Yangiyo‘llik 15 nafar o‘qituvchi obodonlashtirish ishlariga jalb etilgan. Nega?

15:26 06 Avgust 2018 Jamiyat
575 0
Illyustrativ foto

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida joylashgan 13-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchilari maktab ma’muriyati tomonidan maktab hududida majburiy mehnatga jalb etilganligi haqida fotolavhalar joylashtirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining “Xalq so‘zi Online”ga ma’lum qilishicha, vazirlikning Inson huquqlarini himoya qilish boshqarmasi tomonidan mazkur holatga aniqlik kiritish uchun joyiga chiqib o‘rganish o‘tkazilganda, o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish holatlari o‘z tasdig‘ini topgan.

Aniqlanishicha, joriy yilning 1 avgust kuni maktab hududini obodonlashtirish ishlariga 15 nafar pedagog-xodimlar jalb etilgan.

Yangiyo‘l tuman adliya bo‘limi xodimlari tomonidan joriy yilning

4 avgust kuni 13-umumiy o‘rta ta’lim maktabida yig‘ilish o‘tkazilib, unda barcha pedagog-xodimlarga Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan majburiy mehnatni oldini olish va unga to‘liq barham berish va uning asoslari haqida tushuntirishlar berib o‘tildi.

Bundan tashqari, 2018 yil 6 avgust kuni Yangiyo‘l tuman Xalq ta’limi bo‘limiga maktab ma’muriyatiga nisbatan intizomiy choralar ko‘rish haqida taqdimnoma kiritildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?