Yangi ziyo maskani

18:22 16 May 2018 Jamiyat
92 0

Norin tumanidagi Xaqqulobod qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejida zamonaviy matbuot va axborot kutubxona markazi foydalanishga topshirildi.

Kollej kutubxonasi mukammal ta’mirdan chiqarilib, kitobxonlarga xizmat ko‘rsatishning ilg‘or texnologiyalari joriy etildi. Xususan, bu yerda sakson ming nusxadan ortiq adabiyotlar jamlandi. Elektron adabiyotlar tizimi orqali foydalanuvchilar zarur yo‘nalishdagi kitobni hech qiynalmasdan topa oladi. Katta yoshdagilar va bolalar uchun mo‘ljallangan ikkita o‘quv zali, vaqtli matbuot nashrlari bo‘limida malakali mutaxassislar xizmati yo‘lga qo‘yildi.

— Yangi ziyo maskanidagi shart-sharoitlarga, biri-biridan bejirim kitoblarga boqib, bugungi o‘g‘il-qizlarga havasim keldi, — deydi muassasaning taqdimot marosimida so‘z olgan mehnat faxriysi To‘lashmirza Rahmonchayev. — Bizlarning yoshlik pallamizda kerakli kitobni topish juda qiyin bo‘lgan, topilganda ham navbat kutib o‘qiganmiz. Demoqchimanki, bugungi zamon imkoniyatlar zamoni bo‘ldi. Bunday sharoitlarning qadriga yetishimiz, mutolaa farzandlarimizning doimiy odatiga aylanmog‘i lozim.

Aytish joizki, kasb-hunar kolleji o‘quvchilaridan tashqari xududdagi aholi barcha qatlamlari ham bemalol foydalana oladigan markaz binosini ta’mirlash va jihozlash ishlarida O‘zbekiston Respublikasi Matbuot va axborot agentligi hamda Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi katta yordam ko‘rsatdi. 

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?