Yangi zamonaviy mehmonxona foydalanishga topshirildi (fotogalereya)

17:39 20 Mart 2019 Welcome to uzbekistan
693 0

Foto: Hakim Yoʻldoshev / “Xalq soʻzi”

“Navroʻz” umumxalq bayrami arafasida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yurtimiz aholisi va chet ellik sayyohlarga qulayliklar yaratish, mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirish maqsadida koʻhna Xiva shahrida zamonaviy mehmonxona qurib foydalanishga topshirildi.

“Xiva Lokomotiv” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli inshoot 74 oʻrinli boʻlib, 41 ta har xil turdagi (2-3 kishilik, VIP) xonalardan iborat. Bino 2 qavatli boʻlib, oʻzida milliy meʼmorchilik anʼanalarini aks ettiradi. Sayyohlarga qulay boʻlishi uchun mazkur bino temir yoʻl vokzali yonida bunyod etilgan. 0,38 gektar maydonda bunyod etilgan inshoot jahon andozalari darajasida jihozlangan. Mehmonxonaga zamonaviy isitish va sovitish tizimlari oʻrnatilgan.

Maʼlumot uchun: “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan koʻhna kentda yana 2 ta mehmonxonalar qurilmoqda. Binolar Ichan va Dishan qalʼa oraligʻida joylashgan boʻlib, 56 hamda 84 oʻrinli. Ushbu inshootlarda sayyohlar uchun barcha shart-sharoitlar jahon standarti boʻyicha joriy etiladi. Xususan, bu yerda yopiq turdagi basseyn va sauna, zamonaviy restoran faoliyat koʻrsatishi rejalashtirilgan. Eng eʼtiborli tomoni shundaki, mazkur mehmonxonalardan Ichan qalʼagacha piyoda yurib borish mumkin, transportga ham hojat yoʻq. Bunyodkorlik ishlari yakunlangandan soʻng bu yerda 85 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Yana bir yangilik, bu yerda temiryoʻlchilar tomonidan “Xiva lokomotiv” istirohat bogʻini barpo etish ishlari ham qizgʻin davom etmoqda. Bogʻning umumiy maydoni 10 gektarni tashkil etadi. Bu yerda 22 turdagi zamonaviy attraksionlar oʻrnatiladi. Hudud koʻkalamzorlashtirilib, 2500 dan ortiq 14 turdagi manzarali daraxt va gullar ekiladi. Shu bilan birga 3 ta musiqali favvora ham bunyod etiladi. Shuningdek, loyiha doirasida 500 kishilik amfiteatr hamda 0,5 gektar koʻl ham quriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?