat Miromonovich institutning partiya qoʻmitasi oʻrinbosari lavozimida ishlardi.

Bu insoning oʻsha paytdayoq oliy taʼlim va yoshlarni tarbiyalash tizimidagi muammolarni chuqur tushunadigan qobiliyatli mutaxassis ekanini anglash qiyin emasdi.

...Bir kuni u shunday taklif bilan kirgan edi: “Institut potensialini koʻtarish, ilmiy salohiyatni keskin rivojlantirish kerak”. Buning uchun nimalar qilish kerakligini birma-bir sanab ketdi.

Oʻsha paytlari bu aytilgan islohotlarni amalga oshirishning mutloq imkoni ham, iloji ham yoʻq edi. Ammo... Shavkat Mirziyoyev aytganlarining barchasini amalga oshirib isbotladi. Oʻsha paytlar Irrigatsiya instituti tom maʼnoda mamlakatdagi yetakchi ilmiy dargohga aylangandi.

Buning uchun nima qildi?..

Shavkat Mirziyoyev jamoada institutning birinchi darajali – oliy taʼlim dargohiga malakali oʻqituvchilarni jalb qilish, ilmiy-amaliy laboratoriyalar, kafedralar tashkil qilish kabi vazifalarini yorqin koʻrsatib bera oldi. Oʻsha paytda asosan kun tartibida institutga eng qobiliyatli yoshlarni jalb etish, ularning umumiy madaniyatini yuksaltirish, institutning ilmiy salohiyatini rivojlantirish masalasi turardi.

Bu maqsadda institut huzurida maktab tashkil etildi. Eng qobiliyatli yoshlar saralab olinib, bu maktabda oʻqitilardi. Taʼkidlash joizki, ular institut auditoriyalari va ustaxonalarida tahsil olib, oʻsha paytdayoq oliy taʼlim tajribasini oʻzlashtirgan edilar.

Keyinchalik ushbu maktab koʻplab iqtidorli yigit-qizlarni tayyorlagan litseyga aylandi.

Talaba va oʻqituvchilarga tibbiy xizmat koʻrsatish dolzarb ahamiyat kasb etayotgan edi. Ushbu masalani hal etish uchun barcha zarur mutaxassis va uskunalar, shu jumladan, rentgen xonasiga ega institut poliklinikasi tashkil etildi. Shu tariqa institut hududini tark etmagan holda talaba va oʻqituvchilarga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish masalasi hal etildi. Hatto tutash dahalar aholisi ham bizning shifokorlarga murojaat etishni afzal koʻrardi.

Shuningdek, sportni rivojlantirishga ham katta eʼtibor qaratilgan, xususan, futbol, voleybol, boks, kurash maydonlari va ringlari barpo etilgan hamda taʼmirlangan, suzish havzasi qurilgan. Bizning talabalar bir necha bor respublika musobaqalarida sovrinli oʻrinlarni egallagan.

Shavkat Miromonovich oʻqituvchilarni moddiy qoʻllab-quvvatlash haqida doim qaygʻurgan. Institut huzurida 3 ta doʻkon faoliyat yuritgan, u yerda xodimlar imtiyozli narxlar boʻyicha kerakli mahsulotlarni xarid qilgan. Bunga institutning yirik kolxoz va sovxozlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosidagi aloqalari imkon yaratdi. Shuningdek, mahsulot taʼminotiga institutning Toshkent viloyatidagi oʻz ekin maydonlari va sut fermasiga ega oʻquv xoʻjaligi katta hissa qoʻshardi. Mahsulotlarning bir qismi, jumladan, guruch, shakar, sabzavotlar vaqti-vaqti bilan kasaba uyushmalari qoʻmitasi orqali bepul tarqatilardi.

Talabalarni tarbiyalashda oʻqituvchining tashqi koʻrinishi ham muhim oʻrin tutadi, shuning uchun “Yulduz” tikuv fabrikasida kiyimlar tikilishi yoʻlga qoʻyilgan va yiliga ikki marta ular eng yaxshi maʼruzachilarga mukofot tariqasida berilgan.

Ushbu davrda kolxoz va sovxozlarni fermer xoʻjaliklari qilib qayta tashkil etish masalasi hal etish jarayonida edi. Shuning uchun institutda fermerlarni tayyorlash uchun maxsus oʻquv dasturlari ishlab chiqilgandi. Ushbu imkoniyatdan institutning toʻliq oʻquv kursini oʻzlashtira olmagan talabalar ham foydalanish imkoniga ega boʻldi.

Muntazam ravishda talabalarga umumiy va turmush madaniyati, jamiyatda, shaxsiy hayotda oʻzini tutish va boshqa qoidalarini singdirish boʻyicha ishlar olib borilgan.

Men oʻshanda 60 yoshda edim, Shavkat Miromonovich 25 yoshda. Oʻsha paytlari ham yosh boʻlishiga qaramay, koʻp masalalarda oliy dargohdagi masʼul xodimlardan koʻra yaxshi bilimga egaligi chin maʼnoda hayratda qoldirgan. Men ham koʻpchilik qatori Shavkat Mirziyoyev uzoqni koʻra oladigan qobiliyat egasi ekanini ana oʻsha davrlarda sezgan edim. Bu inson tengdoshlaridan ancha oldinda yurgan edi.

Shavkat Miromonovichning shu kabi ajoyib fazilatlarini biz endi mamlakat miqyosida amalga oshirayotgan islohotlari misolida koʻrayapmiz.

Shuhrat JALILOV, Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi boshqaruvi raisi:

– Men Shavkat Miromonovichni Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti talabasi boʻlgan, yoshlarga yetakchilik qilgan davrlaridan beri bilaman. Talabaligidan soʻng ham ilm oʻrganish, izlanishda davom etib, ilmiy xodim, fan nomzodi, institut prorektori darajalariga qadar koʻtarildi.

U kishi 1992-yili Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumani hokimi lavozimida ish boshlagan vaqtlari respublika “Mahalla” jamgʻarmasi raisi, Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari boʻlib ishlaganim bois, tez-tez uchrashish, amalga oshirgan xayrli ishlariga guvoh boʻlish imkoniyatiga ega boʻlganman. Tuman hokimi sifatida birinchilardan boʻlib “Mahalla” jamgʻarmasini rivojlantirish taklifi bilan chiqqan edi. U kishi tumandagi 52 ta mahallaning har bir oqsoqolini yaxshi tanir, ishlaridan boxabar, mahalla muammolari, imkoniyatlari, aholi qiyinchiliklarini yaxshi bilardi. Oʻsha yillarda Mirzo Ulugʻbek tumani mahallalari respublikada birinchilardan boʻlib infrastrukturasini oʻzgartirgan edi. Ichki yoʻllarni asfalt qilish, savdo-maishiy shoxobchalar qurish, koʻchalarni obodonlashtirish borasida samarali oʻzgarishlar boʻlgandi.

Shuni aytish kerakki, Toshkentda oziq-ovqatlar, ayniqsa, sut mahsuloti nihoyatda tanqis edi. Shavkat Miromonovich sutni qoʻshni Sirdaryo viloyatidan keltirib, aholi talabini qondirardi. Bu ishni oʻrinbosarlari zimmasiga yuklab, har kuni ular ishini nazorat qilardi. Umuman olganda, Prezidentimiz mahallani davlat va aholi oʻrtasidagi koʻprik, tayanch tuzilma sifatida koʻrganlar. Eʼtibor bersak, oxirgi ikki yarim yilda mahallalar faoliyatini takomillashtirish, moddiy-texnik, maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qanchadan-qancha ishlar qilindi. Bu ishlarning debochasi oʻsha davrda boshlangan edi, desam mubolagʻa boʻlmasa kerak.

Shavkat Miromonovichning doimiy eʼtibor markazida boʻlgan sohalaridan biri sport boʻlgan. Tumanda “Umid” degan tashlandiq, taʼmirtalab futbol maydoni bor edi. Yelib-yugurib, oʻsha davrlarda birmuncha qiyin boʻlgan mablagʻ ajratish masalalarini hal etgan, stadionni taʼmirlab, yoshlarni sportga jalb qilish boʻyicha koʻpgina ishlar qilgan. Bir tumanning oʻzida oliy ligada oʻynaydigan ikkita futbol klubi bor edi: “SSK” va “Traktor”. Ayniqsa, “Traktor” klubi juda yaxshi natijalarga erishdi, klub stadioni yonida kattakon suv havzasi qurilib, yoshlarga beminnat xizmat qilgan. Bu ishlarni amalga oshirish oʻsha davrda oson boʻlmagan, albatta. Mana, bugungi kunda Prezidentimizning yoshlar uchun ilgari surgan 5 ta muhim tashabbusining ikkinchisi yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishga yoʻnaltirilgani ham bu ishlarning ildizi naqadar chuqurligidan darak beradi.

Shavkat Miromonovich oʻsha davrlarda ham nihoyatda kamtarona hayot tarziga ega edi. “RAF” rusumli mashinada mahalla oqsoqollari bilan yurib, joylarga borib muammolarni oʻrganardi. Mahalla oqsoqollarini ishlashi uchun sharoitlar, oʻsha davrda boʻlgan ikki kishilik mashinalar bilan taʼminlab, ularning gʻamini yerdilar. Tumandagi Qodirov nomidagi oʻtishga noqulay, berk, xaroba koʻchani obodonlashtirib, asfalt yotqizdirib, obod koʻchalardan biriga aylanishiga bosh-qosh boʻlgani ham yodimda. Bu ishlarning davomiyligini hozir ham koʻryapmiz, barcha hududlardagi mahallalarning mavqei yaxshilanmoqda, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari orqali mamlakat yangicha qiyofaga kirmoqda. Ularning sharoitlari, toza, ravon koʻchalari bir-biridan qolishmaydi. Yana bir narsani alohida aytib oʻtishim lozimki, Shavkat Miromonovich qaysi hududda rahbar boʻlmasin, oʻsha yerdagi qabristonlarni obod qilib, ozoda saqlashga alohida eʼtibor qaratardi.

Tuman oʻziga xos “okruglar”ga boʻlib boshqarilar, ishlarning bevosita nazorati esa hokim zimmasida edi. “Okruglar” bugunga kelib sektorlarga aylandi, ular bevosita masʼullarga biriktirilib, ishi nazorat qilinadi. Bir vaqtlar Mirzo Ulugʻbek tumanida yoʻlga qoʻyilgan tajriba bugungi kunda butun respublikaga joriy qilinib, oʻzining ijobiy samarasini bermoqda.

Shavkat Miromonovichdan kamtarinlik, masʼuliyat borasida hamma rahbarlar oʻrnak olishimiz lozim. U kishi nutqlarida tez-tez “Oyoqlaring yerdan uzilmasin!”, “Nima ish qilsang ham, avvalo, xalq manfaatidan kelib chiqib qil!”, “Haqiqiy bahoni xalq beradi”, “Qarsakbozlik, ura-urachilik, quruq gaplar kerak emas!” kabi xitoblarni taʼkidlashi bejiz emas. Yodimda, oʻsha vaqtlar Shavkat Miromonovich institut prorektori, deputat boʻlsalar-da, oilasi bilan ikki xonali uyda ijarada turardi. Ilm yoʻlidagi izlanishlar, dissertatsiya yozish mashaqqatlari ana shunday murakkab sharoitda boʻlgan. Poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumaniga hokim boʻlgachgina u kishiga uy berilgan. Bu ham oson boʻlmagan. Oʻsha vaqtlar uy olish ham juda ogʻir, uy berishga masʼullarning oshigʻi olchi, oʻziga bino qoʻygan paytlar edi.

Shavkat Miromonovichga uy berilsa-da, uni olguncha rosa yugurishlar, sansolarliklar boʻlgan. Buni qarangki, oʻsha ovoragarchiliklarga sabab boʻlib, tashvishlarini koʻpaytirgan ayol Shavkat Miromonovich tumanda hokim sifatida ish boshlaganda u kishini tanib, ancha xijolatli holga tushgan. Ayol yangi hokim huzuriga kirib, uzr soʻragan, ishdan boʻshamoqchiligini bildirgan. Shunda Shavkat Miromonovich kek saqlamasdan, xatoingizni anglagan boʻlsangiz, ishlayvering, boshqa bunday qilmasangiz boʻldi, qabilida gapirgan. U kishi kamtar, masʼuliyatli boʻlish bilan birga, kechirimli ham. Oʻzlari ham bot-bot “Hamma narsani kechirishim mumkin, faqat xiyonatni kechirmayman” deya taʼkidlaydi.

Tuman hokimi boʻlgan vaqtlarida obodonlashtirish sohasida ishlaydigan xodimlar bilan tez-tez uchrashardi. Oylik maoshi kam, biroq ishi ogʻir bu insonlar mehnati tufayli shahrimiz ozoda. Shu bois, ishchilarga koʻproq sharoitlar yaratib, holidan xabar olishni kanda qilmasdi.

Men barchaning muammolarini xuddi oʻzining tashvishidek qabul qiladigan, kamtar, masʼuliyatli, harakatchan, xalq dardida halovatni unutgan inson Shavkat Miromonovichdan barcha rahbarlar oʻrnak olishini istar edim.

Abdulla QARSHIBOYEV, Oʻzbekiston nogironlar jamiyati Jizzax viloyati boʻlimi raisi:

– Barcha zamonlarda mamlakatda amalga oshirilgan oʻzgarishlar, avvalo, qurilishlar, imoratlar, inshootlar bilan oʻlchangan. Avlodlar ajdodlar tomonidan bunyod etilgan inshootlar, imoratlarga qarab oʻtgan davrni oʻrgangan, baho bergan. Bunga dunyoning barcha mamlakatlari kabi Vatanimiz tarixida ham misollar koʻp.

Men ham oʻzimning sakson besh yillik umrim davomida Vatanimiz tarixiga daxldor koʻplab katta ishlarga ishtirokchi, guvoh boʻldim. Yoshlardan farqli, biz keksalar bugungi ishlarga oʻtmishda koʻrganlarimiz bilan qiyoslab, hayot tajribasiga asoslanib baho beramiz. Koʻrganlarimdan, bilganlarimdan xulosa chiqarib, davlatimiz mustaqillik davrining soʻnggi ikki yili Vatanimiz tarixida nurli sahifalar boʻlib qoladi, deb ishonch bilan ayta olaman.

Shavkat Miromonovich Jizzax viloyati hokimi boʻlib ishlagan 1996-2001-yillar ham oson davrlar emasdi. Hali eski qarashlar, odatlar kuchliligidan davlatchiligimiz asosini yaratish, yangi qonunlarni hayotga tatbiq etish oson kechmagandi. Buning ustiga eski tuzumdan qolgan xoʻjalik yuritish, ijtimoiy infratizim izdan chiqqandi.

Shunda bu kishining, yosh boʻlsa-da, odamlar bilan til topa olish, jamoani boshqarish talanti, ishchanligi toʻliq namoyon boʻldi. Avvalo katta tajribaga ega faxriylardan, mutaxassislardan ishchi guruh tuzib, barcha muammolarni joyida hal etishni yoʻlga qoʻydi. Natijada deyarli, oʻziboʻlarchilikka tushib qolgan qishloq xoʻjalik boshqaruvida, aholiga xizmat koʻrsatishda zarur tartib oʻrnatildi, faollar jipslashdi.

Shu yillarda eng yomon ahvolga tushgan Jizzaxdan Sirdaryo va Samarqand viloyati hududigacha boʻlgan markaziy avtotrassa taʼmirdan chiqarildi. Jizzax shahri markazida 5 ta toʻqqiz qavatli uy, Jizzax davlat pedagogika instituti, bir abgor ahvoldagi maktab va shifoxonalar binolari taʼmirlanishi odamlarda viloyat rahbariga ishonchini oʻygʻotdi.

Bugun gʻoyat shiddatli davrda yashayapmiz. Bundan yigirma yil avvalgi ishlarni bugungi oʻzgarishlar bilan taqqoslab boʻlmaydi. Oʻzgarishlar juda mahobatli, koʻlami gʻoyat keng. Ular barcha sohada – iqtisodiyotda ham, ijtimoiy sohalarda ham shu qadar yuqori surʼatlarda amalga oshirilmoqdaki, baʼzan barchasini quvvai hofizamizga singdirish, sanab chiqish qiyin.

Prezidentimiz 2017-yilning boshida Jizzax viloyatiga qilgan tashrifi davomida viloyat faollari, biz, mehnat faxriylari bilan uchrashuvlarda hududni iqtisodiy, ijtimoiy rivojlantirishda ahvoldan noroziligini bildirgan, amalga oshiriladigan vazifalarni, muddatlarni aniq belgilab bergan edi. Shundan keyingi oʻzgarishlar esa nihoyatda tez amalga oshdi.

Xususan, Jizzax shahri butunlay goʻzal qiyofaga kirdi. Qisqa vaqtda amalga oshirilgan bu bunyodkorlik rostdan ham ertakmonand boʻldi. Bundan men quvonaman. Bundan hamma quvonmoqda.

Men yana oʻzimning tugʻilib oʻsgan tumanim – Forishda boʻlayotgan oʻzgarishlardan yana quvonyapman. Viloyat hududining yarmidan ziyodini egallagan tumanda bundan atigi ikki yil avval birorta sanoat korxonasi yoʻq edi. Bugun bu yerda toshni eritib, undan temir oʻrnini bosuvchi bazalt tolasi ishlab chiqaradigan Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan “Mega invest indastrial” Oʻzbekiston – Buyuk Britaniya qoʻshma korxonasi oʻz mahsulotlarini xorijga eksport qilayotir. Prezidentimizning shaxsan tashabbusi va topshirigʻi bilan “Karaman” suv ombori qurilib, 50 ming gektarda suvli yer ochilayotir.

Viloyatimizning boshqa hududlarida bundan ham katta oʻzgarishlar yuz berayotir. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan “Obod qishloq” dasturi asosida qaytadan qurilgan Doʻstlik tumanidagi Manas qishlogʻi, Mirzachoʻl tumani markazi – Gagarin shahri faqat yurtdoshlarimizda emas, olis-yaqin qoʻshni mamlakatlar fuqarolarida ham havas uygʻotmoqda.

Men Mirzachoʻlda oʻn yil tuman ijroiya qoʻmitasi raisi boʻlib ishlaganman. Shuning uchun katta-kichik maʼrakalarga taklif etishganda borib turaman. Bu yerda atigi yetti oyda qilingan ishlarni koʻrib, ham hayratga tushaman, ham quvonaman.

Bugun viloyatning barcha tuman markazlari shunday yangilanayotir. Bular oʻzgarishlarning tashqi koʻrinishi. Eng katta oʻzgarish odamlarning turmushida, ularning qalbida kechayotir. Men yigirma yildan ziyod nogironlar jamiyati viloyat boʻlimiga rahbarlik qilib kelayotgan odam sifatida bugun davlatimiz rahbarining ehtiyojmand fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga qaratayotgan eʼtibori har bir yurtdoshimiz hayotida, ularning qalbida qanday aks-sado berayotganini yaxshi bilaman.

Birgina keyingi ikki yilda viloyatda 20 mingdan ziyod ijtimoiy himoyaga muhtoj yurtdoshimiz yangi uyli boʻldi. Ulardan 30 foiziga uylar tekin berildi. Davlatimiz rahbarining alohida farmoni bilan nogironlarni qoʻllab-quvvatlash tubdan yaxshilandi.

Bu oʻzgarishlarning barchasini sanab chiqish qiyin. Hamma soha, butun hayotimiz, jamiyat oʻzgarmoqda. Xorijga borayapmiz. Keksalar bogʻ yaratayapti, yoshlar kitob oʻqiyapti. Hamma oʻzgarishlar, yangilanishlar odamlarda Prezidentimizga, davlatimizning odil siyosatiga ishonch uygʻotayotir, Vatanga, yurt kelajagiga ishonchini mustahkamlanayotir.

Aslida eng katta oʻzgarish ham shu – odamlar qalbining, qarashlarining yangilanayotgani.

Hasan NORMURODOV, “Nuroniy” jamgʻarmasi Samarqand viloyati boʻlimi raisi:

– Mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan jonajon Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yoʻlida olib borilayotgan miqyosi nihoyatda keng va puxta oʻylangan islohotlarni kuzatib, bundan 16-17 yil avval Samarqandda amalga oshirilgan oʻzgarishlar, bunyodkorlik ishlari koʻz oʻngimdan oʻtadi.

Bugungi xalqparvar siyosat, yaratuvchanlik ishlari, rahbarlarning xalq bilan ochiq muloqotning ilk koʻrinishlari viloyatimizda oʻsha paytlarda namoyon boʻla boshlagani esga tushadi. 2001-yil sentyabr oyida Samarqand viloyatiga oldin Jizzax viloyatini boshqargan Shavkat Mirziyoyev hokim boʻlib keldi. Samarqand qadimiy tarix va madaniyatga, yurtimiz iqtisodiyoti, madaniy-maʼrifiy hayotida alohida oʻringa ega maskan. Bu yerning toshu tarozisi ham boshqa joylarga nisbatan ogʻirroq.

Ana shunday ulugʻ joyga gʻayrat-shijoati joʻshib turgan yosh rahbarning qoʻyilishi, avvalo, unga bildirilgan juda katta ishonch edi. Prezidentimiz esa bu ishonchni qisqa vaqt ichidagi oʻzining shiddatli mehnati, xalqqa mehr-muhabbati, odamlar qalbiga yoʻl topib, ularni oʻz ortidan ergashtira olgani bilan oqladi.

Samarqandga hokim boʻlgach, u kishi navbati bilan har bir tuman, shaharga borib, u yerdagi shart-sharoitni oʻrgandi. Rahbarlarning hisobotlarini eshitish bilan kifoyalanmay, oddiy odamlar orasiga kirishga, ularning dardu tashvishlarini eshitishga harakat qildi. Viloyat hokimi qaysi tumanga borsa, avvalo, qishloqlarni, olis hududlarni aylanib, aholi turmush tarzi bilan tanishardi, maktablar va tibbiyot muassasalarini borib koʻrardi. Bu joylarga borishi avvaldan rejalashtirilmas, mahalliy rahbarlar ogohlantirilmasdi. Yoʻnalishni Shavkat Miromonovichning oʻzlari tanlardi. Tabiiyki, rahbar kelishiga hech qanday tayyorgarlik koʻrilmagan joylarda mavjud holat roʻy-rost namoyon boʻlardi.

Shundan keyin tuman faollari bilan uchrashuvlar oʻtkazilardi. Bu uchrashuvlar ham tuman markazi yoki hokimliklarda emas, muammolari koʻp olis qishloqlarda, dala shiyponlarida tashkil etilardi (xuddi hozir davlatimiz rahbari viloyatlarga tashrifi davomida eng olis tumanlarni tanlagani kabi). Har bir masala viloyatdagi boshqarma va idoralar rahbarlari, mutasaddilar ishtirokida joyida muhokama etilib, muammoga oʻsha yerning oʻzida yechim topilardi.

Viloyat hokimi hech bir joyga shunchaki borib kelmasdi. Biror-bir hududga borgani, odamlar bilan uchrashganidan soʻng, albatta, aholi hayotida nimadir oʻzgarish boʻlar, yoʻlmi, koʻprikmi, maktab yoki sport inshootimi qurilishi boshlanardi. Bergan kimga yoqmaydi, viloyat rahbari odamlar bilan yuzma-yuz muloqot qilib, qanday muammongiz bor, deb tursa, hamma ham oʻz dardini aytadi-da. Tagʻin oʻsha paytda hokimlar ixtiyorida hozirgidek milliard-milliard pul yoʻq, mahalliy byudjetga beriladigan har bir soʻm hisobli edi. Maktab yoki shifoxona, yoʻl va boshqa kommunikatsiya tarmoqlari qurish, taʼmirlash uchun yil dasturlariga takliflar berilar, bu ishlar keyingi yillarda amalga oshardi. Ana shunday sharoitda Shavkat Mirziyoyev viloyatning ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, mablagʻ topishga harakat qilar, odamlarning, quyi tizim rahbarlarining muammolarini eshitib, ularga vaʼda berdimi, bu ishlarni albatta bajarardi. Respublikamizda ilk bor Samarqandda qurilgan, soʻngra mamlakat boʻylab ommalashib ketgan yoshlar markazi ham viloyat hokimining oʻz tashabbusi bilan, mamlakat byudjetidan mablagʻ ajratilmagan holda bunyod etilgan edi.

Bugun ham viloyatimizning har bir shahar va qishlogʻiga borsangiz, odamlar “Prezidentimiz Samarqandga hokim boʻlganlarida qurilgan”, deb koʻrsatadigan bino va inshootlar juda koʻp. Yoki u kishining tashabbusi bilan hal etilgan muammo va masalalarni sanab, minnatdorliklarini aytishadi.

Ayniqsa, Urgut tumanining Kamangaron va Vagʻashti qishloqlari aholisi muhtaram Shavkat Miromonovichning oqilona qarori bilan ikki qoʻshni mahalla oʻrtasidagi azaliy ziddiyatlarga barham berilganini minnatdor boʻlib eslashadi.

Urgutning togʻli va dasht hududi boʻlgan bu qishloqlar uchun suv eng katta muammo hisoblanadi. Bir ariqdan suv ichadigan ikki qishloq odamlari oʻrtasida bu masalada koʻp janjallar kelib chiqib, bu kelishmovchiliklarga mahalliy rahbarlar, huquq-tartibot idoralari ham yechim topa olmagan edi. Yechim deganimiz, katta ish qilish emas, odamlar orasiga kirib, ular bilan dildan gaplashish, ikki tomonni eshitish ham qoʻllaridan kelmagan. Shavkat Miromonovich bundan xabar topgach, shaxsan oʻzi borib, odamlar bilan gaplashishga qaror qildi. Yaxshi eslayman, hokimning yonidagi kishilar uni bormaslikka undab, masalaning yechimi ogʻirligini ham aytgan. Ammo u kishi bu gaplarga eʼtibor qilmay, bir-biri bilan yovlashishga tayyor turgan odamlar orasiga bordi.

“Bizning masalamizni Prezident kelib koʻrsin, bizga suv keltirib bersin”, deb turgan odamlarga qarata “Shu viloyatning hokimi menman, sizning masalangizga ham men masʼulman, agar muammoga yechim topolmasak, keyin yuqoriga murojaat qilamiz”, deb ularni tinchlantirdi. Ikki qishloq vakillarining arzu dodini eshitib, oʻz fikrlarini bayon etdi. Hudud aholisini suv bilan taʼminlash uchun Kamangaron suv ombori quriladigan boʻldi. Shu bilan ikki qishloq ahli oʻrtasidagi azaliy kelishmovchilik barham topdi.

Oʻsha paytlarda ham faxriylarni ijtimoiy himoya qiladigan “Nuroniy” jamgʻarmasi boʻlsa-da, uning faoliyati koʻp sezilmasdi. Jamgʻarma viloyat boʻlimi qaysidir bir tashkilot binosining ikkitagina xonasida turar, tuman, shahar boʻlimlari ham nomigagina ish olib borardi. Ana shunday paytda Shavkat Miromonovich tashabbusi bilan “Nuroniy” va “Mahalla” jamgʻarmalari viloyat boʻlimlari uchun yangi bino qurib berildi. Bu faqat bizga sharoit yaratish uchun emas, viloyat ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy hayotida, har bir jarayonda nuroniylarning, oqsoqollarning oʻz oʻrni boʻlishi kerakligi uchun amalga oshirilgan ish edi. Chunki, viloyat hokimi koʻp masalalarda, ayniqsa, oilalarni mustahkamlash, xalqimiz oʻrtasida maʼnaviy targʻibot ishlarini kuchaytirish, yoshlar taʼlim-tarbiyasida oqsoqollarning fikriga tayanardi, bu borada ular bilan bamaslahat ish tutardi. Oʻshanda viloyatimizdagi faol nuroniylar, oqsoqollar, ziyolilardan iborat bir nechta jamoatchilik guruhlari, maslahat kengashlari tuzilishining boisi ham shunda edi. Bu saʼy-harakatlar oʻz samarasini berganiga guvohmiz.

Shuning uchun ham bugun Prezidentimizning mamlakat miqyosida nuroniylarga koʻrsatayotgan eʼtibori, yoshlarga gʻamxoʻrligi, mahalla, xotin-qizlar qoʻmitalari va boshqa jamoat tashkilotlarining jamiyatdagi, hayotimizdagi oʻrni va rolini oshirishga qaratilgan islohotlarini qoʻllab-quvvatlab, bu ishlar, albatta, oʻz natijasini berishiga ishonamiz. Hozir yurtimiz boʻylab keng ommalashayotgan hayotiy besh muhim tashabbus ham ana shu ezgu ishlar mahsuli deb bilamiz.

OʻzA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?